Xalq orasida “Shoh Mashrab” nomi bilan mashhur boʻlgan bu shoir gʻazallaridagi “riyozat, malak, zohir, anisim, munisim, dilbandi jonim...” kabi soʻz va iboralar maʼnosini tushunmasdim, ammo ular oʻz-oʻzidan dilimga yozilaverardi, ichimda takrorlayverardim.
...Har oqshomda dadamning biqinida oʻqiyotgan kitoblariga tikilib oʻtirardim. Necha kunlar davomida nafasini ham ichga yutib, dadamning oʻqishini tinglab kelgan ammalarim, onam, opalarim va buvichamning koʻzlaridan yosh oqa boshladi, ularning yuzlariga, koʻzlariga toʻlgan gʻamning sababini anglamasdim. Dadamning-da ovozlari oʻzgardi va toʻrt qator sheʼrni takror-takror oʻqidi:
Ayo charx, etting ortiq javri bunyod,
Koʻzum yoshligʻ, dilimda qoldi faryod.
Hayotim lolazoridan ayurding,
Yoqib jonim, kulim koʻkka sovurding...
Oʻshanda qulogʻimga kirib, yodimga oʻrnashib qolgan bu satrlar “Oʻtkan kunlar”dagi Otabek qalbidan Kumushning qabrtoshiga koʻchgan iztirob-alamlarning soʻzlardagi toʻlqinlari ekan.
Katta akamning Fuzuliy gʻazallarini xirgoyi qilishini eshitishni ham juda yaxshi koʻrardim:
Koʻzi yoshlularing holin
na bilsin mardumi gʻofil,
Kavokib sayrini shab
to sahar bedor oʻlandan soʻr.
Bu satrlar maʼnosini anglashga hali juda yoshlik qilar edim, biroq oydin kechalarda osmonda jimirlab, goʻyo sirli shivirlab oʻylarimni yoritgan va boyitgan yulduzlar kabi bu chiroyli soʻzlar ham bola qalbimni maftun etgandi.
Onamning singlimga, jiyanlarimga aytgan allalaridagi “andalib”, “toli chavgonim”, “oydin”, “choʻlponim”, “parishon”, “oʻqitib mullo qilay” kabi soʻzlar munis ohangga vobasta boʻlib, ajib yangrar edi, onajonimning ovozi shu soʻzlardan yanada sehrlanib ketgandek boʻlardi. Qalbimga soʻz sehri, jilosi va unga mehru muhabbat shu tariqa kirib kelgan boʻlsa kerak.
Keyin maktabga bordim va ustozlar saboqlaridan, eng avvalo, soʻz oldidagi masʼuliyatni his etdim.
Yoshi ulugʻlarning yuqoridagi kabi xotiralari ayrimlar uchun goʻyo bugungi shiddatkor, globallashgan davrning qadamu nafaslariga yopishmaydigan holatday tuyuladi: “Davra olib kitob oʻqib oʻtirishga, sheʼrxonlikka, bolasiga aytish uchun alla yodlashga kimning vaqti bor?! Qaysi asrda yashayapti bu odam?”. Ayni shu yoʻsindagi fikrni tasdiqlovchilar ham, bunga zamin yaratuvchi omillar ham atrofimizda oz emas, biroq...
Olimlar dunyoda mavjud 5000 ga yaqin tilning qariyb qirq foizi “oʻlib”, yana minglab tillar tanazzulning turli bosqichlariga kelib qolganini eʼtirof etar ekan, buning asosiy sabablarini bunday izohlaydi: avvalo, bir til boshqa bir tilning kuchli bosimi ostida yoʻqolib boradi — bu fikr tarixda va hozirgi kunda ham koʻp bor oʻz isbotini topgan. Yana bir jiddiy sabab shuki, tilning saqlanib qolishi unda qancha odam gaplashishiga emas, balki qanday gaplashishiga bogʻliq. Chunki dunyoda 200 nafar soʻzlovchisi bilan “yashab” kelayotgan va aksincha, minglab soʻzlovchisi boʻlsa-da, yoʻqolish xavfi ostida turgan tillar koʻp.
Til tanazzulining asosiy sabablari sanalgan yuqoridagi ikki holatning birinchisini xalqimiz qariyb bir asr davomida boshdan kechirdi. XIX asrning toʻrtinchi choragidan to XX asrning deyarli oxirigacha millatimiz goʻyo taraqqiyotga, madaniy hayotga erishishning va chuqur bilimlarga ega boʻlishning vositasi sifatida hukmron mustamlaka tuzum yetakchilari tilida gapirish, oʻqish hamda yozishga majburlandi. Oqibatda savodxonligimizdan tortib, ijtimoiy-siyosiy va madaniy-maishiy hayotimizgacha boʻlgan barcha sohalarda ona tilimiz qanday ahvolga tushib qoldi. Bu siyosatga tobe boʻlgan, uning yoʻrigʻiga yurganlarning fikrlash va yashash tarzi ham oʻzlikdan uzilib, uzoqlashib ketdi.
