Kompaniyalar guruhining Oʻzbekistonda avtomobil va transport sohalarini rivojlantirishga qoʻshayotgan hissasi yuqori baholandi. Jizzaxda tashkil etilgan avtomobil klasterida ishlab chiqarishni kengaytirish va avtomobil butlovchi qismlarini mahalliylashtirish darajasini oshirish masalalari koʻrib chiqildi.

“Kia” avtomobillarini ishlab chiqarishning toʻliq zanjiri yoʻlga qoʻyilayotgani va eksport hajmi ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Yangi rusumdagi avtomobillar ishlab chiqarishni boshlash va presslash sexini ishga tushirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, elektr va gibrid avtomobillar yigʻishni yoʻlga qoʻyish istiqbollari koʻrib chiqildi.

Yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Hyundai Rotem” poyezdlari Toshkent – Xiva yoʻnalishida qatnay boshladi va yoʻl vaqtini ikki barobar qisqartirdi. Kompaniya tomonidan qoʻshimcha poyezdlarni yetkazib berish masalalari muhokama qilindi.

Mamlakatimizda “Hyundai Rotem” servis markazini tashkil etish, butlovchi qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda elektr dvigatellari uchun magnitlar ishlab chiqarish masalasini oʻrganish muhimligi taʼkidlandi.