Ma’lum qilinishicha, fuqaro Ichki ishlar vazirligi Tezkor qidiruv departamentiga murojaat qilib, to‘rt nafar shaxsdan iborat guruh tomonidan bosim va tahdidlarga uchrayotganini bildirgan.
Gumonlanuvchilar jabrlanuvchini go‘yoki giyohvand moddalar tarqatish bilan shug‘ullangan shaxs sifatida tasvirga olib, mazkur videoni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish hamda uni obro‘sizlantirish bilan qo‘rqitib kelgan. Shuningdek, ular fuqorodan 500 AQSh dollari talab qilgan.
Tezkor-qidiruv tadbiri davomida gumonlanuvchilar Yunusobod tumanidagi avtoturargohlardan birida pul mablag‘larini olayotgan vaqtda qo‘lga olindi. Ulardan 300 AQSh dollari, 2 million 400 ming so‘m pul mablag‘i, 8 ta mobil telefon, pichoq va boshqa o‘tkir buyumlar ashyoiy dalil sifatida olingan.
Aniqlanishicha, ushlanganlar orasida 2006 yilda tug‘ilgan ikki nafar shaxs hamda 2008 va 2009 yillarda tug‘ilgan ikki nafar maktab o‘quvchisi bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan voqeaning barcha holatlariga huquqiy baho berilishi ta’minlanadi.