Global investor uchun faqat daromad imkoniyati emas, balki shartnomalarning ishonchli himoyasi, nizolarning tez va xolis hal qilinishi hamda soliq va valyuta qoidalarining barqarorligi ham muhim. Toshkent xalqaro moliya markazi aynan shu talablarni yagona institutsional maydonda birlashtirishni maqsad qilmoqda.
ASOSIY KO‘RSATKICHLAR
|
2076 Soliq va bojxona imtiyozlari 2076-yil 1-yanvargacha qo‘llaniladi |
7% Markazda ishlovchi O‘zbekiston soliq rezidentlari uchun daromad solig‘i |
|
5 yil Xorijiy xodimlar va ularning oila a’zolari uchun maxsus viza muddati |
$20–25 mlrd 2030-yilgacha jalb etilishi kutilayotgan qo‘shimcha investitsiya |
Yangi bosqichga huquqiy asos
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-martdagi PF-48-son “Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoni bilan Toshkent xalqaro moliya markazini hamda uning tarkibida Toshkent xalqaro tijorat sudini tashkil etish belgilandi. 2026-yil 10-iyulda esa Markazning huquqiy maqomi, boshqaruv tizimi va maxsus huquqiy rejimini mustahkamlovchi “Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun imzolanganligi ma’lum qilindi.
Mazkur tashabbus “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining ustuvor vazifalari bilan uyg‘un. Uning asosiy maqsadi investitsiyalar hajmini oshirish, kapital bozorini xalqaro moliya tizimiga yaqinlashtirish, zamonaviy moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish va Toshkentni mintaqaviy moliyaviy markazga aylantirishdan iborat. Shu bilan birga, xalqaro moliya, huquq va texnologiyalar sohalarida yuqori malakali va yuqori haq to‘lanadigan ish o‘rinlarini yaratish ham ko‘zda tutilgan.
Markaz qanday faoliyatlarni qamrab oladi?
Markaz oddiy banklar yoki alohida investitsiya kompaniyalari jamlangan hudud bilangina cheklanmaydi. U moliyaviy, investitsiya va bank faoliyati, sug‘urta, qimmatli qog‘ozlar, to‘lov tizimlari, raqamli va kriptoaktivlar, moliyaviy texnologiyalar, elektron tijorat, islomiy va “yashil” moliya kabi yo‘nalishlarni yagona ekotizimda rivojlantirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, auditorlik, konsalting, yuridik xizmatlar, komplayens va boshqa professional xizmatlar ham Markaz faoliyatining muhim qismi bo‘ladi. Bu yondashuv investorning loyiha g‘oyasidan boshlab moliyalashtirish, huquqiy maslahat, hisob-kitob, sug‘urta va nizolarni hal etishgacha bo‘lgan ehtiyojlarini bir maydonda qondirish imkonini beradi.
Maxsus huquqiy rejim nimani anglatadi?
Markazning eng muhim xususiyati - uning hududida maxsus huquqiy rejim amal qilishidir. Markazning boshqaruv organlariga fuqarolik, korporativ, tijorat, moliya, bank, soliq, davlat xaridlari, mehnat huquqi va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish kabi sohalarni tartibga soluvchi hujjatlarni qabul qilish vakolati beriladi.
Markaz vakolatiga kiruvchi munosabatlarda Angliya va Uels huquqi, adolat tamoyillari hamda tegishli sud pretsedentlaridan foydalanish nazarda tutilgan. Bu O‘zbekistonning butun huquq tizimi o‘zgartiriladi, degani emas. Maxsus tartib Markaz hududi va uning vakolat doirasidagi munosabatlarga tatbiq etiladi. Maqsad - xalqaro investorlar uchun tanish bo‘lgan, shartnomaviy erkinlik va tijorat munosabatlarining oldindan bashorat qilinishi kuchli ta’minlangan huquqiy muhit yaratish.
Bunday model dunyoning qator yirik xalqaro moliya markazlarida qo‘llanadi. Uning amaliy ahamiyati shundaki, investor bitim tuzayotgan paytda qaysi qoidalar amal qilishi, majburiyat buzilsa qanday himoya vositalari mavjudligi va nizo qaysi tartibda ko‘rib chiqilishini oldindan biladi.
