Adolat — farovon jamiyatning poydevori, inson qadr-qimmati va ijtimoiy taraqqiyotning asosiy sharti. Tarix guvohlik beradiki, adolat hukm surgan oʻlkada xalq toʻkis, farovon yashaydi, adolat poymol qilingan joyda esa ijtimoiy ziddiyatlar va inqirozlar yuz beradi.
Oʻzbekiston mustaqillik yillarida bu haqiqatni oʻz
tajribasida sinab koʻrdi. Yangi Oʻzbekiston davri adolat va inson qadrini
tiklash yoʻlidagi ulkan sinov va katta natijalarni oʻz ichiga oladi.
Adolatli jamiyat qurmoq uchun, avvalo, oʻtmishdagi xato
va kamchiliklarni tan olmoq, ularni tuzatmoq lozim. Shu maʼnoda, Oʻzbekiston
sud tizimidagi islohotlar, inson huquqlarini himoya qilish borasidagi
chora-tadbirlar, afv siyosati va kechirimlilik tamoyillariga tayanish shunchaki
siyosiy qarorlar emas, balki maʼnaviy ulugʻvorlik ifodasidir. Zero, faqat oʻziga
ishongan insongina kechirimli, oʻziga ishongan xalqqina bagʻrikeng boʻladi.
Bir umr — bir umid
2012-yilning avji saratoni. Oʻsha mashʼum, mahzun kunlar Toshkent davlat sharqshunoslik institutining isteʼdodli aspiranti Sherzod Joʻrayevning umrini ikki qismga boʻlib yubordi — “qamoqdan oldin” va “qamoqdan keyin”. Yaqin doʻstim, yosh olim poraxoʻrlikda ayblanib, hibsga olindi. Tergov-sud hujjatlarida yozilishicha, u bir yil oldin, yaʼni 2011-yil birinchi avgust kuni institut prorektoridan oʻn ming dollar miqdorida pul olib, bir abituriyentga imtihon payti tarix fanidan test savollarini yechib bergan.
Aslida, ayblov oʻta zaif poydevorga qurilgan edi.
Avvalo, oʻsha yili oliy oʻquv yurtlariga kirish imtihoni hayit bayramiga
toʻgʻri kelgani sababli 1 avgust emas, balki 2-avgustda oʻtkazilgani huquqiy
jihatdan muhim dalil edi, yaʼni pora berilganiga guvohlik qilishi kutilgan
sanadan bir kun oldin imtihon hali boshlanmagandi.
Yana bir muhim holat: prorektorning “pora beriladi” deb
koʻrsatilgan xonasi oʻsha kunlarda — 1-avgustda va undan ikki kun ilgari Milliy
xavfsizlik xizmati tomonidan muhrlangandi. Muhrlangan, qatʼiy nazorat ostidagi
xonada noqonuniy oldi-berdilar amalga oshishi mumkin emasligi kundek
ravshan-ku. Biroq oʻsha davrning huquqiy odatiga koʻra, sud, tergovchi va prokuror
uchun bu kabi muhim dalillar jilla ahamiyat kasb etmasdi. Topshiriq bilan
ochilgan jinoyat ishi soʻzsiz bajarilishi lozim edi, majburlov orqali olingan
koʻrsatma esa kishini qamoqqa tashlash uchun kifoya hisoblanardi.
Tahlillarga qaraganda, oʻsha yillarda sudlov
amaliyotida majburiy koʻrsatma mustaqil isbot vositasi baholanib, uning
asosida koʻplab beayb fuqarolar jazo muassasalariga joʻnatilgan.
Sherzod Joʻrayev uch yarim yil umrini panjara ortida,
simtikan devorlar oʻrtasida oʻtkazdi. Uch yarim yil — shunchaki raqam emas. Bu
— yosh olim ilmiy karyerasining toʻxtatilgan yillari, farzandlaru yaqinlar
sogʻinchi, oila va doʻstlar nazarida or-nomus deb atalgan javharning sinishi...
Ozodlikka chiqqan Sherzod Joʻrayev dunyodan butkul
umidini uzgan edi. Oʻzi va farzandlari kelajagiga ishonchi soʻngan, tafakkuri
pajmurda, qalbi yaralangan inson sifatida jamiyatga qaytdi u. Darvoqe, yosh
olimning taqdiri “Birinchi avgust” (ssenariy muallifi — kamina) badiiy filmida
muayyan darajada koʻrsatilgan.
Yangi Oʻzbekiston sharoitida bu hikoya boshqacha yakun
topdi. Jadal sudlov islohotlari, oʻtmishni xolislik asosida taftish etish
siyosati va huquqiy adolatni tiklash mexanizmlari tufayli Sherzod Joʻrayev
Oliy sudga murojaat qilish imkoniyatiga ega boʻldi. Ish qayta koʻrildi va u
toʻliq oqlandi! Tergov-sud hujjatlarida unga nisbat berilgan barcha ayblovlar
asossizligi tasdiqlandi.
Bugun u ilm-fan sohasida yana faol izlanishlar
qilayotgan tadqiqotchi, XV asrning buyuk maʼrifatparvar hukmdori Husayn Boyqaro
davrida kechgan siyosiy va madaniy jarayonlar boʻyicha dissertatsiya himoya
qilish arafasida. Ayrimlar tuhmat toshi yosh olimni bosib-yanchib tashlaydi
deb oʻylagan boʻlsa ajab emas. Ammo insofu adolat boʻhton toshini yakson etib,
qaddi dol boʻlganlarni alifdek rost qilmoqqa qodir ekan!
Sherzod Joʻrayevning ishi yagona holat emas. Yangi
Oʻzbekistonda Oliy sud nazorati tartibida minglab ishlar qayta koʻrildi. Sud
islohotlari boshlanganidan buyon yuzlab kishi noqonuniy ayblov toʻgʻrisidagi
xulosa asosida oqlandi yoki jazosi kamaytirildi. Bu raqamlarning har biri
ortida Sherzod Joʻrayevniki kabi bir oila, bir umr, bir umid yotadi.
Afvga vafo, ahdga sadoqat
Adolat faqat tuhmatni fosh etish, beaybni ozod qilishdan iborat emas. Adolatning yana bir yuksak namunasi yanglish yoʻlga kirgan, bejo qadam qoʻygan insonni kechirish, unga ikkinchi imkon berish va jamiyatga qaytarishdir. Yaqin oʻtmishda jinoyat sifatida baholangan xatolarning ayrimlari yosh va tajribasizlik, baʼzan tashqi taʼsirlar tufayli yuz bergan. Shunda ham mutanosib boʻlmagan ogʻir jazolar qoʻllangan, kechirimlilik esa ikkinchi darajali xislat hisoblangan.
2015-2016-yillarda internetda “Abdulloh Nusrat”
taxallusi ostida konstitutsiyaviy tuzumga oid noqonuniy va nomaqbul bitiklar,
siyosiy-tanqidiy maqolalar tarqatilayotgani aniqlanadi. Tergov jarayonida
maʼlum boʻlishicha, bu ishning ortida yosh navoiyshunos olim Akrom Malik turgan.
Isteʼdodli, qobiliyatli, adabiyotshunoslik ilmining umidli vakili sifatida
baholanayotgan, menga shogird maqomida boʻlgan bu yigit tashqi kuchlar
taʼsiriga tushib qolgan, oʻzi tushunib-tushunmay noravo yoʻlga kirib ketgan
edi.
Akrom Malik sud hukmiga muvofiq, 6 yil muddatga
ozodlikdan mahrum etildi. Oʻsha davr mantigʻiga koʻra, bu jazo “oʻta yumshoq”
deb hisoblanishi mumkin edi. Binobarin, siyosiy motivdagi jinoyatlarda
ayblanganlarga koʻpincha ancha ogʻirroq jazo qoʻllanilardi.
