Uzoq yillar davomida oddiy fuqaro uchun yopiq, tushunarsiz va faqat tor doiradagi amaldorlar tomonidan hal etiladigan davlat budjeti bugun har bir mahallada muhokama qilinadigan, har bir xonadonga kirib borgan hayotiy masalaga aylandi. Buning ortida esa birgina tushuncha — Tashabbusli budjet (Open Budget) mexanizmi turibdi.

Ushbu amaliyot oddiygina loyiha emas, balki fuqaro bilan davlat o‘rtasidagi ishonchni tiklayotgan, jamoatchilik nazoratini qog‘ozdan amaliyotga ko‘chirgan huquqiy va iqtisodiy islohotdir.

Tashabbusli budjetning hayotga tatbiq etilishi tasodifiy jarayon emas. Uning ortida mustahkam normativ-huquqiy baza hamda davlatning siyosiy irodasi yotadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 36-moddasida fuqarolarning davlat va jamiyat ishlarini boshqarishdagi ishtiroki hamda jamoatchilik nazoratining o‘rni ustuvor norma sifatida muhrlangan. Ushbu konstitutsiyaviy tamoyilning amaliy ko‘rinishini Budjet kodeksida va Prezidentning 2021-yil 13-apreldagi PQ-5072-sonli qarorida ko‘rishimiz mumkin. Tegishli qarorlar va Oliy Majlis Senati Kengashining nizomlari bilan tuman va shahar budjetlari qo‘shimcha mablag‘larining kamida 30 foizi aynan aholining bevosita takliflari va ovozlari asosida yo‘naltirilishi belgilab qo‘yildi.

Bu nima degani? Bu — soliq to‘lovchi sifatida har bir fuqaro o‘z mablag‘i qayerga, qaysi yo‘lga yoki qaysi maktab ta’miriga sarflanishini o‘zi hal qilish huquqiga ega bo‘ldi deganidir.

Ilmiy yondashuv: “Porto-Alegri effekti” O‘zbekistonda

Iqtisodiyot va sotsiologiya fanlarida bu jarayon "Ishtirokli budjetlashtirish" (Participatory Budgeting) deb ataladi. Dastlab 1989-yilda Braziliyaning Porto-Alegri shahrida o‘tkazilgan ushbu tajriba bugun jahonning rivojlangan mamlakatlari tajribasida standartga aylangan.

Ilmiy tahlillar shuni ko‘rsatadiki, markazlashtirilgan rejalashtirishda yuqoridagilar ko‘pincha mahalliy hududdagi eng og‘riqli nuqtani payqamaydi. Amaldor uchun asfalt yotqizish muhimroq tuyulishi mumkin, lekin tuman markazidan chetdagi mahalla uchun ichimlik suvi yoki maktab yo‘lakchasini yoritish birlamchi ehtiyoj hisoblanadi. Tashabbusli budjet resurslarni davlat amaldorining subyektiv qarori bilan emas, balki haqiqiy ijtimoiy ehtiyojga ko‘ra taqsimlash imkonini bermoqda.

Eng muhimi, loyihalarning raqamlashtirilgan portal orqali o‘tkazilishi davlat xaridlari va pul taqsimotidagi yashirin korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytiradi.

Ushbu amaliyotning eng katta yutug‘i — pul ajratilganida emas, balki jamiyatning dunyoqarashi o‘zgarayotganidadir. Tashabbusli budjet har bir mahalla va fuqaroda daxldorlik tuyg‘usini uyg‘otdi.

Ovoz yig‘ish bosqichida bir-birini tanimaydigan qo‘shnilar, yoshlar va nuroniylar bir maqsadda birikmoqda. Bu ijtimoiy jipslashuvning eng oliy namunasidir. Dasturda g‘olib bo‘lingach esa jarayon tugamaydi — aksincha, nazorat bosqichi boshlanadi.

Ilgari pudratchi tashkilot yo‘lni sifatsiz bissa ham, hech kim aralashmas edi. Bugun esa "bu mening ovozim va mening solig‘im evaziga qurilmoqda" degan qarash shakllandi. Sifatsiz bajarilgan ishni mahalla ahli va faollari qabul qilib olmayapti. Bu — jamoatchilik nazoratining haqiqiy kuchi.

Islohot kelajagi: Nimaga e’tibor qaratish lozim?

Tizim yangi va jadal rivojlanayotgani bois, uni yanada takomillashtirish masalalari ham kun tartibida turibdi:

  1. Ovoz berishdagi adolat va shaffoflik: Sun’iy ovoz yig‘ish (botlar va turli tijoriy usullar) holatlariga chek qo‘yish uchun shaxsni aniqlash tizimlarini (OneID) yanada kuchaytirish zarur.
  2. Kichik mahallalar tengligi: Aholi soni kam bo‘lgan va chekka qishloqlardagi mahallalar katta hududlar bilan raqobatda yutqazib qo‘ymasligi uchun maxsus adolatli koeffitsiyentlar mexanizmini joriy etish lozim.
  3. Huquqiy va moliyaviy madaniyat: Aholining smetalar, loyihalash va ajratilayotgan mablag‘lar smetasini to‘g‘ri tushunishi uchun ularning moliyaviy savodxonligini oshirib borish maqsadga muvofiq.

Tashabbusli budjet — oddiy loyiha emas, u O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutining real ishlayotganini ko‘rsatuvchi muhim amaliyotdir. Aholining mahalliy budjet taqsimotidagi ishtiroki va jamoatchilik nazorati kuchaysa, davlat idoralari faoliyati shaffoflashadi, ijrochilarning mas’uliyati oshadi va eng muhimi — jamiyatda adolat tuyg‘usi qaror topadi.

 

Mamadaliyev Boburjon,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Ma’muriy va moliya huquqi shu’basi o‘qituvchisi