Mustaqillik ona Vatanimizdagi Alloh nasib etgan barcha boyliklarimizni, qalblarimizni, hayotimizni ozod etdi, botinu zohirimizning ifodasi boʻlgan tilimizni qadrsizlik, xorlik va kamsitish orqali nufuzidan ayirish uchun ochilgan yoʻllarni taqa-taq berkitdi. Demak, ona tilimizning yashashi, yurtimizda va dunyo xalqlari orasida oʻz munosib nufuziga ega boʻlishi uchun eng muhim ijtimoiy-siyosiy sharoit taʼminlandi. Biroq...
Ayrim maʼruzalar, hisobotlar va muloqotlarni tinglaganda, gaplarning muayyan qoliplarga tushib qolgani, soʻzlarning takroriyu iboralarning bir-biriga qovushmasligidan xuddi chanqoqdan tiling qurigani kabi qalbing qaqraydi. Nafaqat shoiru yozuvchi yoki madaniyat xodimi, balki elning eʼtiborida boʻlgan har bir shaxs tinglovchilarda, yoshlarda nutq madaniyatini tarbiyalovchi masʼullar qatorida ekanini his etarmikan?
Beixtiyor ulugʻ allomalar yodga tushadi: bundan qariyb olti asr ilgari oʻsha zamon ziyolilarining “turk tilining qadrini bilmasliklari”ni, “har necha muloyimroq va latifroq voqeʼ” boʻladi deb, fikrlarini forsiy lafz bilan ifodalashdek “gʻalatini koʻrgan va bu nuqsonni anglagan” Alisher Navoiy Hazratlari “turk alfozining latofati va maoniyining latofati zohirini” namoyon etmoqqa umrini tikkan edi.
Tariximizdagi bunday ulugʻ zotlar maʼnaviyatimiz togʻlaridir. Ular davlat va xalq taqdiri bilan bogʻliq oʻz zimmalaridagi zalvorli, murakkab vazifalarni bajarish, muammolarga yechim topish, elni katta maqsadlar sari birlashtirishning yoʻli ilmu zako, ilmu zakoning zohiri va kaliti esa til ekanini har lahza his etgan. Til dillarning toʻliq tarjimoni boʻlishi yoʻlida uning qatra injusi-da yoʻqolmasligi, oʻz oʻrnida xizmatga shay boʻlib yaraqlab turishi uchun kurashgan.
Keyingi oʻn yil ichida ona oʻzbek tilimizning mavqeini tiklash, barcha tashkilotu vazirliklarda hujjatlarni davlat tilida yuritish, turli lugʻatlar yaratish, yozuvimizni isloh qilish, tashkilot va koʻchalar nomlarini, shuningdek, tashqi reklama hamda yozuvlarni tartibga solish boʻyicha qator farmonu qarorlar qabul qilindi.
Lekin yaqin-yaqinlargacha kimlar uchundir fikrini boshqa tilda ifodalash, oʻzga tildagi matbuot nashrlarini oʻqish oson va yoqimli boʻlgani kabi hozir ham xorijiy tilda gaplashish, oʻqish va yozishga tili oson keladiganlar toifasi shakllanib borayotgandek. Bu holatni, ayniqsa, xorijiy tillarni oʻrganayotgan va oʻrgangan yoshlarning muloqotlarini kuzatganda yaqqol koʻryapmiz. Bundan bir necha yil oldin koʻchalarda uchraydigan yozuvlarning imkon qadar oʻz tilimizda boʻlishi masalasiga eʼtibor kuchaygan, ayni mavzudagi hayotiy-tahliliy maqolalar, radio va teledasturlar jonlangan edi. Afsuski, bugun poytaxt va markaziy shaharlarning hamon shunday koʻchayu manzillari borki, u yerdagi yozuvlar hamda qoʻyilgan tasvirlardan qayerda ekaningizni anglash mushkul. Yana bir ogʻriqli masala: keyingi yillarda jamiyatimiz kitobxonligini oshirish borasida ijodkorlar asarlarini nashr etish sohasidagi izchil ishlar salmogʻi bundan oldingi necha oʻn yilliklar bilan solishtirib boʻlmaydigan darajada baland va ibratli. Ammo davlatimizning bu eʼtibori, gʻamxoʻrligini shoshma-shosharlik bilan “gʻoʻr” va gʻaliz, imloviy va mantiqiy xatoliklari behisob boʻlgan “asar”larni chop etish hamda chop ettirishga zoye qilish hollari ham yoʻq emas.
