Betakror Ozarbayjon zaminiga yana bir bor tashrif buyurish hamda Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning yettinchi sammiti ishtirokchilarini qutlash sharafiga muyassar bo‘lganimdan behad mamnunman.

Avvalambor, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti, hurmatli Ilhom Geydarovich Aliyevga samimiy qabul hamda sammitni yuksak darajada tashkil etgani uchun minnatdorlik bildiraman.

Hozirgi murakkab davrda Sizning muvaffaqiyatli yetakchiligingizda Ozarbayjon jadal rivojlanmoqda, uning jahondagi obro‘-e’tibori va nufuzi oshmoqda, qardosh xalqingizning farovonligi izchil o‘smoqda. Bu bizda mamlakat rahbariyatiga nisbatan yuksak hurmat tuyg‘ularini kuchaytirmoqda.

Shuningdek, biz Ozarbayjonning ushbu Kengashdagi samarali raisligini yuqori baholaymiz. Bu davrda Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash doirasida o‘zaro muloqotimiz yanada mazmunli tus olib, amaliy natijalarga boy bo‘ldi.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Hammamiz guvohmiz, bugungi kunda dunyo chuqur geosiyosiy o‘zgarishlarni boshidan kechirmoqda.

Yangi tahdid va xatarlar paydo bo‘lmoqda. Bu vaziyat bizdan yanada yaqin hamkorlik va birgalikda qarorlar qabul qilishni talab etadi.

Ayniqsa, Osiyoning turli hududlaridagi qurolli nizolar barchamizni chuqur xavotirga solmoqda. Ularning oqibatlari mojaro hududidan tashqariga chiqib ketmoqda, siz bilan biz yashayotgan mintaqa xavfsizligiga jiddiy putur yetkazmoqda, global iqtisodiyotga zarar keltirmoqda va millionlab insonlar hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Bizning bu boradagi pozitsiyamiz aniq va qat’iy: har qanday nizo va kelishmovchiliklar faqat tinch yo‘l bilan, siyosiy-diplomatik vositalar orqali, xalqaro huquq va barcha tomonlar manfaatlarini inobatga olgan holda hal etilishi zarur.

Qit’amizda nizolarning yanada keskinlashuviga yo‘l qo‘ymaslik g‘oyat muhim. Biz Yaqin Sharqdagi qarama-qarshilik va G‘azodagi gumanitar vaziyatni katta tashvish bilan kuzatib boryapmiz. Ushbu mintaqada tezroq tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishi tarafdorimiz.

Muloqot susaygan joyda noto‘g‘ri qarorlar qabul qilish xavfi ortadi. Shu bois biz siyosiy kelishmovchiliklar qurolli to‘qnashuvlarga aylanib ketmasligi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishimiz zarur. Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning o‘rni va ta’sir kuchini aynan shunda ko‘ramiz. Kengashning asosiy maqsadi Osiyoda o‘zaro hamkorlikning yaxlit infratuzilmasini shakllantirish bo‘lishi kerak.

Bu o‘rinda gap o‘zaro uyg‘un va oldindan taxmin qilish mumkin bo‘lgan harakatlar, zimmamizga olgan majburiyatlarni bajarish asosidagi munosabatlarning barqaror tizimini yaratish haqida bormoqda. Bu nizolarning oldini olish va o‘zaro maqbul qarorlarni topish imkonini beradi.

Shu munosabat bilan biz Osiyoda ishonch infratuzilmasini shakllantirish konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif etamiz. Ushbu hujjatda Kengashni uzoq muddatli rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari, davlatlar o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlikni va hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab berilishi lozim. Xususan, transport va energetika bo‘yicha qo‘shma loyihalar, savdo va raqamli aloqalarni rivojlantirish, madaniy-gumanitar almashuvlar katta ahamiyatga ega.

Siyosiy vaziyat qanday bo‘lishidan qat’i nazar, davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch munosabatlarimizning doimiy va mustahkam poydevoriga aylanishi shart.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Hozirgi shiddatli texnologik taraqqiyot va iqlim o‘zgarishlari barchamizning oldimizga yangi vazifalarni qo‘ymoqda.

