Muloqotda ikki davlat rahbarlarining joriy yil avgust oyidagi uchrashuvida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, shuningdek, Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi doʻstona va strategik sheriklik munosabatlarini energetika sohasida yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, yangi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish hamda neft-gaz sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, elektr energetikasi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, Markaziy Osiyo — Ozarbayjon «Yashil energiya koridori», geologik qidiruv ishlari, neft va neft mahsulotlarini yetkazib berish hamda neftni qayta ishlash sohalaridagi qoʻshma loyihalar muhokama qilindi.
Uchrashuvda ikki mamlakat Prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliev oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar va oʻzaro ishonchga asoslangan hamkorlik Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi strategik sheriklikni, jumladan, energetika sohasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun muhim asos boʻlib xizmat qilayotgani taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va Ozarbayjon Respublikasi Energetika vazirligi oʻrtasida 2026–2028 yillarda energetika sohasida hamkorlikni kengaytirish boʻyicha yoʻl xaritasi imzolandi.
Hujjatda «Yashil energiya koridori» loyihasini amalga oshirish, neft-gaz sohasida geologik qidiruv va qazib chiqarish, neft va neft mahsulotlarini yetkazib berish, neftni qayta ishlash sohasida qoʻshma loyihalarni rivojlantirish hamda SOCARning Oʻzbekistondagi faoliyatini kengaytirish kabi ustuvor yoʻnalishlar belgilandi.