Bu haqida “Dunyo” AA xabar bermoqda.
Maʼlum qilinishicha, mazkur jamoa nafaqat
Shvetsiya hududida, balki butun Yevropa miqyosida tashkil etilgan ilk oʻzbek
futbol klublaridan biri sifatida tarixga kirdi.
Jamoa tashabbuskorlaridan biri, Shvetsiyada
istiqomat qilayotgan vatandoshimiz Umid Toʻgayevning taʼkidlashicha, bu gʻoya
Jahon chempionatiga chiqqan Oʻzbekiston milliy terma jamoasining tarixiy
yoʻllanmasi ortidan paydo boʻlgan.
“Oʻzbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor
jahon chempionatiga chiqqanidan juda faxrlandik. Bu yutuq nafaqat sport, balki
milliy gʻurur manbai hamdir. Shu bilan birga, mamlakatimizni xorijda sport
orqali targʻib qilish qanchalik muhim ekanini yanada teran angladik. Taklif va
tashabbuslarimiz elchixona tomonidan qoʻllab-quvvatlandi”, - deydi u.
2026 yil aprel oyida “Nordic Uzbek” futbol
klubi rasmiy roʻyxatdan oʻtkazilib, Shvetsiya milliy futbol tizimining
dastlabki bosqichi – sakkizinchi divizionida ishtirok etish huquqini qoʻlga
kiritdi. Bu Yevropada faoliyat yurituvchi yangi oʻzbek jamoasi uchun katta
sport yoʻlining boshlanishi sifatida baholanmoqda.
Klub yetakchilaridan biri Habibulla
Xoʻjayevning taʼkidlashicha, jamoa oʻzining ilk rasmiy uchrashuvini 3 may kuni
oʻtkazadi.
“Biz uchun har bir oʻyin – bu katta tajriba va
imkoniyat. Asosiy maqsadimiz, bosqichma-bosqich rivojlanib, kelajakda
Stokholmning eng kuchli jamoalari qatoriga kirishdir”, deydi u.
Tashabbuskorlar fikricha, “Nordic Uzbek”
nafaqat sport jamoasi, balki xorijdagi oʻzbek diasporasini birlashtiruvchi
muhim ijtimoiy platformaga aylanishi kutilmoqda. Loyiha orqali milliy
hamjihatlikni mustahkamlash, yoshlarni sportga jalb etish hamda Oʻzbekistonning
xalqaro imijini oshirish maqsad qilingan.