Bu jarayon bugun Oʻzbekistonda kechayotgan islohotlarning asosiy va ustuvor yoʻnalishiga aylangan. Jumladan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Toshkentda birinchi marta tashkil etilgan forumda investorlar oʻzlarining qator gʻoyalari bilan ishtirok etgandi. Vaqt oʻtib, oʻsha gʻoya kelishuvga, kelishuv loyihalarga aylandi. Shu maʼnoda, anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi mamlakatimiz iqtisodiyotiga munosib hissa qoʻshmoqda. Mazkur yirik anjuman nafaqat raqamlar va shartnomalar maydoni, balki ishonchning yildan yilga mustahkamlanib borayotgan dalilidir. Ishonchga esa bir ­kunda erishib boʻlmaydi. U yillar davomida asta-sekin shakllanadi.

2016-yilgacha mamlakatimiz iqtisodiyoti yopiq edi. Valyuta konvertatsiyasi cheklangan, xususiy tadbirkorlikka maʼmuriy bosim kuchli, davlat monopoliya­lari iqtisodiyotning asosiy tomirlarini ushlab turardi. Bunday sharoitda xorijiy investor uchun Oʻzbekiston xaritada mavjud, lekin amalda yetib boʻlmas bir joy edi. Ishonch muhitini yaratish, avvalo, ana shu ogʻir davrni tan olishdan va u bilan ochiqchasiga hisoblashishdan boshlandi.

Eng birinchi va eng chuqur toʻsiq ins­titutsional ishonchsizlik edi. Investor uchun qonunning qogʻozda yozilishi yetarli emas. U amalda qanday ishlashini koʻrishi kerak. Tajribali sarmoyador soʻz bilan emas, natija bilan hisoblashadi.

Forum xronikasi

2022-yilda ilk marotaba tashkil etilgan forum, taʼbir joiz boʻlsa, ochiq eʼlon bosqichi boʻldi. Yaʼni u “Oʻzbekiston hamkorlikka tayyor”, degan ochiq bayonot edi. Forum doirasida imzolangan kelishuvlar qiymati 15 milliard dollardan oshdi. Energetika, kimyo sanoati, transport infratuzilmasi — uch yoʻnalishda bir vaqtda harakat boshlandi. Dastlabki muvaffaqiyatli loyihalar ke­yingi investorlar uchun yoʻl ochib berdi.

Bir yil keyin boʻlib oʻtgan navbatdagi forumda koʻproq “yashil” energetika va amaliyot uygʻunligi namoyon boʻldi. Mus­tahkam ishonch samarasi yaqqol koʻrina bosh­ladi. “Yashil” energetika yoʻnalishida qator yirik shartnomalar imzolandi. Masalan, “Total Energiyes” va boshqa yirik xalqaro kompaniyalar bilan quyosh hamda shamol elektr stansiyalari qurish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Uchinchi forum huquqiy himoya va kapital bozorini koʻrsatib berdi. Investorlar himoyasi mexanizmlari institutlashtirildi, arbitraj tartiblari xalqaro standartlarga yaqinlashtirildi. Xalqaro bozorlarda milliy valyutadagi korporativ yevroobligatsiyalar aylanmaga kiritildi.

2025-yilda esa 13 ta strategik korxona aktiviga ega Milliy investitsiya jamgʻarmasining 30 foiz aksiyalari Toshkent va London fond birjasiga chiqarildi. Bu London birjasining soʻnggi besh yildagi eng yirik IPOsiga aylandi. Shu yili mamlakatimizga jalb qilingan yillik inves­titsiya hajmi 43 milliard dollarga yetdi.

Joriy yilda yangi marralar belgilandi. Besh yillik yoʻlning yakuni va yangi bosqich boshlanishi boʻldi.

Madaniy oʻzgarish va siyosiy iroda

Koʻp yillar davomida shakllangan “yoʻq deyish oson, ha deyish xavfli” degan byurokratik mentalitetini bir kunda oʻzgartirish qiyin. Shu maʼnoda, maʼmuriy islohotlar, raqamli davlat xizmatlari ichki ishonch madaniyatini qayta qurish yoʻlidagi zaruriy qadamlardir.

Ishonch muhitini yaratishda shaxsiy siyosiy iroda alohida oʻrin tutadi. Prezidentimizning investorlar bilan bevosita, ochiq muloqoti, Xorijiy investorlar kengashining doimiy faoliyati va yirik xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik tizimli islohotlar samarasi boʻldi. Xalqaro reytinglardagi oʻsish, “Iqtisodiy erkinlik indeksi”da 14 pogʻona yuqorilash buni tashqi tomondan tasdiqladi.

