Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat IIBB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida guruh aʼzolari Yangixayot tumanidagi xususiy maktab binosida “bunker” tashkil etgani aniqlangan.
Maʼlum qilinishicha, guruh aʼzolarining aksariyati Yevropadagi nufuzli universitetning Toshkent shahridagi filiali talabalari, yana bir nafari esa Osiyoning yetakchi davlatlaridan biridagi oliy taʼlim muassasasining poytaxtdagi filiali talabasi boʻlgan.
Guruhda IT sohasiga ixtisoslashgan MCHJ mutaxassisi ham ishtirok etgan. U test tizimiga yashirincha kirish imkoniyatini yaratib, talabgorlar oʻrniga test savollarini masofadan turib yechish imkonini bergan.
Guruh aʼzolari esa talabgorlar oʻrniga matematika va ingliz tili boʻyicha SAT imtihoni savollarini masofadan turib ishlagan.
Tezkor tadbir davomida guruh aʼzolaridan biri xalqaro SAT sertifikatini olmoqchi boʻlgan 5 nafar fuqaroning har biridan 1,5 ming AQSH dollaridan talab qilgani aniqlangan. U hatto ulardan birining pul mablagʻini kriptohamyon orqali olishga ulgurgan.
Holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.