Bu haqida «Uzbekistan Airports» kompaniyasi ma’lum qildi.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, Xususan, gap umumiy maydoni 40 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan va jami 1,5 mingga yaqin avtomobil sig‘adigan oltita avtoturargoh (P1, P3, P4, P5, P7, P8) haqida bormoqda. Turargohlar hududi 3 yil muddatga ijaraga beriladi va bu nafaqat boshqaruvni, balki infratuzilmani to‘liq rivojlantirishni ham nazarda tutadi.

Loyiha yo‘lovchilar uchun qulaylikni oshirishga qaratilgan bo‘lib, turargohlar hududida raqamli navigatsiya, bo‘sh joylar mavjudligini ko‘rsatadigan elektron tablolalar, qo‘shimcha to‘lov usullari hamda elektromobillar uchun quvvatlash stansiyalarini joriy etish rejalashtirilgan. Bo‘lajak operator turargohlarni tunu kun ishlatish, ularga xizmat ko‘rsatish va qo‘riqlash, shuningdek, rekonstruktsiya, kengaytirish va obodonlashtirish ishlariga investitsiya kiritish majburiyatini oladi.

Asosiy talablaridan biri turargohlarni to‘liq raqamlashtirish hisoblanadi. Jumladan, operator avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini joriy etishi, avtomobil raqamlarini tanib oluvchi tizim va shlagbaumlar o‘rnatishi, qulay to‘lov usullarini, jumladan onlayn to‘lovlarni yo‘lga qo‘yishi hamda joylarni oldindan band qilish imkonini beruvchi mobil servisni ishga tushirishi kerak.

Ijara haqi ikki qismdan iborat bo‘ladi: auksionda aniqlanadigan qat’iy summa va tushumning 5 foizi miqdoridagi o‘zgaruvchan qism. Shu bilan birga, operator hisobotlar va hisob tizimlariga kirish imkonini taqdim etgan holda faoliyatning shaffofligini ta’minlashi shart.

Kompaniya qayd etishicha, ijarachilar uchun belgilangan barcha talablar va auksionda ishtirok etish shartlari E-auksion.uz platformasidagi mazkur lot sahifasida batafsil ko‘rsatilgan. Auksion qoidalariga ko‘ra, savdolar davomida boshlang‘ich narx kamida 5 foizga oshirib boriladi.

Lotning boshlang‘ich narxi yiliga 48 778 800 000 so‘m etib belgilangan. Auksion savdolari 2026 yil 19 may kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan.