Toshkent shahar transport va yoʻl-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi maʼlum qilishicha, Shahrisabz va Istiqbol koʻchalari kesishmasida chapga harakatlanish vaqtincha cheklangan.

Shu sababli, mazkur chorraha orqali harakatlanuvchi 2, 26, 37, 68 va 93-sonli avtobus yoʻnalishlarining shahar markazidan harakatlanishi bir tomonlama tartibda Shahrisabz, Maxtumquli va S. Azimov koʻchalari orqali vaqtincha oʻzgartirilgan.

Qayd etilishicha, ushbu hududda transport oqimi ortishi va tirbandliklar yuzaga kelishi mumkin. Shu sababli avtobuslarning qatnov oraligʻi uzayishi, shuningdek, yoʻnalishlar harakatiga qoʻshimcha oʻzgartirishlar kiritilishi ehtimoli bor.

Yoʻlovchilardan qatnovlarini oldindan rejalashtirish soʻraldi.