Maʼlum qilinishicha, “Tashqi yozuvlarni tartibga solish toʻgʻrisida”gi nizomni tasdiqlashni nazarda tutuvchi mazkur hujjat tashqi axborot vositalarini tizimli tartibga solish, ularni oʻrnatish va foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan.

Qayd etilishicha, amalda turli kelishmovchiliklarga sabab boʻlayotgan ayrim tushunchalarga aniqlik kiritilmoqda. Xususan, “tashqi axborot vositasi”, “tashqi yozuv”, “axborot koʻrsatkichi”, “peshlavha”, “eʼlon” va “maʼlumotlar taxtasi” kabi atamalarga rasmiy taʼrif berilishi koʻzda tutilgan.

Loyihaga koʻra, tashqi axborot vositalari va tashqi yozuvlar tijorat maqsadini koʻzlamagan, reklama xususiyatiga ega boʻlmagan axborot vositalari hisoblanadi. Shu bois ularga reklama yoki tijoriy mazmundagi tasvirlarni joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Shuningdek, savdo, umumiy ovqatlanish va maishiy xizmat koʻrsatish obyektlaridagi peshlavhalar — masalan, “dorixona”, “sartaroshxona”, “supermarket” yoki “milliy taomlar” kabi yozuvlar tashqi reklama obyekti hisoblanmasligi belgilanmoqda.

Yaʼni, tadbirkor oʻz binosi tashqi qismida faoliyat turi yoki tashkilot nomi haqida maʼlumot joylashtirsa, bu reklama sifatida baholanmaydi va reklama pasportini rasmiylashtirish yoki toʻlov amalga oshirish talab qilinmaydi.

Hujjatda reklama tushunchasiga ham aniqlik kiritilgan. Unga koʻra, mahsulot yoki xizmatga qiziqish uygʻotish, uni bozorda ilgari surish va foyda olish maqsadida tarqatiladigan maxsus axborot reklama hisoblanadi.

Taʼkidlanishicha, xususiy binolarda tashqi reklama konstruksiyalarini joylashtirish huquqini beruvchi reklama joyi pasporti mahalliy hokimliklar tomonidan, Toshkent shahrida esa hokimlik huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti orqali rasmiylashtiriladi.

Raqobat qoʻmitasi esa reklama kontentining qonunchilik talablariga muvofiqligi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi.

Qoʻmita tadbirkorlar, kompaniyalar, fuqarolik jamiyati institutlari va keng jamoatchilikni mazkur loyiha muhokamasida faol ishtirok etishga chaqirdi.

Maʼlumot uchun, loyiha muhokamasi 25-aprel kuni boshlangan boʻlib, 10-mayga qadar davom etadi.