DXX va Bojxona organlari xodimlari hamkorligida Toshkent xalqaro aeroportida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Bangkok – Toshkent” yo‘nalishida uchib kelgan fuqaroning yuklari tegishli tartibda rentgen apparati orqali tekshiruvdan o‘tkazildi.

Natijada yuklar orasida shubhali oziq-ovqat mahsulotlari borligi aniqlanib, ular ochib ko‘rildi. 

Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanida yashovchi, 2002 y.t., muqaddam sudlangan mazkur shaxs turli oziq-ovqat mahsulotlari niqobi ostida 978 gr kannabis moyi va tarkibida psixofaol modda bo‘lgan taxminiy og‘irligi 500 gr. ni tashkil etuvchi qo‘ziqorinlarni kelgusida sotish maqsadida olib kelgan. 

Boshqa holatda esa Toshkent tumani hududida harakatlanayotgan “Damas” rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Farg‘ona viloyatining Oltiariq hamda Uchko‘prik tumanlarida yashovchi, 1987 va 1989 yillarda tug‘ilgan 2 nafar shaxsga tegishli polietilen paketlarda tarkibida “Sibutramin” kuchli ta’sir qiluvchi moddasi bo‘lgan 12 992 dona kofe mahsulotlari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Aniqlanishicha, ular qo‘shni respublikadan olib kelingan ushbu mahsulotlarni kelgusida Farg‘ona viloyatida sotmoqchi bo‘lishgan.

Hozirda har ikki holat bo‘yicha qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.