2017-yili Akrom Malik Prezidentimizga murojaatnoma
yoʻlladi.
“Ichkari” oʻsha paytlar jahannamni eslatar edi. Inson
zotidan biror himoyaching boʻlishi mumkin emas edi bu makonlarda. Har qanday
inson iztirob va koʻzyoshlar ila “Qamoqlar tiriklar qabristoni ekan!” deb
yuborar edi. Tushkunlik toʻla yuraklardan yorugʻ kunlar umidi sham kabi
oʻchardi. Menda ham shunday boʻldi...
Oradan bir yil oʻtdi. Tashqaridan koʻngillarga taskin
beruvchi mujdalar kela boshladi. Biz mahkumlarda ham tiriklikka, hayotga umid
uygʻona bordi. Chunki Siz boshlagan siyosatning epkinlari qamoqxonalarga ham
kirib borgan edi. Jumladan, birdan qamoq xodimlarida muomala oʻzgardi,
siyosiy-diniy mahkumlar guruh-guruh boʻlib ozodlikka chiqa
boshladi... Men bu ishlarda adolatparvar insonning qatʼiyatini koʻrdim.
Qamoqlarda insoniy muhit paydo boʻlgani, mahkumlar haqlarining tiklangani
Shavkat Mirziyoyev siyosatining muhim gʻalabasi, yuksak natijasidir!” deb yozgan edi Akrom Malik davlatimiz
rahbariga yoʻllagan murojaatnomalaridan birida.
Yosh olimning ichki dunyosi, ijodiy salohiyati hamda
tarix, adabiyot sohasidagi tadqiqotlarga qoʻshib kelayotgan hissasini yaxshi
bilgan hamkasblar, ustozlar ham qoʻl qovushtirib turmadi. Bir guruh olim va
ijodkorlar yosh tadqiqotchining xatosi va tavbasini koʻrsatib, uning ilmiy
salohiyatini taʼkidlab, afv etilishini soʻrab Prezidentimizga xat yoʻlladik. Bu
noma shu maʼnoda diqqatga sazovor: Oʻzbekiston ziyolilari yosh avlod uchun javobgarlik
tuygʻusini namoyon etdi, ustozlar shogirdlarini zabun ahvolda tashlab
qoʻymadi, ilmiy jamoatchilik undan yuz oʻgirmadi.
Prezidentimiz soʻrovlarni yerda qoldirmadi — Akrom
Malik davlatimiz rahbari imzo chekkan afvnomaga koʻra ozodlikka chiqdi. Bu
yerda hikoyaning eng muhim qismi boshlanadi: insonning oʻziga tuhfa etilgan
ikkinchi imkonni qanday qabul qilishi!
Akrom Malik ozodlikka chiqqach, afvga sadoqat
koʻrsatdi, shogirdlik ahdiga vafo qildi. Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror”
dostoniga uch jilddan iborat sharh bitdi. Har tomonlama puxta, pishiq va eng
muhimi, yoshlarga tushunarli tilda yozilgan sharh muallifi “Ilhom” tanlovida
gʻolib topildi va “Spark” avtomobili bilan taqdirlandi.
Bundan tashqari, yosh adib “Halqa”, “Sahro”, “Jangchi”
kabi romanu qissalar yozdi, turkum sheʼrlar yaratdi. Eng muhimi, u Alisher
Navoiyning “Gʻaroyib us-sigʻar” devoni matniy tadqiqi boʻyicha dissertasiya
himoya qilishga erishdi.
Akrom Malik qisqa muddatda qoʻlga kiritgan yutuqlar
nafaqat shaxsiy zafar, balki kechirimlilik tamoyilining jamiyatga bergan
samarasidir. Avval xato qilgan, lekin ikkinchi imkon tuhfa etilgan inson
ishonchni oqlab, sermahsul, unumli ijod orqali jamiyatga, davlatga oʻz minnatdorligini
izhor etdi.