Mustaqil tijorat sudi va moliyaviy nazorat
Toshkent xalqaro tijorat sudi Markazning asosiy institutlaridan biri hisoblanadi. U birinchi instansiya va apellatsiya sudidan iborat bo‘lib, Markaz faoliyati bilan bog‘liq tijorat, mehnat va boshqa nizolarni, shuningdek, taraflar uning yurisdiksiyasini tanlagan shartnomalardan kelib chiqadigan nizolarni ko‘rib chiqadi. Sud ishlarini ingliz tilida yuritish imkoniyati xalqaro kompaniyalar, yuristlar va investorlar uchun tushunarli protsessual muhit yaratadi.
Markazning moliyaviy xizmatlarni tartibga soluvchi organi esa ishtirokchilarni litsenziyalash, ularning faoliyatini nazorat qilish va moliyaviy bozorda belgilangan talablarning bajarilishini ta’minlash bilan shug‘ullanadi. Shu tariqa, bozorga kirish, nazorat va nizolarni hal etish vazifalari o‘zaro bog‘langan, biroq funksional jihatdan alohida institutlar orqali amalga oshiriladi.
Investorlar va xorijiy mutaxassislar uchun qulayliklar
Markaz ishtirokchilariga shartnomalarda belgilangan xorijiy valyutada, ayrim hollarda esa kriptoaktivlarda pul majburiyatlarini bajarish huquqi beriladi. Markaz hududidagi faoliyatdan olingan kapital va daromadni cheklovlarsiz repatriatsiya qilish, ya’ni mablag‘larni xorijga erkin olib chiqish kafolatlanadi. Bu investor uchun foydani qaytarish va kapital harakati bilan bog‘liq tavakkalchiliklarni kamaytiradi.
Xorijiy fuqarolarni mehnat faoliyati uchun alohida tasdiqnoma olmasdan ishga qabul qilish imkoniyati ham ko‘zda tutilgan. Markaz organlari va ishtirokchilari xodimlari hamda ularning oila a’zolariga besh yilgacha amal qiladigan maxsus kirish vizalari berilishi mumkin. Natijada xalqaro tajribaga ega bankirlar, yuristlar, auditorlar, IT va moliyaviy texnologiyalar mutaxassislarini O‘zbekistonga jalb etish jarayoni soddalashadi.
Soliq va bojxona imtiyozlari: kimga va qanday?
Farmonga muvofiq, Markaz hududidagi soliq imtiyozlari 2076-yil 1-yanvargacha amal qiladi. Markaz organlari va ishtirokchilarining Markaz hududida ko‘rsatilgan xizmatlardan olgan daromadlari foyda solig‘i va ijtimoiy soliqdan ozod etiladi. Raqamli yoki kriptoaktivlar birjalari uchun ayrim istisnolar mavjud.
Markaz organlari va ishtirokchilari tomonidan chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga Markazdagi faoliyat doirasida to‘lanadigan mehnat daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod etiladi. O‘zbekiston Respublikasining soliq rezidenti bo‘lgan jismoniy shaxslarning Markaz organlari va ishtirokchilaridan mehnat yoki fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida oladigan mehnat daromadlariga esa 7 foizlik stavka qo‘llanadi. Bu imtiyoz barcha fuqarolarning har qanday daromadiga emas, aynan Markaz organlari va ishtirokchilaridan olingan tegishli mehnat daromadlariga taalluqlidir.
Shuningdek, Markaz hududidagi markaz organlari tasarrufidagi yoki foydalanishidagi obyektlar mol-mulk va yer soliqlaridan ozod etiladi. Markaz hududida foydalanish yoki iste’mol qilish uchun olib kiriladigan tovarlar bo‘yicha bojxona to‘lovlari undirilmaydi. Shuningdek, Markaz fond birjasining rasmiy ro‘yxatiga kiritilgan qimmatli qog‘ozlarni sotishdan, ulardan olinadigan dividend va foizlardan, shuningdek, Markaz ishtirokchilarining ustav kapitalidagi aksiyalar yoki ulushlarni sotishdan olingan ayrim daromadlar ham soliqdan ozod qilinadi. Farmonda ko‘rsatilgan tegishli xizmatlar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ham ozod etilishi belgilangan.
