Toshkent xalqaro aeroportida “Bangkok – Toshkent” yoʻnalishida uchib kelgan fuqaroning yuklari rentgen apparati orqali tekshirilganda, shubhali oziq-ovqat mahsulotlari borligi aniqlangan.
Tekshiruv davomida Toshkent viloyatining Oʻrtachirchiq tumanida yashovchi, 2002-yilda tugʻilgan, muqaddam sudlangan shaxs turli oziq-ovqat mahsulotlari niqobi ostida 978 gramm kannabis moyi hamda tarkibida psixofaol modda boʻlgan, taxminiy ogʻirligi 500 grammni tashkil etuvchi qoʻziqorinlarni olib kelgani maʼlum boʻlgan. Ushbu mahsulotlarni keyinchalik sotish maqsadida olib kirgani aniqlangan.
Boshqa holatda Toshkent tumani hududida harakatlanayotgan “Damas” avtomashinasi toʻxtatilib, xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilgan. Avtomashinada yoʻlovchi sifatida ketayotgan Fargʻona viloyatining Oltiariq va Uchkoʻprik tumanlarida yashovchi, 1987 va 1989-yillarda tugʻilgan ikki shaxsga tegishli paketlardan tarkibida “Sibutramin” kuchli taʼsir qiluvchi moddasi boʻlgan 12 992 dona kofe mahsuloti aniqlangan.
Maʼlum boʻlishicha, ular qoʻshni respublikadan olib kelingan mazkur mahsulotlarni Fargʻona viloyatida sotishni rejalashtirgan.
Har ikki holat boʻyicha jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.