Bir necha tilni bilmoq katta va izchil mehnat samarasi, fazilat, dunyo xalqlari bilan turli maqsadlarda hamkorlikka ochilgan yoʻldir. Olimu ulamo ajdodlarimiz ham bir necha tilni mukammal bilgan, shu tillarda ilmiy, adabiy asarlar yozgan. Ular orasida turkiy til millatning asl oʻzligi sifatida barqaror boʻlishi uchun kurashgan, Alisher Navoiy Hazratlari turk nazmida koʻtargan bayroqni asrlar sinovlaridan olib oʻtganlar juda koʻp. Ular bu jihatdan ham avlodlarga oʻrnakdir, ammo xorijiy tillarni oʻrganish va qoʻllash zinhor “kelsa-kelmasa — oʻn besh” qabilida ona tilimizni cheklash, kamsitish va uni oʻrganmaslik hisobiga boʻlmasligi kerak.
Xiva xoni Abulgʻozi Bahodirxon “tarixlarda bitilgan togʻlarning va suvlarning, yerlarning va kishilarning otlari moʻgʻul tili va yo turk tili”da boʻlsa-da, “kitob aytgan musanniflar, kotiblar bu tilni bilmasliklari bois” va “bu vaqtda turk va tojikda faqirga (muallifning shaxsiga turk tili borasida) bergancha (ilmu lafz) bergan kishi boʻlmagʻan”ligidan, oʻzi tilning “rasmini va istilohlarini yaxshi oʻrganib”, “bu tarixni yaxshi va yomon — barchalari bilsun” deb, turkiy til bilan “Shajarai turk”ni “besh yashar oʻgʻlon ham tushunadigan” qilib yozgan edi.
Asrlar osha oʻz ahamiyatini, dolzarbligini yoʻqotmagan bunday muborak bitiklardan oydin ajdodlarimizning tilga, soʻzga boʻlgan muhabbati, ixlosi, qaygʻusi va jondoshligining nafasi ufuradi.
“Oʻzbek tili kambagʻal emas, balki oʻzbek tilini kambagʻal deguvchilarning oʻzi kambagʻal. Ular oʻz nodonliklarini oʻzbek tiliga toʻnkamasinlar”. Bu qatʼiyatli eʼtirofda Abdulla Qodiriyning turkiy til saltanati himoyasiga tikilgan yuragining urishlarini his etasiz.
Ha, ming yildan buyon ezila kelgan boy tilimiz bitmadi, yashadi, ammo bu jarayon oson kechmadi. Endi Allohga beadad shukronalar boʻlsin, hayotimizning barcha sohalarida boʻlgani kabi imon-eʼtiqodimiz va tilimizga ham hech qanday bosim yoʻq. Ona tilimizning, avvalo, Vatanimizda va dunyo hamjamiyatida munosib nufuziga ega boʻlishi, uning injularidan bir qatrasi ham toʻkilmay, xazinasi toʻlib, boyib borishi faqat oʻzimizga bogʻliq. Shunday paytda... hammani ogʻziga qaratib turgan mashhurning tili tovushlarning oʻzbekona talaffuziga qovushmasa... el nigohidagi qay bir amaldor minbardan turib soʻkinsa... qay bir hududlarda xorijiy tilda oʻqitiladigan maktablar soni oʻzbek tilidagi maktablarga nisbatan koʻp boʻlsa... universitetning oʻzbek tili va adabiyoti fakultetini bitirgani haqidagi diplomi boʻlgan yosh mutaxassis Alisher Navoiyning (misol uchun-da) “Muhokamat ul-lugʻatayn” asari haqida bir fikr aytolmasa... qay bir ota-onalarga farzandining, avvalo, qalban va ruhan millatning qutlugʻ anʼanalari vorisi boʻlishi emas, balki xorijiy tilni oʻrganib, dunyoga chiqishi muhim boʻlib qolsa... tirikchilik koʻyida dunyo moddiyotlarini uyimizga tinmay tashisag-u, ostonamizdan ichkariga kitob kirmasa, oʻzimiz kitob oʻqimasak, bolamizga kitob tutmasak va uni oʻqitmasak... kun boʻyi uyda, jamoat joylarida quvonchliyu sinovli holatlarni boshimizdan kechirib, oʻrni kelganda “marhamat”, “shunday qilsam maylimi?”, “kechirasiz”, “agar ruxsat bersangiz”, “imkoniyatingiz boʻlsa”, “juda xursand qildingiz” kabi dil izhorlarini aytishga tilimiz kelmay qolgan boʻlsa, oqibati tilimizning mavqei va nufuzini tushirib boradigan bunday holatlar uchun ham faqat oʻzimiz aybdormiz.
Muhtarama ULUGʻOVA,
“Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzosi