Viloyati hokimligining ma’lum qilishicha, 21 iyun kuni taxminan soat 20:30–20:45 larda tog‘li hududlarda kuzatilgan kuchli yog‘ingarchiliklar natijasida Obizarang daryosida suv sathi keskin ko‘tarilib, sel oqimi yuzaga kelgan.
Tabiiy hodisa oqibatida Sariosiyo tumani «Anorzor» mahallasi hududidan o‘tuvchi Obizarang daryosi ustidagi, M-41 «Bishkek – Dushanbe – Termiz» xalqaro avtomobil yo‘lining 1449-kilometrida joylashgan ko‘prik inshootiga zarar yetgan. Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, ko‘prik konstruksiyalarida shikastlanishlar aniqlangani sababli xavfsizlik nuqtai nazaridan mazkur yo‘nalishda transport harakati vaqtincha to‘xtatildi.
1977 yilda qurilgan ushbu ko‘prikning uzunligi 54,7 metrni tashkil etadi. U Tojikiston bilan bog‘lovchi muhim transport yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, undan bir soatda o‘rtacha 600–800 ta avtotransport vositasi harakatlanadi.
Mutaxassislarning dastlabki baholashlariga ko‘ra, ko‘prikka yetgan asosiy zarar kuchli yog‘ingarchilik oqibatida daryoda suv sathi va oqim tezligining keskin oshishi, natijada tayanchlarga yuqori bosim tushishi bilan bog‘liq.
Fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida transport harakati vaqtincha Uzun tumani hududidagi «Do‘stlik», «Yangi yo‘l» va «Qarashiq» mahallalari orqali o‘tuvchi aylalma yo‘nalish bo‘yicha tashkil etilgan.
Ayni paytda Surxondaryo viloyati va tuman rahbariyati, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi viloyat boshqarmasi mas’ullari hamda tegishli tashkilotlar va soha mutaxassislaridan iborat ishchi guruh hodisa joyida ish olib bormoqda.
Hozirda ko‘prikning texnik holati batafsil o‘rganilmoqda, yetkazilgan zarar ko‘lami baholanib, transport qatnovini qayta tiklash bo‘yicha zarur muhandislik chora-tadbirlari ishlab chiqilmoqda.
Mutasaddilarning ma’lum qilishicha, vaziyat to‘liq nazorat ostida bo‘lib, qo‘shimcha ma’lumotlar rasmiy tartibda e’lon qilib boriladi.