Jizzax viloyati IIB matbuot xizmati ma’lum qilishicha, tezkor tadbirlar davomida 2021 yildan buyon Toshkent shahrida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan, Tojikistonda tug‘ilgan 24 yoshli shaxsning ikki dona mobil telefoni ko‘zdan kechirildi.

Tekshiruv jarayonida qurilmalarda bir xil elektron pochta manzili orqali ro‘yxatdan o‘tkazilgan elektron hamyondan foydalanilgani aniqlangan. Kriptoaktivlarni saqlash, qabul qilish va jo‘natish uchun mo‘ljallangan ilova o‘rganilganda, ushbu elektron hamyon orqali jami 2,8 milliard so‘mlik kriptoaktivlar noqonuniy ravishda ayirboshlangani ma’lum bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 278-8-moddasi uchinchi qismi «a» bandi (kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni juda ko‘p miqdorda buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ushbu modda sanksiyasiga muvofiq, aybdor deb topilgan shaxs 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, kriptoaktivlarni sotib olish, sotish va ayirboshlash faqat litsenziyaga ega kriptoxizmatlar provayderlari orqali amalga oshirilishiga ruxsat etilgan.