Xiyobonda jahon ilm-fani, adabiyoti va tamadduniga beqiyos hissa qöşgan 18 nafar buyuk siymoning haykallari qad rostlagan.

Asrlar oşa ilm-maʼrifatga çorlab kelayotgan buyuk ajdodlarimiz — millatimiz faxri, maʼnaviyatimiz tayançi va jahon tamaddunining bebaho merosidir.

Ularning har biri öz davrining ovozi, millat tafakkurining yorqin ifodasi va bugungi avlod uçun ibrat maktabidir.

Xiyobonga kiraverişda sizni jadid bobolarimiz kutib oladi. Öng tomonda — maʼrifatparvar pedagog, adib va jamoat arbobi Abdulla Avloniy, Uning yonida özbek şeʼriyatining isteʼdodli vakili Usmon Nosir, çap tomonida esa jadid adabiyotining yirik namoyandalari — maʼrifat kuyçisi Abdulhamid Çölpon va Abdulla Qodiriy haykallari örin olgan. Bu tört nafar siymoning haykallari bizga bir haqiqatni eslatadi: millatni uyğotadigan kuç — maʼrifat, söz va tafakkurdir.

Xiyobonda Xorazm adabiy muhitining yirik vakillari ham munosib örin egallagan. Xorazm hukmdori, şoir va maʼrifat homiysi Muhammad Rahimxon II – yaʼni Feruz, uning yonida özbek mumtoz adabiyotining ulkan namoyandasi, tarixçi va mohir tarjimon Muhammadrizo Ogahiy siymosi örin olgan.

Xiyobonning alohida eʼtiborga molik jihati — unda ilm va adabiyot rivojiga munosib hissa qöşgan ayollar siymolariga ham joy ajratilganidir.

Maryam Sultonmurodova — maʼrifatparvar, pedagog va jadidçilik harakati bilan boğliq faoliyati orqali tanilgan tarixiy şaxs. Jahon otin Uvaysiy esa özbek mumtoz şeʼriyatining yirik vakilasi.

Xiyobon böylab davom etar ekanmiz, Xorazm va butun Şarq tarixida alohida iz qoldirgan buyuk allomalar bilan uçraşamiz. Pahlavon Mahmud — şoir, faylasuf va kuragi yerga tegmagan polvon sifatida xalq xotirasidan joy olgan uluğ siymo. Najmiddin Kubro — tasavvuf taʼlimotining yirik namoyandasi, Kubraviya tariqatining asosçisi.

Qolaversa, hiyobonda turkiy adabiyotning buyuk namoyandasi, mutafakkir, davlat arbobi va uluğ şoir Alişer Navoiy, buyuk astronom, matematik va davlat arbobi, osmon jismlarini örganiş böyiça jahon ilm-fanida muhim iz qoldirgan ajdodimiz Mirzo Uluğbek, Xorazm zaminidan yetişib çiqqan buyuk tilşunos alloma, Arab tili grammatikasi asosçisi Mahmud az-Zamaxşariy, Xorazm ilmiy muhitining yetuk vakillaridan biri, matematik va astronom Abu Nasr Mansur ibn Iroq, Şarq falsafasining buyuk namoyandasi, qomusiy olim, Mantiq, falsafa haqidagi qaraşlari bilan jahon tafakkuri rivojiga katta hissa qöşgan Abu Nasr Forobiy hamda jahon tibbiyoti va falsafasi tarixidagi eng buyuk allomalardan biri, “Tib qonunlari” asari muallifi Abu Ali ibn Sino haykallari örin olgan.

Xiyobonning markazida esa ikki buyuk siymo — algebra fanining şakllanişi va rivojiga ulkan hissa qöşgan matematik, astronom va geograf Muhammad al-Xorazmiy va astronomiya, matematika, geografiya, tarix va boşqa köplab fanlar rivojiga ulkan hissa qöşgan qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy haykallari alohida salobat bilan qad rostlagan.

Uşbu ikki buyuk allomaning xiyobon markazida joylaşgani bejiz emas. Zero, ilmga ehtirom va ajdodlar merosiga sadoqat — universitetning maʼnaviy qiyofasini belgilovçi muhim qadriyatlardandir.

Mazkur maskanda talabalar uçun kitob mutolaa qiliş, özaro fikr almaşiş va madaniy hordiq çiqarişga möljallangan şinam ayvonçalar ham taşkil etilgan.

“Buyuk mutafakkirlar xiyoboni” — ötmiş bilan bugunni, ajdodlar tafakkuri bilan yoşlar orzu-intilişlarini boğlovçi maʼnaviy köprikdir.

Hamkorlik materiali