Bojxona organlari huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni davom ettirmoqda.
Jumladan, Bojxona qoʻmitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari Davlat xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda Toshkent shahrining Yunusobod tumanida tezkor-qidiruv tadbiri oʻtkazdi.
Tadbir davomida 47 yoshli fuqaroning xonadoni belgilangan tartibda koʻzdan kechirilganda, yertoʻlada qonunga xilof ravishda saqlanayotgan 84 qutidagi jami 1176 dona “Regapen” dori vositasi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyildi.
Bojxona qoʻmitasining Markaziy bojxona laboratoriyasi tomonidan oʻtkazilgan sud-kimyoviy ekspertiza xulosasiga koʻra, mazkur dori vositalari tarkibida jami 352,5 gramm “pregabalin” kuchli taʼsir qiluvchi moddasi mavjudligi tasdiqlandi.
Amaldagi tartibga koʻra, mazkur moddaning 10 grammdan yuqori miqdori koʻp miqdor hisoblanadi va javobgarlikka sabab boʻladi.
Buxoroda 204 dona “Gabaten”ni 1600 dollarga sotishga urinish fosh etildi
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi tezkor tuzilmalari tomonidan Gʻijduvon tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi “gabapentin” moddasi boʻlgan 204 dona “Gabaten” dori vositasini 1600 AQSH dollariga sotishga uringan shaxs ham qoʻlga olindi.
Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.