Maʼlum qilinishicha, ushbu chora Prezident topshirigʻi asosida amalga oshirilgan. Masʼullarga 1 sentyabrga qadar oqova suvlarni qabul qilish inshootida zamonaviy filtrlash qurilmalarini oʻrnatish va noxush hid muammosini bartaraf etish vazifasi yuklatilgan edi.

Toshkent shahar hokimligi maʼlumotiga koʻra, «Salar» oqova suv inshootlari poytaxtning 7 ta tumanidan keladigan oqova suvlarni qabul qilib, tozalaydi. Inshootning sutkalik quvvati 900 ming kub metrni tashkil etadi.

Noxush hidni kamaytirish uchun qiymati 9,5 milliard soʻmlik zamonaviy filtrlash uskunasi oʻrnatildi. Oqova suv havzalari germetik yopilib, ulardan chiqadigan noxush hidli havo maxsus tizim orqali tortib olinadi, tozalanadi va zararsizlantiriladi.

«Toshkent shahar suv taʼminoti» AJ bosh texnologi Dononboy Qozibekovning aytishicha, havoni tozalash uskunasi Rossiya tomoni bilan oʻtkazilgan muzokaralardan soʻng yetkazib berilgan.

Qurilmada havo ventilyatorlar yordamida soʻrib olinib, 11,5 tonna maxsus material — katalitik sorbent orqali oʻtkaziladi. Ultrabinafsha nurlar taʼsirida ozonlash hamda ifloslantiruvchi moddalarni oksidlash jarayoni amalga oshiriladi.

Shundan soʻng havo 2,5 tonna faollashtirilgan koʻmir orqali qoʻshimcha tozalanadi.

Qayd etilishicha, tozalashdan keyin havodagi vodorod sulfid va ammiak konsentratsiyasi nolga tushirilgan.

Uskuna 15 kundan ortiq vaqtdan beri ishlab kelmoqda. Shu vaqt davomida inshootlar atrofidagi noxush hid bartaraf etilgani, buni yaqin hududlarda yashovchi aholi ham tasdiqlagani maʼlum qilindi.