Bu haqida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi maʼlum qildi.
Tartibga koʻra, SAT'dan 1200 va undan yuqori ball toʻplagan abituriyentlar uchun qoʻshimcha davlat granti oʻrinlari kunduzgi taʼlim shaklidagi, fanlar majmuasi «matematika» va «chet tili» boʻlgan bakalavriat yoʻnalishlari qabul parametrining 50 foizi miqdorida ajratiladi.
Qarorga muvofiq:
- qabul parametrining 50 foizi butun son boʻlmagan taqdirda, qoʻshimcha grant oʻrinlari yuqori tomonga yaxlitlanadi;
- imtiyozdan roʻyxatdan oʻtishda «matematika» va «chet tili» fanlarini tanlagan hamda 2026 yil 25 iyunga qadar (shu kuni ham) DI-kod orqali SAT sertifikati Bilim va malakalarni baholash agentligiga kelib tushgan abituriyentlar foydalanishi mumkin;
- qoʻshimcha davlat granti uchun saralashda asosiy mezon SAT sertifikatidagi ball hisoblanadi;
- abituriyentlar tanlagan beshtagacha oliy taʼlim muassasasi va taʼlim yoʻnalishiga SAT ballari qatʼiy ketma-ketligi asosida tavsiya etiladi;
- agar qoʻshimcha grantning oxirgi oʻrnidagi abituriyent bilan keyingi abituriyent(lar)ning SAT balli teng boʻlsa, ular ham talabalikka tavsiya etiladi;
- SAT sertifikatiga ega abituriyentlar imtiyozdan foydalanish yoki umumiy tartibda test natijalari asosida tanlovda ishtirok etishni mustaqil tanlashi mumkin;
- SAT orqali tanlangan beshta yoʻnalishning birortasiga ham tavsiya etilmagan abituriyentlar uchun boʻsh qolgan qoʻshimcha grant oʻrinlariga qabul natijalari eʼlon qilinganidan soʻng bir hafta oʻtib, yana bir hafta davomida qayta roʻyxatdan oʻtish imkoniyati yaratiladi;
- Bilim va malakalarni baholash agentligining qaydnomalari mazkur abituriyentlarni talabalikka qabul qilish boʻyicha tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish uchun asos boʻladi.