Maʼlum qilinishicha, Yunusobod tumanida joylashgan «Uch qahramon» YPX maskanida poytaxtga kirib kelayotgan «Spark» rusumli avtomobil to‘xtatilib, tekshirilgan. Natijada, yo‘lovchi sifatida ketayotgan, 2004 yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan shaxsga tegishli selofan paket ichidan 200 ta zip-paketga joylangan 365 gramm «Mefedron» sintetik narkotik moddasi topilgan.
Tezkor tadbir davomida ushbu shaxs vaqtincha istiqomat qilayotgan Toshkent tumanidagi xonadon ham ko‘zdan kechirilgan. U yerdan 734 gramm «Mefedron», 63 gramm «Alfa-PVP», 45 gramm «Spays», ikkita elektron tarozi, zip-paketlar va boshqa ashyo lar protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Aniqlanishicha, muqaddam o‘g‘rilik bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs hozirda internet-narkodukonda «zakladchik» sifatida faoliyat yuritgan.
Holat yuzasidan unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.