Mamlakatimiz yetakchisining beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi nutqi yurtimizning global sarmoya xaritasida mustahkam oʻrin egallashga qaratilgan strategik eʼlon boʻldi.

Raqamlar ortidagi manzara

Prezidentimiz keltirgan raqamlar oʻziga xos salmoqqa ega. Toʻrt yil avval, yaʼni birinchi forumda 2026-yil oxiriga kelib, YAIMni 100 milliard dollarga yetkazish maqsad qilib belgilangan edi. Bugun esa kutilayotgan koʻrsatkich 180 mil­liard dollardan oshmoqda. Bu shunchaki oʻsish emas, rejalashtirish va ijro oʻrtasidagi tafovutning ijobiy tomonga keskin oʻzgarishi samarasidir. 7,7 foizli yillik oʻsish surʼati va 70 milliard dollardan ortiq xalqaro zaxiralar ham yurtimiz makroiqtisodiy barqarorlikka erishayotganini koʻrsatadi.

Nutqdagi eng eʼtiborli yangiliklardan biri Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish tashabbusi boʻldi. U maxsus huquqiy rejimga ega boʻlgan yangi institutsional platforma sifatida faoliyat yuritadi.

Markaz ishtirokchilari uchun soliq va bojxona imtiyozlari, kapitalning erkin harakati kafolatlari hamda istalgan ­valyutada hisob-kitob qilish imkoniyati beriladi. Markaz infratuzilmasini shakl­lantirish doirasida mustaqil moliya­viy regulyator tashkil etiladi, raqamli aktivlar, “yashil” moliya uchun zamonaviy tizim yaratiladi.

Bu model Dubay (DIFC) va Nursulton (AIFC) tajribalariga oʻxshash. Ushbu modellar samaradorligi esa, asosan, uch omilga bogʻliq. Regulyatorning chinakam mustaqilligi, xalqaro sudyalar va ekspertlarning real vakolat doirasi hamda mamlakatdagi umumiy huquqiy muhit bilan “parallel tizim” oʻrtasidagi uygʻunlik. Agar bu omillar oʻz vaqtida va samarali yechilsa, markaz mintaqada haqiqiy moliyaviy xabga aylanadi.

Olti ustuvor yoʻnalish

Prezidentimiz eʼlon qilgan olti yoʻnalishda eʼtiborga loyiq strategik izchillik bor. Yuqori qoʻshilgan qiymat zanjirlariga eʼtibor — xomashyoni qayta ishlashdan tortib, tayyor mahsulotgacha boʻlgan butun zanjirni yurtda shakllantirish niyati toʻgʻri yoʻnalish. 130 turdagi yangi mahsulot va 2,5 baravar yuqori texnologiyali ishlab chiqarish raqobatbardosh sanoatni qurish yoʻlidagi asosiy qadam.

“Yashil” energetika va sunʼiy intellekt kombinatsiyasi global tendensiyalar bilan uygʻun. Qoraqalpogʻistondagi maxsus zonada 2040-yilgacha soliqlardan ozodlik va boshqa yengilliklar jozibador shart-sharoit.

Transport-logistika integratsiyasi Transafgʻon koridori, oʻrta koridor va “Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston” temir yoʻli bir-birini toʻldiruvchi lo­yihalar sifatida taqdim etilishi mintaqaviy iqtisodiy integratsiyaning strategik qiymatini oshiradi.

Kichik va oʻrta biznes ekotizimi

Mahalliy tadbirkorlik muhiti qanchalik raqobatbardosh va iqtisodiyot “ildizi” — kichik va oʻrta biznes sektori qanchalik sogʻlom boʻlsa, yirik investitsiyalar ham shunchalik samarali “ildiz otadi”.

Prezidentimizning beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi nutqi iqtisodiy modernizatsiyaning aniq manzarasini, oʻylangan institutsional arxitekturasini va amaliy takliflarini bir butun holda taqdim etgan strategik hujjatdir. Dunyo iqtisodiyotidagi geosiyosiy beqarorlik va savdo nizolari kuchayib borayotgan bir davrda Oʻzbekistonning “ochiq eshik” siyosatini saqlashi oʻz-oʻzicha muhim ustunlik. 100 dan ortiq davlatdan 4 ming­ga yaqin mehmon ishtirok etishi uning xalqaro miqyosdagi eʼtirofidan dalolat beradi.

Bahodirjon ShERMUHAMMADOV,

Fargʻona davlat universiteti rektori