Bu haqda BMT Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining transmilliy tahdidlarni tadqiq va monitoring qilish markazi rahbari Salome Flores ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tashkilot faoliyati giyohvand moddalar bilan bog‘liq tahdidlarni o‘rganishga qaratilgan bo‘lib, Samarqanddagi mazkur forumda ishtirok etish katta ahamiyatga ega.

Salome Flores O‘zbekiston tomonidan ushbu tadbir yuqori darajada tashkil etilganini alohida ta’kidlab, xalqaro hamjamiyat uchun muhim masalalarni muhokama qilish imkoniyati yaratilganini qayd etdi. Forum doirasida turli davlatlar vakillari giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishi qanday o‘zgarayotgani, shuningdek, unga qarshi samarali choralar haqida fikr almashmoqda.

Qayd etilishicha, tadbirda xalqaro tashkilotlar mutaxassislari bilan bir qatorda milliy idora va muassasalar ekspertlari ham ishtirok etmoqda. Bu esa bilim va tajriba almashish, shuningdek, umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish imkonini bermoqda.

Floresning ta’kidlashicha, giyohvandlik bilan bog‘liq tahdidlar milliy emas, balki mintaqaviy xususiyatga ega. Shu sababli, davlatlar o‘rtasidagi muloqot va hamkorlikni kuchaytirish hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Forumda Markaziy Osiyoning beshta davlati hamda boshqa mamlakatlarning yuqori darajadagi rasmiy vakillari ishtirok etmoqda. Shu bilan birga, texnik ekspertlar va sohaviy mutaxassislarning ishtiroki qabul qilinayotgan qarorlarning amaliy ahamiyatini oshirishga xizmat qilayotgani qayd etildi.

Uning fikricha, mazkur forumning eng muhim jihatlaridan biri — siyosiy iroda va amaliy harakatlarga tayyorgarlik namoyon bo‘layotganidir. Bu esa giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashda samarali natijalarga erishish imkonini beradi.