Valyuta, soliq, bojxona va investitsiya siyosatida tub oʻzgarishlar amalga oshirildi.

Natijada mamlakatimizning Iqtisodiy erkinlik indeksidagi oʻrni 80 pogʻona yaxshilanib, Oʻzbekiston iqtisodiyoti moʻtadil erkin davlatlar qatoridan joy oldi.

Ilgari iqtisodiyotimizga yiliga 2-3 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilingan boʻlsa, hozir mazkur koʻrsatkich 40-50 milliard dollarni tashkil etmoqda. Investitsiyalar bilan birga ilgʻor texnologiyalar, zamonaviy bilim va yangi iqtisodiy imkoniyatlar ham kirib kelmoqda.

Uch yil oldin 2030-yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazish reja qilingan edi. Global logistikadagi uzilishlar va dunyodagi notinch vaziyatga qaramasdan, ushbu marra joriy yilning oʻzida ortigʻi bilan bajarilib, Oʻzbekiston daromadi oʻrtachadan yuqori davlatlar qatoriga kiradi.

Bunday yuksak natijalarga xalqimizning fidokorona mehnati, intellektual salohiyati hamda millat va davlat birdamligi tufayli erishyapmiz. Ijobiy oʻzgarishlarni har bir inson, har bir oila oʻz hayotida chuqur his etyapti, – dedi Prezidentimiz.