2026-yil Ramazon oyida muhtasham qiyofada ochilgan Imom Buxoriy maj-muasi ostonasidan hatlab o‘tishim bilan ichimdagi “rasmiy jurnalist” birdan sukut saqladi-yu, o‘rnini oddiy mo‘min, bir o‘zbek ziyolisining hayrati va hayajoni egalladi.
Biz bu yerga kelganda nimani kutgan edik va aslida nimani topdik? Ko‘pchilik shunchaki kengaytirilgan masjid yoki chiroyli ziyoratgoh ko‘rishni kutgan bo‘lishi mumkin. Ammo me’morchilikning ushbu ulug‘vor durdonasi qarshisida turganda inson o‘z-o‘zidan kutmagan, faqat qalb ko‘zi bilan ilg‘ab olinadigan shunday samimiy haqiqatlarga duch kelar ekanki, bu haqda shukrona bilan yozmaslikning iloji yo‘q.
Asrlarga tatigulik mahobat
Raqamlar haqida gapirganda aql shoshadi: loyiha asosida majmua maydoni naqd 45 gektarga kengaytirildi. Markazda 10 ming kishini bir vaqtning o‘zida bag‘riga oladigan ulkan masjid, balandligi 75 metr bo‘lgan 4 ta ulug‘vor minora va milliy uslubda ishlangan 154 ustunli muhtasham ayvon qad rostlabdi. Ilgari bu yer bir kunda arang 12 ming ziyoratchini qabul qilgan bo‘lsa, bugun ushbu muqaddas qadamjoning quvvati 65 ming kishini tashkil etmoqda. Majmuaga yondosh 15 gektar maydonda zamonaviy mehmonxonalar, oilaviy mehmon uylari va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari barpo etilgan.
Jurnalist sifatida men bu ulkan mahobat ortida, avvalo, Prezidentimizning yuksak milliy g‘ururi, siyosiy irodasi va qat’iyatini ko‘rdim. Ushbu majmuani qayta qurish g‘oyasi ilk bor o‘rtaga tashlanganda ko‘pchilik bunchalik keng ko‘lamli, asrlarga tatigulik loyihani amalga oshirish mumkinligiga shubha bilan qaragan edi. Ammo davlatimiz rahbari shaxsan o‘zi qurilishning har bir bosqichini nazorat qilib, bu yer nafaqat ziyoratgoh, balki dunyo islom ma’rifatining eng katta markazi bo‘lishi kerak deya qat’iy talab qo‘ydi. Prezidentimizning mana shu qat’iyati va uzoqni ko‘ra bilish siyosati tufayli bugun Samarqand tuprog‘ida millatimizning ming yillik yuzini yorug‘ qiladigan mo‘jiza sodir bo‘ldi.
Muhaddislar sultoni bo‘lmish Imom Buxoriy bobomiz o‘z davrida ilm izlab minglab chaqirim yo‘l bosgan. U zotning hayoti zahmat va mashaqqatdan iborat edi. Mana, oradan asrlar o‘tib, Yaratgan u zot yotgan tuproqni shunday ulug‘ladi. Dunyo¬ning to‘rt burchagidan kelgan mo‘min-musulmonlar hech qanday qiyinchiliksiz, shohona sharoitda bobomizning merosini o‘rganmoqda. Bu bizga ilm va ixlos yo‘lidagi hech bir amal beiz ketmasligini ko‘rsatadi. Yangilangan majmuaning har bir marmar toshi bizni sabr va mehnat ortidagi mukofotga ishonishga, Yaratganning ushbu kunlariga shukrona aytishga undaydi.
Oddiylikdagi buyuklik
Qurilish jarayoni bir necha yil davom etdi. Shu yillar davomida bir haqiqatga guvoh bo‘ldik: davlatimiz rahbari Samarqandga har gal tashrif buyurganida, albatta, Xartangga — Imom Buxoriy majmuasiga kiradi.
