Toshkent viloyati IIBB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbiri davomida Shayxontohur tumanidagi koʻp qavatli uyning 4-qavatida noqonuniy call-markaz — “kiberbunker” aniqlangan.

Tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, 2005-yilda tugʻilgan, Fargʻona viloyatida yashovchi, muqaddam sudlanmagan D.X. va uning sheriklari fuqarolarga qoʻngʻiroq qilib, ular goʻyoki “Uzum Market” savdo ilovasining “kompaniya aksiyasi” gʻolibi boʻlgani haqida yolgʻon maʼlumot bergan.

Firibgarlar sovgʻa uchun toʻlovni, shuningdek, fuqaroga ajratilgan kredit yoki mikroqarz limiti mablagʻlarini vaqtincha “ALVION”, “MEGA TECNO” va “MEGA SHOP” YATTlarga oʻtkazishni soʻragan. Evaziga “kompaniya aksiyasi”da yutib olingan maishiy texnika yetkazib berilishini vaʼda qilgan.

Guruh aʼzolari, shuningdek, savdo platformasida oʻzlarini mahsulot yetkazib beruvchi sifatida roʻyxatdan oʻtkazgan. Buyurtmani yetkazib berishni talab qilgan yoki norozilik bildirgan ayrim xaridorlarga ataylab juda arzon, sifatsiz yoki buyurtmaga mutlaqo mos kelmaydigan mahsulotlar yuborilgan.

Shu orqali jabrlanuvchilarning eʼtibori chalgʻitilib, ajratilgan kredit yoki mikroqarz limitlarini oʻzlashtirishga erishilgan. Pul oʻtkazilganidan soʻng esa koʻp hollarda jabrlanuvchilar bilan aloqa uzilgan.

Tekshiruvlar davomida “ALVION”, “MEGA TECNO” va “MEGA SHOP” YATTlar orqali Shayxontohur tumanida tashkil etilgan “kiberbunker”da 5 nafar operator ishlagani aniqlangan. Ular ijtimoiy tarmoqlardagi soxta onlayn-doʻkonlar nomidan yuzlab fuqarolarga qoʻngʻiroq qilgan.

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, ular 110 nafardan ortiq fuqaroning 300 million soʻmdan ziyod mablagʻini noqonuniy ravishda oʻzlashtirgan.

Tezkor tadbir davomida 10 ta kompyuter jamlanmasi, 8 ta mobil telefon, 150 varaqdan iborat shaxsiy maʼlumotlar hamda “Uzum Nasiya” ilovasi orqali ajratilgan limitlar jadvallari va 2 ta daftar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Hozirda guruh aʼzolarining respublikaning boshqa hududlarida sodir etilgan firibgarlik holatlariga aloqadorligi, shuningdek, fuqarolarga yetkazilgan moddiy zarar miqdorini aniqlash va uni qoplash boʻyicha dastlabki tergov hamda tezkor-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.