Ma’lumki, sun’iy intellekt kundalik hayotimizni tez o‘zgartirmoqda. U cheksiz imkoniyatlar yaratish bilan birga, jiddiy xavf-xatarlarni ham keltirib chiqarmoqda.

Endilikda biz raqamli taraqqiyot barchaga birdek foyda keltirishi, texnologik rivojlanishdagi farq qisqarishi uchun bor imkoniyatlarni safarbar etishimiz zarur. Shu maqsadda Texnologik ishonch va sun’iy intellektdan mas’uliyat bilan foydalanish bo‘yicha Osiyo tashabbusini ilgari suramiz. Buning uchun Kengash doirasida Ekspertlar maydonini tashkil etish maqsadga muvofiqdir. Unda mamlakatlarimiz mutaxassislari umumiy tavsiyalarni ishlab chiqishi va amaliy choralarni kelishib olishi mumkin bo‘ladi.

Shu bilan birga, Kengash iqlim o‘zgarishlariga moslashish uchun davlatlarning kuch va imkoniyatlarini birlashtira oladi, deb hisoblaymiz. Buning uchun Iqlim barqarorligi sohasida sheriklik qilish bo‘yicha tashabbusni taklif etamiz. Bu suvni tejaydigan texnologiyalarni birgalikda joriy etish, “yashil” energetikani rivojlantirish va atrof-muhit holatini doimiy kuzatib borish imkonini beradi. Shu tariqa ehtimoliy xavf-xatarlarni kamaytirishimiz va kelajak avlodlar uchun tabiiy resurslarni saqlab qolishimiz mumkin. 

Hurmatli hamkasblar!

O‘zbekiston Kengashning Inson mezoni bo‘yicha koordinatori sifatida ta’lim, madaniyat va gumanitar sohalardagi aloqalarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqda.

Biz kelgusi yili Inson salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha forumni o‘tkazishga tayyormiz. Mazkur anjumanda yoshlar va xotin-qizlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish, sifatli ta’limdan foydalanish, raqamli transformatsiya sharoitida inson huquqlarini himoya qilish kabi masalalarni alohida ko‘rib chiqish rejalashtirilmoqda.

Ushbu sohadagi qo‘shma hamkorligimiz yanada izchil bo‘lishi uchun Kengashning yaqin ikki yilga mo‘ljallangan Harakatlar dasturini ishlab chiqishni taklif etamiz.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Kelgusi yili O‘zbekiston Qo‘shilmaslik harakatining yigirmanchi sammitiga mezbon bo‘ladi va mamlakatimiz 2030-yilga qadar ushbu tashkilotga raislik qiladi.

Qo‘shilmaslik harakati hamda Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning maqsad va tamoyillari ko‘p jihatdan bir-biriga o‘xshash va yaqindir.

Toshkent sammiti xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va nizolarning oldini olish tizimini shakllantirishda muhim voqea bo‘lishiga umid qilamiz. Barchangizni ushbu forumda ishtirok etishga taklif qilaman.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

So‘zimning yakunida shuni alohida ta’kidlamoqchiman: O‘zbekiston Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha Kengashning tashkiliy asoslarini yanada mustahkamlash va uning nizomini takomillashtirish borasidagi ishlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Bu yerda ilgari surilayotgan tashabbuslar o‘z amaliy ijrosini topishi muhimdir.

Fursatdan foydalanib, Laosning Kengashga a’zo davlat maqomini olgani munosabati bilan hurmatli Prezident Txonglun Sisulit Janobi Oliylarini tabriklayman.

Kengashning Bosh kotibi lavozimiga Ozarbayjon vakili nomzodini qo‘llab-quvvatlaymiz. Ozarbayjon tomonining Kengashga raislikni 2028-yilgacha davom ettirish niyatini olqishlaymiz. Ushbu mas’uliyatli missiyani bajarishda ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.