Qonimizda buxoriylar, xorazmiylar, beruniylar qoni bor. Kechagina shaxmatdagi gʻalabasi bilan dunyo eʼtiborini Oʻzbekistonga qaratgan Javohirning onasiga butun mamlakatimiz onalarining havasi kelayotgani rost.

Qadimiy madaniyat hamda sivilizatsiya beshiklaridan biri Qashqadaryo zaminidagi togʻ va daryolar, obod shahar va qishloqlar, kundan kun chiroy ochayotgan fayzli maskanlarni koʻrib, koʻzingiz yayraydi.

Abu Turob Naxshabiy, Najmiddin Nasafiy, Sayido Nasafiy, Abu Muhammad Keshiy kabi mutafakkirlar nomini voha odamlari faxr bilan eslashadi.

El dardiga darmon boʻlmoq buyuk va savobli vazifadir degan gʻoyani hayotiy dasturi qilib olgan Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690-yilligi munosabati bilan oʻtayotgan tadbirlarda dunyoga shunday shijoatli insonni bergan zaminga havasingiz keladi.

Yurtimizning qay goʻshasiga bormang, Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning “Men nechun sevaman Oʻzbekistonni?” satrlari tilimizga kelaveradi.

Maʼrifatli ayollar gurungi

Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi tavsiyasiga koʻra, yangi Oʻzbekiston islohotlarining oldingi saflarida borayotgan opa-singillarimiz bilan diydorlashmoq uchun Qashqadaryo sari yoʻl oldik.

Qarshi shahridagi madaniyat saroyida oʻtkazilgan madaniy-maʼrifiy tadbirda soʻzga chiqqan viloyat “Buvijonlar maktabi” yetakchisi Kommuna Ismoilova bunday deydi:

“Yangi Oʻzbekistonda insonni qadrlash onalarni, ayollarni ulugʻlashdan boshlanadi. Ayolning oilasi tinch boʻlsa, koʻngli xotirjam, uyi obod boʻladi. Koʻp yillik tajribaga ega opajonlarimiz bilan mahallama mahalla, uyma-uy yurib, vohamizda koʻp uchraydigan odatlar — qarindosh-urugʻlar oʻrtasidagi nikohlar, maktab yoshidan qizlarni qarindoshlariga atab “beshikketti” qilib qoʻyish, erta tugʻuruqlar borasida tushuntirish berib boryapmiz. Baraka topsin, kelinlar ham, qaynonalar ham toʻgʻri tushunyapti.

Taʼlim-tarbiya uygʻunligi — bolalarimiz kelajagi kafolati. Nimani eksang, shuni oʻrasan degani bolangga bergan taʼlim-tarbiyang qariganingda koʻzgu boʻlib, senga aksingni koʻrsatadi, deganidir”.

Oʻzbekiston Qahramoni Muhabbat Sharopovaning dil izhorlari haqiqiy murabbiyning, dono muallimning hikmatlariga oʻxshaydi.

“Umrim boʻyi xalqning bolasini oʻqitdim, taʼlim berdim. Muallimlik noni bilan bolalarimni boqdim.

Taʼlim sifatini oshirish yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona toʻgʻri yoʻlidir deb taʼkidlaydi davlatimiz rahbari.

Ustoz maqomini oshirish, shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor vazifasi ekanidan faxrlanib ketaman. Dunyo imoratlari ichida eng ulugʻi maktab, kasblar ichida eng sharaflisi oʻqituvchilikdir. Bolamiz qanday kitob oʻqiyapti, qanday kino koʻryapti, nimaga qiziqishi bor — mana shu masalalar faqat muallimning emas, ota-onaning ham boshini qotirishi lozim.

Uchinchi Renessansga yoʻl maktab ostonasidan boshlanadi. Maktabda olingan bilim toshga oʻyilgan naqshdek bolalar qalbiga muhrlanib qoladi. Har bir farzand koʻnglida Vatan degan muqaddas soʻzni, faxrni yaratish, ulgʻaytirish Qashqadaryo onalarining oltin qoidasi boʻlishi kerak!

Bugun qashqadaryolik oqila, fozila ayollar qatorida yurtning tinchligiga shukrona aytaman, islohotlarning nurli samaralari uchun duodaman”.

— Zoʻravonlikka qarshi maʼrifat jamiyat ravnaqi garovidir, — deydi qashqadaryolik senator Komila Karomova. — Xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatlarining oldini olishga qaratilgan muhim targʻibot tadbirlarida huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyganmiz. Jinoyat pishib, yetilib, natijaga aylangunicha qancha tafsilotlar boʻlib oʻtadi. Mahallalarda tushuntirish ishlaridagi birinchi vazifamiz ota-onalardan farzandlar nazoratini talab qilish boʻladi. Ota oʻgʻlining nima ish qilayotganini, doʻstlari kimligini bilmasa, ona qizining dugonasi bilan qanday vaqt oʻtkazayotganini, maktab, texnikum, oliygohdagi yurish-turishini tekshirmasa, nima boʻladi?

