Xususan, Ohangaron tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Navoiy viloyati Konimex tumanida yashovchi, 1996-yilda tugʻilgan A.S. giyohvandlik va psixotrop moddalarni kontaktsiz – manzil usulida tarqatish (“zakladchik”) faoliyati bilan shugʻullanayotgani aniqlandi.

U navbatdagi “zahri qotil”ni tumanning ovloq hududidagi yerga kavlab koʻmayotgan vaqtida, daliliy ashyo bilan ushlandi.

Ushbu shaxsning telefoni koʻzdan kechirilganda, shu kabi 300 ga yaqin tarqatish maqsadida yashirilgan giyohvandlik vositalarining joylashgan “lokatsiya”lari mavjudligi aniqlandi.

Ushbu manzillar boʻyicha tekshiruv olib borilgan vaqtda, har biri 1 grammdan boʻlgan “mefedron” sintetik giyohvandlik vositalari borligi aniqlanib, tezkor xodimlar tomonidan rasmiylashtirib olindi.

Tezkor tadbir natijasida yuzlab fuqarolarni zaharlashi mumkin boʻlgan sintetik giyohvandlik vositalari yoʻq qilindi. Holat yuzasidan ushlangan shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 273–moddasi 6–qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati