Nizomga ko‘ra, bemor bolalarning ota-onalari yashash joylaridagi tuman (shahar) tibbiyot birlashmasiga bolalarni uy sharoitida davolash to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qiladi.

Arizaga yakuniy tashxis qo‘yilgan tibbiy xulosa, bemor bolalarga tavsiya etilgan zarur tibbiy jihozlar ro‘yxati ilova qilinadi.

Ariza hududiy ishchi guruh tomonidan 10 kun ichida ko‘rib chiqiladi.

Hududiy ishchi guruh keyingi yil uchun zarur tibbiy jihozlarga bo‘lgan ehtiyojni har yil 1 iyungacha respublika ishchi guruhiga elektron shaklda taqdim etadi. 

Respublika ishchi guruhi zarur tibbiy jihozlar ro‘yxatini umumlashtirib, 15 iyungacha Sog‘liqni saqlash vazirligiga taqdim etadi. 

Vazirlik kelgusi yilning 1 iyunigacha uy sharoitida davolanish uchun zarur tibbiy jihozlarni qonunchilikka muvofiq xarid qilish choralarini  ko‘radi.

Tibbiy jihozlar har yili 1 iyulgacha respublika ishchi guruhi tomonidan taqsimot asosida hududlarga tarqatiladi.

Jihozlar hududiy ishchi guruh tomonidan yetkazib beruvchi tashkilotdan qabul qilib olingandan keyin 10 kun ichida tegishli tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari vakili ishtirokida muhtoj bemor bolaning ota-onasi yoki qonuniy vakiliga shartnoma asosida topshiriladi.