Tadbir doirasida jurnalistlar dastlab Respublika tez tibbiy yordam markazining Toshkent shahar filiali Call-markazi hamda Yangihayot tumanida joylashgan 13-sonli podstansiya faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Shundan so‘ng mazkur manzilda OAV vakillari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.
Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda tez tibbiy yordam tizimini takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, sohada yagona vertikal integratsiyalashgan boshqaruv modeli shakllantirilib, bugungi kunda tizim 66 mingdan ortiq xodim, qariyb 3 mingta tibbiy brigada, 180 dan ziyod stansiya va 1500 ga yaqin tayanch punktni qamrab olgan.
Elektron boshqaruv tizimlari joriy etilishi natijasida brigadalarning chaqiruvga yetib borish vaqti 25–30 daqiqadan 10–15 daqiqagacha qisqargani ta’kidlandi. Avtotransport parki bosqichma-bosqich yangilanib, hududlarga 1000 dona zamonaviy maxsus avtomashina yetkazib berilgan. Shuningdek, “103” xizmatida ilk bor elektromobillardan foydalanish yo‘lga qo‘yilgani sohada ekologik va zamonaviy yondashuvlar kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, “103” xizmati faoliyati raqamlashtirilib, DMED yagona platformasi bilan integratsiya qilingani, chaqiruvlarni tahlil qilish imkoniyatlari kengaygani hamda murojaatlar bo‘yicha kechikishlar va shikoyatlar soni sezilarli darajada kamaygani qayd etildi.
Shuningdek, tez tibbiy yordam brigadalari uchun yangi namunadagi maxsus formalar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etilmoqda. Jumladan, reanimatsiya brigadalari uchun qizil rangli, oddiy brigadalar uchun esa ko‘k rangli maxsus kiyimlar joriy etilgan.
Markazda zamonaviy o‘qitish texnologiyalari ham taqdim etildi. Xususan, 250 ga yaqin turli kasallik holatlarini sun’iy ravishda namoyon eta oladigan simulyatsion manekenlar joriy qilingan. Ushbu manekenlar kompyuter tizimiga ulangan bo‘lib, inson organizmiga xos bo‘lgan yurak urishi, qon bosimi va nafas olish kabi ko‘rsatkichlarni sun’iy ravishda aks ettiradi. Bu esa shifokorlarning amaliy ko‘nikmalarini real sharoitga yaqin holatda mustahkamlash imkonini beradi.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, matbuot anjumani nafaqat erishilgan natijalarni namoyon etdi, balki tizimdagi ayrim dolzarb masalalarni ochiq muhokama qilish va ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq yondashuvlarni belgilash imkonini ham berdi.