Meni jurnalist, inson sifatida eng qattiq ta’sirlantirgan, ko‘zimga yosh qalqitgan jihat boshqa narsa bo‘ldi. Prezidentimiz qurilish maydoniga kelganida faqat chizmalarga qaramadi. Atrof¬dagi mahallalarda yashovchi oddiy odamlar, xonadon egalari bilan, qo‘llari qadoq g‘isht teruvchi ustalar, yog‘och o‘ymakorlari bilan soatlab samimiy suhbat qurdi. Ularning hol-ahvolini, bola-chaqasining sog‘lig‘ini so‘radi.
Hatto ishonish qiyin bo‘lgan bir voqeani aytib berishdi: Prezidentimiz quruvchilarning yotoqxonasi, yashash sharoiti va eng muhimi — kundalik yeydigan osh-ovqatigacha surishtirgan. Ustalarimiz nima yeyapti? Ovqati to‘yimlimi, go‘shti joyidami? Ular uyidan uzoqda mehnat qilyapti, ularga hamma sharoitni qilib beringlar deb kuyingan ekan.
Qanchalar bag‘rikenglik! Dunyoda davlat rahbari ko‘p, lekin ulkan global muammolar, xalqaro siyosat qaynab turgan bir paytda qurilishdagi oddiy ishchining issiq-sovug‘i va qozonidagi ovqatigacha surishtiradigan davlat rahbarini topish juda qiyin. Mana shu mehr, mana shu oddiylik va bag‘rikenglik Imom Buxoriy bobomiz butun umr kitoblariga bitgan o‘sha oliyjanob musulmon ahli xulqining amaldagi ifodasi emasmi?!
Ustunlar shiviri va ijodkor qalbi
Majmuaning ayvon qismiga qadam bosganimda yuqoriga tikilib, beixtiyor to‘xtab qoldim. Yog‘och o‘ymakorligining oliy namunasi bo‘lgan 154 ustun xuddi tirik daraxtlardek saf tortib turibdi. Bu ustunlar shunchaki binoni ushlab turgan tirgaklar emas, balki har birida yurtimizning uzoq-uzoq qishloqlaridan kelgan ustalarning mehnati, qalb qo‘ri va duolari yashiringan.
Bu ustunlarga qarab turib, o‘zlikni anglash naqadar muhimligini tushunamiz. Biz kimning avlodlarimiz? Biz faqat boy tarixga ega emas, balki o‘sha tarixni bugun ham davom ettirishga qodir, qo‘ligul millatmiz! Ayvon ostidagi ustunlar oralab yurganingizda mayin esayotgan shamol yog‘ochlarning iforini dimog‘ingizga olib keladi. Shunda qalbingizdan bir tuyg‘u o‘tadi: “Allohim, bizga o‘z ota-bobolarimizning san’atini, iymonini va madaniyatini mana shunday go‘zal shaklda tiklash baxtini berganing uchun O‘zingga hamdlar bo‘lsin!”.
Biz kutmagan mo‘jiza
Yangi majmuaning men uchun eng kutilmagan va hayratlanarli maskanlaridan biri Imom Buxoriy hayoti va ilmiy merosiga bag‘ishlangan innovatsion muzey bo‘ldi. Ushbu muzey 9 ta tematik pavilondan iborat bo‘lib, u yerda eng ilg‘or axborot texnologiyalari va raqamli tizimlar o‘rnatilgan.
Muzey ichiga kirar ekansiz, shunchaki qadimiy eksponatlarni ko‘rmaysiz, balki VII-IX asrlar muhitiga, hadis ilmining shakllanish jarayoniga sayohat qilasiz. Ekranlarda Imom Buxoriyning tug‘ilgan joyi, Makka, Madina, Bag‘dod, Basra va Kufa shaharlariga ilmiy safarlari xaritasi jonlanadi. Qur’oni karimda ismi zikr etilgan payg‘ambarlar tarixi, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning shajaralari vizual shaklda namoyish etiladi.
