Ushbu ekstraditsiya jarayonida xalqaro hamkorlikni tashkil etish boʻyicha asosiy muvofiqlashtiruvchi vazifani Oʻzbekiston Respublikasidagi Interpol Milliy markaziy byurosi amalga oshirdi. Byuro xodimlarining izchil saʼy-harakatlari tufayli Interpolning Qohira shahridagi Milliy markaziy byurosi bilan tezkor axborot almashinuvi yoʻlga qoʻyildi, xalqaro qidiruv doimiy nazorat qilib borildi, ikki davlat vakolatli idoralarining oʻzaro hamkorligi muvofiqlashtirildi.
Shuningdek, tovlamachilik va bir qator boshqa ogʻir jinoyatlarni sodir etganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qiluvchi organlari tashabbusi bilan xalqaro qidiruvga berilgan shaxsni qoʻlga olish va keyinchalik ekstraditsiya qilish uchun zarur materiallar oʻz vaqtida yuborilishi taʼminlandi.
Interpol Milliy markaziy byurosining xalqaro qidiruv boʻyicha oʻtkazgan tadbirlari natijasida qidirilayotgan shaxsning davlatlararo harakatlanish yoʻnalishlari aniqlandi va uning Misr Arab Respublikasi hududida ekani tasdiqlandi. Interpol kanallari orqali olingan maʼlumotlar Misrning vakolatli idoralariga qidiruvdagi shaxsni qoʻlga olish imkonini berdi.
Ekstraditsiya toʻgʻrisidagi soʻrov koʻrib chiqilgach, Misr Arab Respublikasining vakolatli idoralari qidiruvdagi shaxsni Oʻzbekiston Respublikasiga topshirish haqida qaror qabul qildi.
Barcha zarur xalqaro-huquqiy tartib-taomillar natijasida qidiruvdagi shaxs Interpolning Oʻzbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi xodimlariga topshirildi va Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq jinoiy javobgarlikka tortish uchun mamlakat hududiga olib kelindi.
Mazkur ekstraditsiya xalqaro politsiya hamkorligi mexanizmlarining samaradorligi hamda Oʻzbekiston Interpol Milliy markaziy byurosining xorijiy huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan amaliy hamkorligining yana bir yorqin namunasidir.
Oʻzbekiston Respublikasidagi Interpol Milliy markaziy byurosi yashirinib yurgan jinoyatchilarning yashiringan joyini aniqlash, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda qidiruvdagi shaxslar qaysi mamlakatda ekanidan qatʼi nazar, jazoning muqarrarligi tamoyilini taʼminlash borasidagi tizimli ishlarni davom ettiradi.