Unda
Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti
universiteti, Buxoro davlat tibbiyot instituti, Namangan davlat pedagogika
instituti, O‘zbekiston Milliy universitetining Jizzax filiali hamda yagona
nodavlat Oliy ta'lim muassasasi – Urganch innovatsion universitetining
talaba-yoshlardan iborat faol jamoalari ishtirok etdi.
Urganch
innovatsion universitetining «Xorazm gavhari» jamoasi 1-shartda Xorazm
vohasining boy ma'naviy merosini o‘zida mujassam etgan «Oq olish», «Qulluq», «Orjo
ochar», «Xodim chiqar» va «Qand ushatish» kabi qadimiy urf-odatlarni o‘zgacha
ruhda sahnaga olib chiqdi.
10 daqiqa
vaqt ajratilgan 2-shartda esa Xorazmning ko‘hna va betakror an’analaridan
biri bo‘lgan – «Qovun sayli» o‘ziga xos badiiy kompozitsiya asosida
tasvirlandi. «Galing-galing, qovun saylina galing» qo‘shig‘i sadolari ostida
dehqon mehnati, qovun navlarining qadri va xalqona sayl muhiti mahorat bilan
gavdalantirildi. Sahnaviy chiqishlar davomida «Qum pishiki», «Cho‘girma»
kuylariga raqslar, «Qovun-qovunla» qo‘shig‘i hamda milliy san'atimizning bebaho
durdonasi bo‘lgan «Lazgi» ijrosi tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
Navbat
3-raqamdagi bilimlar baxsiga yetib keldi. Bunda jamoa a'zolari o‘zlarining
yuksak intellektual salohiyatini ko‘rsata oldi va hakamlar hay'ati tomonidan
berilgan 10 ta savoldan 9 tasiga aniq, mukammal javob qaytardi. Natijada, «Xorazm
gavhari» jamoasi milliy qadriyatlarni targ‘ib etish, tarixiy merosni ulug‘lash
va yoshlar salohiyatini namoyon etish borasida alohida e'tirof etildi.
– Bu tanlov
o‘zbekona urf-odatlarimizni chin ma’noda ulug‘lab,
tarannum etishda muhim ahamiyat kasb etdi, - deydi Urganch innovatsion
universiteti o‘qituvchisi, ijodiy jamoa murabbiysi Oyshajon Otajonova. – Shu
bilan bir qatorda biz – ustoz-murabbiylar talaba-yoshlarimizni milliy va
umuminsoniy, ijtimoy-axloqiy, madaniy va ma'naviy qadriyatlarimiz, an’ana va
urf-odat, milliy san'atimiz bilan yaqindan tanishtirish, jadidlarimiz hayotini
chuqur o‘rgatish orqali ularning tarixiy tafakkurini oshirishga alohida e’tibor
qaratdik.
Urganch
innovatsion universiteti jamoasi mazkur ko‘rik-tanlovning final bosqichida
yuksak mahorat, chuqur bilim va betakror sahna madaniyatini namoyish etib,
faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Mazkur
g‘alaba Urganch innovatsion universiteti talaba-yoshlarining bilim, iste’dod va
Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalanayotganining yana bir yorqin tasdig‘idir.
Xorazmning boy madaniy merosi va qadriyatlarini munosib himoya qilgan «Xorazm
gavhari» jamoasi tanlovning eng yorqin kashfiyoti bo‘ldi!
Gulnoza
UMIROVA,
jurnalist.