Forum Xitoyning Inson huquqlarini rivojlantirish
jamg‘armasi (CFHRD) va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy
markazi tomonidan tashkil etildi.
Forum «Yuqori sifatli rivojlanish orqali inson
huquqlari sohasidagi taraqqiyotni birgalikda ilgari surish» mavzusiga
bag‘ishlanadi. Unda Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston
va O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi ekspertlari, davlat idoralari
namoyandalari, ilmiy va ishbilarmon doiralar hamda ommaviy axborot vositalari
vakillari – jami 100 nafar milliy va xorijiy ishtirokchi qatnashdi.
Forum avvalida qayd etilganidek, har bir insonning o‘z
huquqlaridan to‘liq foydalanish imkoniyatini ta’minlash butun insoniyatning
umumiy maqsadidir. Xitoy va Markaziy Osiyoning beshta davlati rivojlanayotgan
mamlakatlar bo‘lib, taraqqiyotga birgalikda ko‘maklashish va inson huquqlarini
ilgari surish masalalarida keng mushtarak qarashlarga ega.
Xitoyning Inson huquqlarini rivojlantirish jamg‘armasi
vitse-prezidenti va bosh kotibi Li Xunkuy, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston
Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, Xitoy Xalq Respublikasining
O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun, Markaziy
Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vahobov, «Markaziy Osiyo – Xitoy»
formati kotibiyati bosh kotibi o‘rinbosari Samadi Shoxin, Qozog‘iston
Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining alohida topshiriqlar bo‘yicha elchisi
Alua Nadirkulova o‘zlarining kirish so‘zlarida Forum faoliyatiga
muvaffaqiyatlar tiladi.
So‘zga chiqqanlar, jumladan, «Xitoy – Markaziy Osiyo»
inson huquqlarini rivojlantirish bo‘yicha to‘rtinchi forumi BMTning Taraqqiyot
huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qabul qilinganining 40 yilligi va Global
rivojlanish tashabbusining 5 yilligi nishonlanyotgan 2026-yilda
o‘tkazilayotgani alohida ahamiyatga egaligiga e’tibor qaratdilar. Yanada
ahamiyatlisi, Toshkent Forumi aynan «Xitoy — Markaziy Osiyo» hamkorligi sifat
jihatidan yuksak rivojlanish bosqichiga ko‘tarilgan muhim davrga to‘g‘ri
kelgani alohida diqqatga loyiqdir.
Forumning yalpi majlisida inson huquqlari sohasida
Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zaro hamkorligi ustuvor yo‘nalishlari
ko‘rib chiqildi. Mavzu yuzasidan olti davlat yetakchi ekspertlarining
ma'ruzalari tinglandi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov
akademiyasi rektori Sherzod Abduqodirov, Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi
Xalqaro huquq instituti direktori Lyu Xuaven, Qozog‘iston Respublikasi Inson
huquqlari bo‘yicha Milliy markazi fuqarolik va siyosiy huquqlar bo‘limi mudiri
Viktor Tixonov, Qirg‘iziston Respublikasi Ombudsman (Akiyatchi) institutining
yopiq muassasalarga profilaktik tashriflar o‘tkazish bo‘limi mudiri Emilbek
Ajibekov, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori
Murodjon Turg‘unov, Pekin politexnika universiteti gumanitar va ijtimoiy fanlar
bo‘yicha ilmiy kengash rahbari, Xitoy fan va texnologiyalar sohasida inson
huquqlari tadqiqotlari markazi direktori Si Yanpin, Tojikiston Respublikasi
Prezidenti Ijro etuvchi apparati Inson huquqlari kafolatlari boshqarmasi bosh
mutaxassisi Parviz Olimzoda, Turkmaniston Davlat, huquq va demokratiya
instituti katta ilmiy xodimi Dovlat Amanmiradov, Uxan universiteti yuridik
fakulteti dekani, Xitoy ekologik huquq ilmiy-tadqiqot instituti direktori Sin
Tyanbao so‘zga chiqdi.
Shundan so‘ng muhokamalar uchta panel sessiyasida
davom ettirildi. Bunda rivojlanish huquqini ro‘yobga chiqarish maqsadida
kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini yaxshilash bo‘yicha
loyihalarni amalga oshirish, ekologiyani muhofaza qilish, yashil rivojlanish va
inson huquqlarini himoya qilish, inson huquqlari rivojiga ko‘maklashuvchi
raqamli intellektual texnologiyalarni ilgari surish kabi sohalardagi hamkorlik
istiqbollari muhokama qilindi.
Ishtirokchilar
Forum mavzusi yuzasidan atroflicha fikrlashar ekan, inson huquqlarini samarali
himoya qilishning asosiy omillari sifatida aholi farovonligini yuksaltirish,
raqamli boshqaruvni mustahkamlash va «yashil» taraqqiyotni jadallashtirish kabi
yo‘nalishlarga atroflicha to‘xtaldilar. Ayni
sohalardagi ilg‘or g‘oya va amaliy tajribalar bilan o‘rtoqlashdilar.
Muhokamalar yakunida «Xitoy – Markaziy Osiyo» inson
huquqlarini rivojlantirish forumining Toshkent tashabbusi deb nomlangan yakuniy
hujjati ishlab chiqildi va taqdimoti o‘tkazildi.
Forum doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston
Respublikasi Milliy markazi bilan Xitoyning Inson huquqlarini rivojlantirish
jamg‘armasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi tasdiqlandi. Memorandumni
ikkala tashkilot rahbarlari Akmal Saidov va Li Xunkuy imzoladilar.
Inson
huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi matbuot xizmati.