Qonunchilikdagi javobgarlik bolalarimizning esini kiritar, lekin ota-ona bolasining ijtimoiy tarmoqlardagi aqldan ozdirar darajadagi yovuzliklar, qilmishlarini koʻrib katta boʻlayotganini bilishi kerak-ku. Farzand tarbiyasidagi befarqlik butun bir avlodni elu yurt oldida sazoyi qiladi.

— Sanʼatga, adabiyotga qiziqishi qiz bolani millatparvar, maʼrifatparvar qilib tarbiyalaydi, — deydi Oʻzbekiston xalq artisti Zamira Suyunova. — Ilgari Qashqadaryoning qishloqlaridan qoʻshiqchi yoki shoir chiqsa, mahallalarda gʻalati qaralardi. Endi esa butun qishloq boʻlib qoʻshiqchi qizning qoʻshiqlarini birga kuylashadi.

Sanʼat — koʻngilning bebaho mulki, inson hayotining ziynati. Faqat sanʼat va sportgina mamlakatni jahon sahnasida keng targʻib qila oladi. Bir sanʼatkor sifatida Oʻzbekistonda keyingi yillarda sanʼat va madaniyatni rivojlantirish masalalarini koʻz oldimga keltirar ekanman, oʻzbek milliy maqomi, baxshichilik, milliy raqs, milliy musiqa sanʼati, milliy hunarmandchilikka eʼtibordan koʻnglim togʻdek oʻsadi. Tinch yurtga qoʻshiq, bayramu toʻy yarashadi, tinchlikka ne yetsin.

Chiroqchi tumanidagi 1-umumtaʼlim maktabiga bir quchoq kitob bilan kirib borgan Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxona direktori Umida Teshaboyeva hamda viloyat oila va xotin-qizlar bosh­qarmasi boshligʻi Ziyoda Aminova oʻquvchilarga qiz bolaning bilimi va savodxonligida, oilalar farovonligida kitobning oʻrni haqida gapirdi.

El ardoqlagan ziyoli opalarimizning soʻzlarini tinglar ekanman, jadid bobomiz Abdurauf Fitratning “Onalar butun bashariyatning tarbiyachilaridir” degan purhikmat soʻzlari yodimga tushdi.

Koʻkdala iftixorlari

 Koʻkdala tumanidagi fidoyi onaxonlar, sarishta kelinlar va bilimli qizlar bilan suhbatlarimizdan soʻng tumanning taniqli tadbirkor ayollari hovlisida boʻldik. Ular qoʻl urayotgan yangiliklar, el dasturxoniga tortiq qilayotgan mahsulotlar bilan qiziqdik.

Koʻkdala mahallasida yashovchi Gulzor aya Shaymanova xonadonida uchta issiqxona bor. Onaxon turmush oʻrtogʻi va besh farzandi bilan qirq turdan ortiq gul koʻchati, pomidor, qovoq, tarvuz, bodring, qovun yetishtiradi. U qishloq ayollaridan oʻn nafarini ish bilan taʼminlagan. Har yili xotin-qizlar kuni, Ramazon va Qurbon hayitlari arafasida elliktadan ehtiyojmand oilaga gul, pomidor koʻchatlari va hadyalar tarqatadi.

— Yerga yaxshi qarasang, seni boqadi, — deydi Gulzor aya. — Qancha barvaqt dehqonchilikni boshlasam, shuncha koʻp barakali hosil olaman. Bolalarim, nabiralarim  qabatimda. Mehnatning halol noni elning duosi bilan totli.

Feruzaxon Xurramova turmush oʻrtogʻi Xolmurodjon bilan besh farzandni katta qilmoqda. Koʻkdala pillakorlarining yetakchisi Feruzaxon har yili pilla va paxta yetishtirish borasida boshqalarga namuna boʻlyapti. Naymansaroy mahallasi ahli fermerlik nonini yeb, hamisha elu yurtning xizmatiga kamarbasta bu oilani hurmat bilan tilga oladi. Xonadondagi sarishtalik, tomorqadagi saranjomlikni koʻrib, vohaning eng chekkasidagi Koʻkdala tumanida halol mehnati, tarbiyali farzandlari ortidan eldoshlari tiliga tushayotgan oilalarga havasimiz keldi.

Qayerda shukronalik, halollik bor ekan, u yerda fayzu baraka boʻladi deb bekorga aytmagan xalqimiz.

Shahrisabz — hunarmandlar yurti

Qashqadaryo viloyati azaldan usta hunarmandlar, doʻppidoʻzu kashtachilar, soʻzana tikib, matoga qayta umr baxsh etuvchi chevarlar yurti. Shahrisabz “Hunarmand” uyushmasi rahbari, “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni sohibi Gulnora Choriyeva arabi gilam, iroqi doʻppi, iroqi uslubidagi yostiq jildi, quroq koʻrpachalar singari tikuv, toʻquv ishlariga bosh boʻlib, oʻzi yashaydigan Uychilik mahallasida 50 ayolni ish bilan band qilgan. Gulnoraning tavsiyasiga koʻra, opa-singillarimiz chevarlik ishlarini uyda bajarib, maosh oladi. Shu yoʻl bilan uy-roʻzgʻor ishlari, yosh bola tarbiyasiga ham imkon topadi. Uning soʻzlarini tinglar ekansiz, uyda qizlari, kelinlari, qoʻshnilari, ovsinlariga hunar oʻrgatib, oila byudjetiga hissa qoʻshayotgan va mehnatining samarasidan xursand ayollarning qoʻli dard koʻrmasin degingiz keladi.

