Loyihaning tantanali ochilish marosimi Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq va Bekobod tumanlarida bo‘lib o‘tdi.

Umumiy uzunligi 110 kilometrni tashkil etuvchi mazkur temir yo‘l tarmog‘i hududlar iqtisodiy rivojiga turtki berishi, yangi ish o‘rinlari yaratishi va transport-logistika tizimini yanada rivojlantirishi kutilmoqda.

Shuningdek, loyiha aholi uchun qulay va zamonaviy transport infratuzilmasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Xususan, Bekobod erkin iqtisodiy zonasiga temir yo‘l shoxobchasini tortish ishlari ham hudud iqtisodiyoti uchun muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Loyiha doirasida 4 ta temir yo‘l bekati, 21 ta yo‘l o‘tkazgich, 6 ta ko‘prik va 1 ta nim tortish stansiyasi barpo etilishi rejalashtirilgan. Qurilish ishlarida temiryo‘l sohasidagi zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or muhandislik yechimlari qo‘llanilmoqda.

Yangi temir yo‘l tarmog‘ining yana bir muhim jihati — u avtomobil va temir yo‘l kesishmalari siz loyihalashtirilgani, aholi yashash hududlarini chetlab o‘tishi hamda atrof-muhitga ta’sirni kamaytirishga qaratilganidir.

Mutaxassislar fikricha, mazkur loyiha mamlakat transport infratuzilmasini takomillashtirish, tranzit salohiyatini oshirish va hududlar o‘rtasidagi transport bog‘liqligini mustahkamlashga xizmat qiladi.