Ziroat Mirziyoyeva va Mehribon Aliyeva “Islomgacha bo‘lgan sivilizatsiyalar” zali, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlariga bag‘ishlangan ekspozitsiyalar, shuningdek, “Yangi O‘zbekiston” zali bilan tanishdilar. O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik tarixiy va madaniy aloqalarni aks ettiruvchi muzey eksponatlarini ham ko‘zdan kechirdilar.

Tashrif yakunida Birinchi xonimlar ekspozitsiyaning ma’naviy va me’moriy markazi bo‘lgan “Qur’on zali” bilan tanishdilar. Zalning eng noyob yodgorligi Usmon Mushafi bo‘lib, u muqaddas Qur’onning bizgacha yetib kelgan eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biridir. VII asrga mansub ushbu noyob islom yozma madaniyati yodgorligi UNESCOning “Jahon xotirasi” xalqaro reyestriga kiritilgan.

Samimiy suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi gumanitar va madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash muhimligi, shuningdek, ikki qardosh xalqni mushtarak tarix, madaniy an’analar va ma’naviy qadriyatlar birlashtirib turgani alohida ta’kidlandi.