Eng muhimi, sun’iy intellektdan foydalanish nafaqat yangi imkoniyatlarni, balki undan to‘g‘ri va mas’uliyatli foydalanish zaruratini ham yuzaga keltirmoqda.
O‘zbekistonda ham sun’iy intellektni rivojlantirish va undan foydalanishning huquqiy asoslarini yaratishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunga qadar bu sohani tartibga solishga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Jumladan, Xususan, hozirga qadar mamlakatimizda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish va qo‘llash borasidagi sohani tartibga solish uchun 10 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “Sun’iy intellektni qo‘llash sohasidagi munosabatlarni tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 22-oktabrdagi “Sun’iy intellekt texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–189-son Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-oktabrdagi «Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi PQ–358-son qarori va boshqalar.
Sun’iy intellektning oliy ta’limdagi imkoniyatlari
Sun’iy intellektning ta’lim sohasidagi imkoniyatlari tobora kengayib bormoqda. Bugungi kunda undan, ayniqsa, talabalar va ilmiy tadqiqotchilar faol foydalanmoqda. Biroq sun’iy intellekt texnologiyalarini oliy ta’lim tashkilotlari faoliyatiga joriy etish jarayoni nisbatan sekinroq kechmoqda.
Vaholanki, sun’iy intellektdan oliy ta’limda samarali foydalanish ko‘plab qulayliklarni yaratishi mumkin. Avvalo, u talabalarni qo‘llab-quvvatlash, professor-o‘qituvchilarning vaqtini tejash va ularning mehnat samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, ta’lim sifatini yaxshilash bilan birga, oliy ta’lim tashkilotlarining boshqa yo‘nalishlardagi faoliyatini ham yanada samarali tashkil etishga yordam beradi.
Professor-o‘qituvchilar uchun esa sun’iy intellekt kundalik faoliyatdagi ko‘plab vazifalarni yengillashtirishi mumkin. Masalan, o‘quv materiallari va testlarni tayyorlash, talabalar bilimini tahlil qilish hamda takroriy vazifalarni avtomatlashtirishda undan samarali foydalanish mumkin.
Shu jihatdan, sun’iy intellekt oliy ta’limda nafaqat zamonaviy texnologiya, balki ta’lim sifatini oshirish, professor-o‘qituvchilar mehnatini yengillashtirish va talabalarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladigan muhim vosita sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Yuridik ta’limda ham yangi bosqich
Sun’iy intellekt imkoniyatlaridan yuridik ta’limda foydalanish masalasi ham tobora dolzarb bo‘lib bormoqda. Chunki zamonaviy yurist nafaqat qonunlarni yaxshi bilishi, balki raqamli texnologiyalar bilan ishlash ko‘nikmasiga ham ega bo‘lishi kerak.
Bu borada muhim qadam O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–232-son Farmoni bilan belgilandi. Unga asosan Toshkent davlat yuridik universitetida ta’lim jarayonlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish nazarda tutilgan.
Xususan, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab universitetda sun’iy intellekt asosida dars sifatini baholashning yangi mexanizmlari joriy etilmoqda. Elektron ta’lim platformasi orqali talabalarning oraliq bilim darajasini aniqlash, yakuniy nazorat ishlarini sun’iy intellekt yordamida baholash hamda baholash jarayonida inson omilini kamaytirish ko‘zda tutilgan.
Yana bir muhim yangilik — sun’iy intellekt asosidagi “raqamli tyutor” imkoniyatlaridan foydalanishdir. Bunday texnologiya talabaning o‘quv jarayonidagi savollariga javob berish, mavzularni tushuntirish va mustaqil ta’lim olishiga ko‘maklashishi mumkin.
Bu o‘zgarishlar nimani anglatadi?
Tasavvur qiling: talaba darsdan tashqari vaqtda o‘zi tushunmagan mavzu bo‘yicha savolga tezkor javob olishi, qo‘shimcha materiallar bilan tanishishi yoki bilimini mustaqil sinab ko‘rishi mumkin. Professor-o‘qituvchi esa vaqtini takroriy ishlar bilan emas, talabalar bilan chuqurroq ishlash, muhokama va amaliy mashg‘ulotlarga yo‘naltiradi.
Biroq sun’iy intellektdan foydalanishda bir jihatni unutmaslik kerak: SI o‘qituvchi yoki yuristning o‘rnini to‘liq egallamaydi. U, avvalo, insonning bilim va tajribasini to‘ldiruvchi vosita bo‘lishi kerak. Ayniqsa yuridik ta’limda mustaqil fikrlash, qonunchilikni tahlil qilish, huquqiy pozitsiyani asoslash va mas’uliyatli qaror qabul qilish kabi ko‘nikmalar hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Shu sababli yuridik ta’limda sun’iy intellektdan foydalanishning asosiy maqsadi talabani texnologiyaga qaram qilib qo‘yish emas, balki uni zamonaviy texnologiyalardan samarali, tanqidiy va mas’uliyatli foydalana oladigan raqobatbardosh mutaxassis sifatida tayyorlashdan iborat.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, sun’iy intellekt yuridik ta’lim oldida yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Elektron ta’lim, aqlli baholash tizimlari va AI asosidagi tyutorlar ta’lim jarayonini yanada qulay, tezkor va samarali qilishga xizmat qilishi mumkin.
Eng muhimi, texnologiya va inson salohiyati bir-birini to‘ldirishi kerak. Chunki kelajak yuristi faqat qonunni biladigan emas, balki sun’iy intellektdan to‘g‘ri foydalanadigan, axborotni tanqidiy tahlil qiladigan va huquqiy mas’uliyatni chuqur anglaydigan mutaxassis bo‘lishi zarur.
Dilshod RAJABOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti
O‘quv-uslubiy boshqarmasi (Registrator ofisi) boshlig‘i o‘rinbosari