Bu haqida Eronning Tasnim axborot agentligi ma’lumotlariga tayanib "Dunyo" AA xabar qildi.
Eron ichki ishlar vaziri o‘rinbosari va motam tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha shtab rahbari Ali Akbar Purjamshidiyoning ma’lum qilishicha, 30 dan ortiq davlat va 90 dan ziyod mamlakatning diniy peshvolari hamda rasmiy delegatsiyalari vidolashuv marosimlarida ishtirok etishga tayyorligini bildirgan. Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Ismoil Bo‘g‘oiy ham tadbirlarda mintaqa davlatlari va boshqa mamlakatlar rasmiylari qatnashishini tasdiqlagan.
Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligidagi manbaga ko‘ra, 3 iyul kuni Oʻzbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov boshchiligidagi delegatsiya Eronga tashrif buyurib, motam marosimlarida ishtirok etadi.
Rasmiy dasturga muvofiq, motam tadbirlari 4 iyul kuni Tehrondagi «Mosalla» majmuasida boshlanadi. Shu kuni majmua ommaviy vidolashuv uchun ochiladi. 5 iyul kuni janoza namozi o‘qiladi va poytaxtda ommaviy motam yurishi tashkil etiladi. Keyingi tadbirlar Qum va Mashhad shaharlarida, shuningdek, Iroqning Najaf va Karbalo shaharlarida ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Dafn marosimi 9 iyul kuni Mashhad shahrida bo‘lib o‘tadi.
Eron rasmiylariga ko‘ra, motam tadbirlarini muvofiqlashtirish uchun mamlakat ichida va xorijda yagona milliy shtab tashkil etilgan. Iroq tomoni ham tadbirlarni o‘tkazish hamda jasadni qabul qilish bo‘yicha alohida muvofiqlashtiruv markazini ishga tushirgan. Millionlab odamlar marosimlarda ishtirok etishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Oyatulloh Ali Xomaniy 2026 yil 28 fevral kuni AQSH va Isroilning Eronga bergan havo zarbalari vaqtida halok bo‘lgan. Dastlab rejalashtirilgan dafn marosimlari mintaqadagi harbiy vaziyat sabab bir necha bor qoldirilgan edi.