Binobarin, davlatimiz rahbari belgilab bergan vazifalar yuzasidan sohani korrupsiyadan xoli qilish, davlat xizmatlarini fuqarolar uchun qulay holatga keltirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni keng joriy etish Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi faoliyatining ustuvor yoʻnalishiga aylangan.

Soʻnggi yillarda bu yoʻnalishda erishilgan natijalar, xususan, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida joylangan qator yirik raqamli platformalar, sunʼiy intellekt asosidagi yechimlar va yagona elektron ekotizimning shakllantirilishi sohaning bugungi qiyofasini tubdan oʻzgartirib yubordi.

Oʻtgan yili 30 dekabrda Prezidentimiz Yangi Toshkent hududida joylashgan Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining yangi binosiga tashrif buyurdi. Davlatimiz rahbari tashrif chogʻida vazirlik tarkibidagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish respublika markazi faoliyati va “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi asosida ishga tushirilgan platformalar bilan ham yaqindan tanishdi. Markaz tomonidan tizimning hozirgi imkoniyatlari, sohaga qoʻshgan iqtisodiy va boshqaruv samarasi hamda kelgusi rejalar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot taqdim etildi.

Prezidentimiz sohani raqamlashtirish boʻyicha qilingan ishlarni ijobiy baholab, sunʼiy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish, davlat xizmatlarini bir ­oynada koʻrsatish va qurilishning har bir bosqichida shaffoflikni taʼminlash boʻyicha aniq topshiriqlar bergandi.

Davlatimiz rahbari markaz xodimlari bilan sunʼiy intellekt texnologiyalari va ularning qurilish sohasidagi kelajagi haqida samimiy suhbatlashgandi. Muloqot chogʻida men ham Prezidentimizga oʻzbek tilida ishlovchi, mahalliy meʼyor-­standartlar va sohaviy bilimlar asosida oʻqitilgan milliy ­sunʼiy intellekt yordamchisini yaratish boʻyicha takliflarimni taqdim etdim.

Ushbu yondashuv mohiyati shundan iboratki, qurilish sohasiga oid murakkab huquqiy hujjatlar, texnik meʼyorlar va davlat xizmatlari boʻyicha fuqarolarga toʻgʻridan toʻgʻri oʻzbek tilida javob beradigan yordamchi tizim yaratish hayotiy zaruratga aylangan. Bu nafaqat texnologik yutuq, balki milliy raqamli suverenitet va davlat tilining raqamli muhitdagi mavqeini mustahkamlash yoʻlidir.

Davlatimiz rahbari bu gʻoyani ijobiy qabul qilib, sunʼiy intellekt mamlakatimiz uchun nafaqat samaradorlikni oshirish vositasi, balki yangi Oʻzbekiston tashabbusining markaziy ustunlaridan biri, rivojlangan davlatlar qatoriga qoʻshilishimizning muhim sharti ekanini taʼkid­ladi. Aynan shu yondashuvga koʻra, milliy yechimlar, maʼlumotlar va milliy infratuzilma asosida ishlaydigan sunʼiy intellekt ekotizimini yoʻlga qoʻyish ustuvor vazifamizga aylangan.

Oʻsha suhbatdan boshlangan tashabbuslar bugun aniq amaliy natijalarga aylanmoqda. Markaz tomonidan shaffofai.uz platformasi ishga tushirildi. Bu qurilish sohasida sunʼiy intellekt yechimlari uchun yagona milliy xab vazifasini bajarayotgan ekotizim. Platforma doirasida joriy etilgan “Shaffof ekspert” yordamchi boti qurilish sohasi xodimlari, loyihachilar va fuqarolarga meʼyoriy hujjatlar, davlat xizmatlari hamda soha amaliyotiga oid savollar boʻ­yicha oʻzbek tilida tezkor va aniq javoblar bermoqda. Bot mahalliy infratuzilmada joylashtirilgan, sohaviy maʼlumotlar bazasiga asoslangan va kun sayin yangi savol-javoblar bilan ­bilim ­koʻlamini ­kengaytirib bormoqda. Bu Oʻzbekistonda davlat sohasiga aynan oʻzbek tili va milliy konteksti uchun yaratilgan sunʼiy intellekt yordamchisining ilk ­amaliy namunasi sifatida katta ahamiyat kasb etadi.

Bundan tashqari, qurilish sohasida ­sunʼiy intellekt ilk bor 2025 yilda shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish jarayonida qoʻllandi. Ushbu modul 103 mingdan ortiq loyiha hujjati asosida oʻqitilgan boʻlib, bugun 93 foiz aniqlikda xulosa shakllantirmoqda. Bu qogʻozbozlikni qisqartirish, ekspertiza muddatlarini tezlashtirish va inson omili ishtirokini minimallashtirishda muhim yutuqdir.

Yana bir ustuvor loyiha bino va inshootlar tashqi koʻrinishini oʻzgartirish jarayoniga Computer Vision (kompyuter koʻrishi) texnologiyasini joriy etish. Hozir fasad oʻzgartirish boʻyicha murojaatlarni koʻrib chiqish muddati choʻzilmoqda va ekspertlarning subyektiv baholashiga bogʻliq boʻlib qolmoqda. Yangi tizim fotosurat va loyiha materiallarini sunʼiy intellekt orqali avtomatik tahlil qilib, davlat axborot tizimlari hamda geografik axborot maʼlumotlari bilan oʻzaro bogʻlab, meʼyorlarga muvofiqlikni baholaydi. Natijada koʻrib chiqish muddati keskin qisqaradi, subyektivlik va korrupsiya xavfi yoʻqoladi, shahar arxitektura yaxlitligi esa avtomatik monitoring orqali himoyalanadi.

Mazkur loyihalar zamirida bitta asosiy maqsad yotadi: qurilish sohasini yanada shaffof qilish va korrupsiyaning oldini olish. Inson omili ishtiroki kamaytirilgan, jarayonlar avtomatlashtirilgan va har bir qaror raqamli izga solingan tizimda korrupsiyaga oʻrin qolmaydi. Zotan, sunʼiy intellekt shunchaki yangi texnologiya emas, balki halol va adolatli boshqaruvni taʼminlovchi vosita, fuqaro va davlat oʻrtasidagi ishonchni mustahkamlovchi mexanizmdir.

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish respub­lika markazi xodimlari oldida hali katta vazifalar turibdi. Bugungacha erishilgan natijalar 24 ta ishlayotgan platforma, trillionlab soʻm tejash, onlayn xizmatlar va sunʼiy intellekt asosidagi yangi flagman loyihalar bu yoʻl toʻgʻri tanlanganidan, ishonch bilan amalga oshirilayotganidan dalolat beradi.

Yangi Oʻzbekistonning raqamli qurilish davri endi boshlanmoqda va bu davr shaffof­lik, halollik hamda innovatsiya tamo­yillariga asoslangan davr boʻladi.

Dilmurod RAHMATOV,

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini

rivojlantirish respublika markazi boʻlim boshligʻi