Hujjatga ko‘ra, ta’lim muassasalarida biometrik kirish tizimlari, videokuzatuv kameralari, “tashvish” tugmalari va boshqa zamonaviy xavfsizlik vositalari bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 31-iyuldagi 425-sonli “Davlat ta’lim muassasalari, nodavlat ta’lim tashkilotlari va xorijiy davlatlar ta’lim tashkilotlari filiallarining xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, davlat ta’lim muassasalari, nodavlat ta’lim tashkilotlari hamda xorijiy davlatlar ta’lim tashkilotlari filiallarida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:

– ta’lim muassasalari xavfsizlik darajasiga qarab toifalarga ajratilib, har bir toifa uchun qo‘riqlash talablari belgilanadi;

– davlat ta’lim muassasalarida internet tarmog‘iga ta’sir qilmaydigan maxsus aloqa kanali tashkil etiladi;

– qo‘riqlash signalizatsiyalari va “tashvish” tugmalari bosqichma-bosqich o‘rnatilib, IIV Qo‘riqlash departamentining monitoring tizimiga ulanadi;

– asosiy kirish joylariga biometrik kirish-chiqishni nazorat qilish tizimlari o‘rnatiladi, ma’lumotlar kamida 3 oy saqlanadi;

– videokuzatuv tizimi bino atrofi, kirish joylari, oshxona, “tashvish” tugmalari o‘rnatilgan hududlar va qavat yo‘laklarini qamrab oladi, videoyozuvlar kamida 1 oy saqlanadi;

– serqatnov yo‘llar yaqinidagi ta’lim tashkilotlari atrofida piyodalar uchun “yashil yo‘laklar” tashkil etilib, transport harakati cheklanadi;

– qo‘riqlash xodimlari maxsus o‘quv markazlarida tayyorlanadi va ularning malakasi muntazam oshirib boriladi.

Mazkur qaror bilan nazarda tutilgan chora-tadbirlar 2026–2027-yillar davomida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.