Ko‘pchilik din va fanni, iymon va texnologiyani bir-biriga qarama-qarshi deb o‘ylaydi. Ammo ushbu innovatsion muzey zamonaviy texnologiyalar iymonga, ilmga va ma’rifatga qanday go‘zal xizmat qilishi mumkinligini ko‘rsatib berdi. Biz farzandlarimizni telefon va gadjetlardan chalg‘itolmay xunob bo‘layotgan bir davrda ushbu muzey texnologiya orqali o‘g‘il-qizlarimizning qalbiga Imom Buxoriy merosini singdirish mumkin ekan. Bu qanday katta ne’mat va qanday buyuk shukrona sababidir!
Tarix adolati
Imom Buxoriy majmuasining yangilanishi bizga yana bir katta darsni beradi. Islom olamida Qur’ondan keyingi eng ishonchli manba deb tan olingan “Sahihi Buxoriy” kitobi mana shu zaminda tug‘ilgan. Ammo yaqin tariximizda — sho‘rolar davrida bu kitoblarni o‘qish, saqlash taqiqlangani, bobomizning qabri qarovsiz va unutilgan bir ahvolda bo‘lganini katta avlod, ota-onalarimiz yaxshi eslaydi.
Davlatimiz rahbari Prezidentlik faoliyatining ilk kunlaridanoq aynan mana shu ma’naviy adolatni tiklashga kirishdi. Bu shunchaki qurilish emas, balki millatning yo‘qolgan qalbini va tarixiy xotirasini o‘z egasiga qaytarish loyihasi edi. Bugun majmua huzurida nafaqat ziyoratgoh, balki Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Hadis ilmi maktabi faoliyat yuritmoqda. Bu yerdan dunyo darajasidagi olimlar yetishib chiqmoqda. Tarixning eng katta adolati shudir. Toshlar va binolar vaqt o‘tishi bilan yemirilishi mumkin, ammo haqiqiy ilm va ma’rifat umrbod yashaydi.
Ko‘z yoshlarida aks etgan birdamlik
2026-yil Ramazon hayiti namozi ushbu yangi majmuada o‘zgacha ruhda ado etildi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy hazratlari boshchiligida mamlakatimizning barcha hududidan kelgan nuroniylar, ulamolar va o‘n minglab oddiy insonlar yangi masjid sahnida yelkama-yelka turib namoz o‘qidi.
O‘sha kuni namozdan so‘ng qilingan duolardan juda ko‘pchilikning, jumladan, mening ham ko‘zimga yosh keldi. Bu quvonch va shukrona yoshi edi. Chunki insonlar yangilangan majmuada faqat go‘zal me’morchilikni emas, balki millatning birdamligini, qalblarning yaqinligini his qildi.
Xartang qishlog‘idagi ushbu yangilangan obidadan ortga qaytar ekanman, mashinam oynasidan uzoqlashib borayotgan to‘rtta ulug‘vor minoraga qarab xayolga toldim. U yerda faqat yangi binolarni emas, balki millatimiz ruhiyatining yangilanishini, davlatimiz rahbarining xalqning ma’naviy hayotiga va har bir oddiy inson taqdiriga cheksiz hurmati, asrlarga tatigulik jasoratini ko‘rib qaytdim.
Bugun har bir yurtdoshimga, zamondoshimga aytar so‘zim bor: keling, mana shunday buyuk ajdodlarning vorisi ekanimizdan faxrlanish bilan birga bizga berilgan tinchlik, farovonlik va ilm ne’matining ham qadriga yetaylik. Bobomiz Imom Buxoriy o‘z hayotini bag‘ishlagan go‘zal xulq, to‘g‘rilik va ilm yo‘lidan yurish bizning u zotga va ushbu muqaddas zaminni tiklaganlarga bo‘lgan eng katta minnatdorchiligimiz bo‘ladi.
Maqsud JONIXONOV,
Jurnalist