Yana bir usta hunarmand Mahliyo Mannopova bir vaqtning oʻzida 750 ayolni band qilgan. Istagi bor xotin-qizlarga dastlab tikuv sirlari oʻrgatiladi. Keyingi bosqichda yarim tayyor mahsulotlarni uyma­uy yurib tarqatadi. Koʻp mahsulot tayyorlagan hunar egasining daromadi ham shunga yarasha boʻladi. Ikki yil oldin uyda yarim tayyor mahsulot kelishini kutib turgan ayollar orasida bugun usta hunarmand boʻlgan, yetakchi tadbirkorga aylanganlar bor.

Shahrisabz shahri Gʻalaba mahallasida istiqomat qiluvchi Lola Muzaffarovani mahalladoshlari “jasorat timsoli”, deb taʼriflaydi. Hayot qiyinchiliklari oldida bir bukildi, lekin qaddini tikladi, kuch va matonatni “Oʻzbekistonda har bir inson eʼtiborda” degan gʻoyadan topdi. Toʻshakda yotganida “meni birov eslamasa kerak”, der edi.

Davlatimiz rahbarining eʼtibori uning oilasiga qadar yetib borib, oʻtgan yili dastlab “Ayollar daftari”ga kiritildi va bepul davolandi, qaddini tikladi. Eʼtibor va gʻamxoʻrlikka munosib javob berish uchun reja qila boshladi. Mahalla xotin-qizlar faoli hamda hokim yordamchisining koʻmagi bilan subsidiya asosida tikuv mashinasi oldi. Bugun uning xonadoni kichik sexga aylangan. Ayol bir daqiqa ham tinim bilmaydi. Tikuvchilik qiladi, matoga zeb beradi, sumkalarni bezab, kelinlar sarposi uchun sovgʻalar tayyorlaydi. Ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali buyurtma oladi, sotuvni yoʻlga qoʻygan. Atrofida shogirdlari, farzandlari parvona.

— Mening hayotim katta saboq maktabi. Toʻshakda yotgan ayol bugun tadbirkorga aylandim. Bu kabi imkoniyat va imtiyozni yaratib bergan Prezidentimizdan minnatdorman, — deydi Lolaxon.

Mirishkor tumani Chamanzor mahallasida yashovchi Oyimxol Atalikova 2023-yilda “Ayollar daftari”ga — tadbirkorlik qilish istagida boʻlgan ehtiyojmand xotin-qizlar toifasiga kiritilgan edi. Unga imtiyoz asosda 50 million soʻm kredit ajratildi. 10 ta tikuv mashinasi, zarur uskunalarni xarid qilgan chevar ayol va shogirdlari tayyorlagan mahsulotlar bugun xaridorgir. Ular bolalar va ayollar kiyim-kechaklarini tayyorlamoqda, gilamchilikni yoʻlga qoʻygan. Muhimi, bir paytlar oʻzi ishsiz boʻlgan Oyimxol bugun 150 xotin-qizning bandligini taʼminlayapti.

* * *

Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan viloyatda opa-singillarimiz faolligini oshirish, ularni bandlik va tadbirkorlikka keng jalb etish, shuningdek, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish maqsadida viloyat hokimi sovrini uchun qator tanlovlar tashkil etildi. Uy bekalari oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish va ularning maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini oshirish maqsadida “Kitobxon uy bekasi”, xonadon tomorqalaridan samarali foydalanish, yuqori daromadli mahsulot yetishtirish va aholi bandligini taʼminlash maqsadida “Eng yaxshi tomorqachi oila”, xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb etish, ularning daromad manbalarini kengaytirish hamda hunarmandchilikni rivojlantirish maqsadida “Hududda xotin-qizlar bandligini taʼminlashda faol boʻlgan tadbirkor ayol” tadbirlari shular jumlasidan.

* * *

Ha, voha ahli bugun ana shunday bun­yodkorlik ishqi, mehnatsevarlik zavqi bilan yashamoqda, yangilanishlarga ulush qoʻshmoqda. Xalqning madaniy darajasi ayollariga eʼtiborida koʻrinadi. Adolatli va shiddatli islohotlar esa har bir ayolning yuragi orqali oʻtadi. Vohada kim bilan gaplashmang, gurung qilmang, bir soʻz yuragingizga nurdek oqib kiradi. Shuk­ronalikda gap koʻp, shukronalik neʼmati, tinchlikning shukronasi uyimizga baraka, umrimizga umr, rizqimizga rizq qoʻshadi. Shukronalikka nima yetsin.

 

Sayyora TOʻYCHIYEVA,

Oʻzbekiston davlat sanʼat va

madaniyat instituti professori,

falsafa fanlari doktori