Oʻzgarayotgan paradigma
Sherzod Joʻrayev va Akrom Malikning kechmishi farqli, albatta: biri tuhmat, ikkinchisi haqiqiy xato sababli jabr koʻrdi. Ammo ularni bogʻlaydigan umumiy rishta shuki, yangi Oʻzbekistonning odil siyosati har ikkisiga ham olimu ijodkor sifatida qayta hayot baxsh etdi va ikkovlon ham bu imkonni havoga sovurmadi.
Bunday misollar oʻnlab, balki yuzlab topiladi. Kechagi
kunga nazar tashlasak, turli sabab-omillarga koʻra sitam chekkan, huquqlari
poymol etilgan, imkoniyatlari tortib olingan vatandoshlarimiz taqdiri koʻz
oʻngimizda namoyon boʻladi. Ular ichida olimlar, yozuvchilar, jurnalistlar,
oddiy mehnatkashlar, jamiyatimizning barcha qatlami vakillari bor. Yangi
Oʻzbekiston rahbariyati ularning barchasiga yorugʻ vaʼda berdi, oydin mujda
yoʻlladi: adolat tiklanadi, endi bari boshqacha boʻladi!..
Bu yoʻlda tizimli chora-tadbirlar koʻrildi. Jinoyat-protsessual
kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishlar, hibsga olish va qamoqda ushlash
tartiblariga cheklovlar, majburiy koʻrsatma olishga nisbatan qatʼiy taqiqlar —
bularning barchasi oʻtmish xatolarining takrorlanmasligi uchun kafolat
yaratdi. Sud mustaqilligini mustahkamlash, prokuratura vakolatlarini tartibga
solish, qonun ustuvorligiga tayangan demokratik davlat qurishdek tamoyillar
yangi Oʻzbekistonning huquqiy qadriyati, aqidasiga aylandi.
Kechirimlilik adolatning dushmani emas. Aksincha,
chinakam adolat kechirimlilikni taqozo etadi. Xom sut emgan bandai ojiz
mutlaq ravishda adashuvdan xoli emas. Odil jamiyat esa yanglishganlarni
tarbiyalash va rohi rostga qaytarish yoʻlini tutadi. Afsuski, yaqin oʻtmishda
bu kuch-vakolat suiisteʼmol qilindi, jazolash funksiyasi bot-bot istifoda
etildi, islohga emas, sindirishga urgʻu berildi. Yangi Oʻzbekiston bu paradigmani
oʻzgartirmoqda, “Adovat emas, adolat yengar” degan dono yondashuv hayotiy
tutumga aylanmoqda.
Xoʻsh, zulm, adolatsizlik jamiyatda qanday aks sado
beradi? U, avvalo, raiyatning davlatga ishonchiga putur yetkazadi. Jamoaviy
xotira zaharlanadi, navqiron avlodga koʻzga koʻrinmas ijtimoiy jarohat meros
boʻlib oʻtadi. Odamlar oʻzini himoyasiz, zaif his etadi. Bu esa millatning
botiniy quvvati, vatansevarlik ruhiyatini soʻndiradi.
Adolatning tiklanishi hamisha jamiyatni
jipslashtirishga xizmat qiladi. Deylik, Sherzod Joʻrayevni oqlash faqat bir
oila yoki bir olim hayotidagi oʻzgarishgina emas. Bu barcha olimu fuzaloga
qarata xitobdir: “Tizim sizlarga adolatli munosabatda boʻlishga qobil,
qodir!”. Akrom Malikning afv etilishi esa yanglish odim otgan yosh avlodga
yoʻllangan mujda: “Xato qilsangiz, uni mardona tan oling, samimiy tavba qiling
va vatan bagʻriga qayting!”.
