Qayd etilishicha, hujjatning asosiy maqsadi kommunal xo‘jaligi sohasi xodimlarining ko‘p yillik halol va samarali mehnatini munosib e’tirof etish, ularning jamiyatdagi nufuzi va ijtimoiy maqomini oshirish, moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, sohada yuksak kasbiy madaniyat, mas’uliyat va fidoyilikni rag‘batlantirishdan iborat.

Qonun loyihasiga muvofiq, amaldagi «O‘zbekiston Respublikasida kommunal, maishiy va savdo sohasida xizmat ko‘rsatgan xodim» faxriy unvoni negizida alohida «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan kommunal xo‘jaligi xodimi» faxriy unvoni ta’sis etiladi.

Deputatlar ta’kidlashicha, mazkur qonunning qabul qilinishi kommunal xo‘jaligi sohasida mehnat qilayotgan xodimlarni munosib rag‘batlantirish, yosh va malakali kadrlarni tizimga kengroq jalb etish, shuningdek, kommunal xizmatlar sifati va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Muhokamalar yakunida qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilinib, ko‘rib chiqish uchun Senatga yuborildi.