Uzoq muddatga mo‘ljallangan bunday soliq va bojxona tartibi investor uchun qoidalarning barqarorligini ta’minlashga qaratilgan. Chunki katta hajmdagi moliyaviy loyihalar ko‘pincha o‘nlab yillik rejalashtirishni talab qiladi.
Bu oddiy fuqarolar va biznes uchun nimani o‘zgartiradi?
Markazga oid imtiyozlarning asosiy qismi uning organlari, ishtirokchilari, xodimlari va tegishli investorlariga tatbiq etiladi. Shunga qaramay, Markazning iqtisodiy ta’siri faqat uning hududi bilan cheklanib qolmaydi. Kapital bozorining rivojlanishi mahalliy korxonalar uchun aksiyalar va obligatsiyalar orqali mablag‘ jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirishi, yangi moliyaviy mahsulotlar paydo bo‘lishiga va xizmatlar sifati oshishiga turtki berishi mumkin.
Yuridik, auditorlik, sug‘urta, konsalting va IT xizmatlariga talabning oshishi mahalliy mutaxassislar uchun yangi kasbiy imkoniyatlar yaratadi. Shu bilan birga, xalqaro standartlar asosidagi litsenziyalash, komplayens va nizolarni hal etish amaliyoti milliy bozor uchun ham yangi tajriba maktabi bo‘lishi mumkin.
Kutilayotgan iqtisodiy natijalar
Rasmiy prognozlarga ko‘ra, Markaz 2030-yilgacha O‘zbekiston iqtisodiyotiga qo‘shimcha 20-25 milliard AQSH dollari miqdorida investitsiya jalb etish vositasiga aylanishi mumkin. Shuningdek, uning yillik yalpi ichki mahsulot o‘sishiga 1 foizgacha qo‘shimcha hissa qo‘shishi, 15 mingtagacha yuqori malakali ish o‘rni yaratishi va moliya sohasida qariyb 10 ming mutaxassisning kasbiy salohiyatini rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Albatta, bu ko‘rsatkichlar prognoz hisoblanadi. Ularning ro‘yobga chiqishi Markazning amaliy faoliyati, uning organlari qabul qiladigan hujjatlarning sifati, sud va tartibga solish institutlarining mustaqilligi, shuningdek, xalqaro moliya tashkilotlari va investorlarning ishonchiga bog‘liq bo‘ladi.
Yangi moliyaviy markazning strategik ahamiyati
Toshkent xalqaro moliya markazi - alohida imtiyozlar berilgan hududdan ko‘ra kengroq mazmunga ega loyiha. U kapital, huquq, texnologiya va professional xizmatlarni yagona tizimda birlashtirish orqali O‘zbekistonning global moliyaviy maydondagi o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan.
Maxsus huquqiy rejim, mustaqil tijorat sudi, valyuta va kapital harakatining erkinligi, soliq va bojxona imtiyozlari hamda xorijiy mutaxassislar uchun soddalashtirilgan tartiblar Markazning asosiy ustunliklarini tashkil etadi. Eng muhimi, ushbu mexanizmlar amaliyotda shaffof, izchil va barqaror ishlasa, Toshkent nafaqat investitsiyalarni qabul qiluvchi, balki Markaziy Osiyoda moliyaviy xizmatlar va kapitalni boshqarish bo‘yicha yetakchi maydonlardan biriga aylanishi mumkin.
|
Markazning muvaffaqiyati imtiyozlarning ko‘pligi bilangina emas, balki qoidalarning amalda shaffof, izchil va ishonchli ishlashi bilan belgilanadi. |
Ochilov Rustam,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Strategik rivojlanish va xalqaro reytinglarga kirish bo‘limi bosh mutaxassisi