Jamiyatning jipsligi, birdamligi, ruhiy salomatligi
koʻp jihatdan shu kabi signallarga bogʻliq. Ishonch davlatning chinnidan nozik,
suv va havodek zarur sarmoyasidir. Uni pul, sarvat bilan sotib olib boʻlmaydi,
u faqat adolatli amallar orqali shakllanadi. Taʼbir joiz boʻlsa, oqlangan har
bir begunoh fuqaro, afv etilgan har bir tavbakor — ishonch poydevoriga
qoʻyilgan bir gʻisht...
Davlatning tamali
Jahon faylasuflari “Birinchi muallim” deb eʼzozlagan Arastu adolatni boshqalarga nisbatan toʻgʻri munosabatda boʻlish fazilati deb taʼriflagan. Hazrat Navoiy esa uni olam yuzini obod qiluvchi kuch deb ulugʻlagan. Zamonaviy davlatshunoslik nuqtayi nazaridan baholaganda, adolat — ijtimoiy shartnoma poydevori, fuqarolik jamiyatining hayotiy asosi. Bu uch manba — antik falsafa, mumtoz sheʼriyat va zamonaviy davlat ilmi yakdil, mushtarak xulosa bermoqda: adolatsiz davlat uzoq umr koʻrmaydi, bunday jamiyatda inson hatto oʻz vatanida oʻgay boʻlib qoladi.
Prezidentimiz “Yangi Oʻzbekiston” konsepsiyasi orqali
adolatni amaliy siyosatning oʻzagi, davlatning tamaliga aylantirdi. Sudlov
islohotlari, inson huquqlari institutlari, jamoatchilik nazorati mexanizmlari —
barchasi inson manfaatlari, haq-huquqlarini toʻliq roʻyobga chiqarishga
yoʻnaltirilgan.
Biz qalamga olgan ikki inson taqdiri — yangi
Oʻzbekistonda adolatli tizim ishlayotganining yorqin isbotidir. Ularning
kechmishi yurtimizda huquqiy va maʼnaviy islohotlar naqadar real va hayotiy
ekanini koʻrsatadi. Biz — olimlar, ziyolilar, jamoatchilik vakillari bu ezgu
yoʻlni qoʻllab-quvvatlashimiz, natijalarni keng jamoatchilikka yetkazishimiz
va islohotlarga imkon qadar hissa qoʻshishimiz lozim, albatta.
Maqola debochasida Alisher Navoiyning adolat bobidagi
hikmatini zikr qilgan edik. Aslida, adolat tamoyili hazrat ijodining
oʻqtomirini tashkil etadi. Navoiyning adolat haqidagi baytu hikmatlari bugun
ham oʻz mazmunini yoʻqotmagan, ehtimol, hech qachon bugunchalik dolzarb
ahamiyat kasb etmagan. Chunki biz nafaqat soʻzda, balki yuraklarda,
hayotimizda adolat tantana qilayotgan bir davrda yashayotirmiz.
Sherzod Joʻrayev XV asrda Xuroson oʻlkasini fozil
odamlar makoniga aylantirgan Husayn Boyqaro davrini tadqiq etayotgani, Akrom
Malik esa adolat va insonparvarlik gʻoyalarini kuylovchi buyuk Navoiy merosini
oʻrganayotgani bejiz emas. Ikki yoʻl ham bir fikrga yetaklaydi: yangi
Oʻzbekiston oʻzining buyuk gumanistik anʼanalariga qaytmoqda!
Adolat — shunchaki mahkama zalida oʻqilgan hukm emas. U — ustozlarning xato qilgan shogirdi himoyasi yoʻlida bitgan nomasi. U — olimning asl maslagi, ilm yoʻliga qaytish ahdi. U — davlat rahbarining “Sening qadring har narsadan ulugʻ” deya oʻz fuqarosini qanoti ostiga olishi. Ulugʻ Navoiy aytganidek, adolat ila obod olam faqat shu odamlar va shu tizim orqali barpo etiladi. Ne baxtki, biz ana shu yoʻldamiz. Bu yoʻldan qaytmaslikka umid va ishonchimiz hamisha poydor boʻlgay!
Olimjon DAVLATOV,
Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar
instituti direktori, professor