Mazkur tartib Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 13-avgustdagi 440-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida yoʻlga qoʻyilgan.

Imtiyozdan quyidagi toifadagi fuqarolar foydalanishi mumkin:

  • 1941–1945-yillardagi urush nogironlari va qatnashchilari;
  • ularga tenglashtirilgan shaxslar;
  • Chernobil halokati oqibatlarini bartaraf etishda qatnashgan shaxslar.

Imtiyozli toifaga kiruvchi fuqarolarga Oʻzbekiston hududi hamda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo mamlakatlar hududi boʻylab kalendar yilida bir marta borish va qaytish uchun imtiyozli chipta beriladi.

Imtiyozli chiptani qanday olish mumkin?

Buning uchun fuqaro shaxsini tasdiqlovchi hujjat — ID-karta yoki biometrik паспортни «Uzbekistan Airways» va «Oʻzbekiston temir yoʻllari»ning vakolatli boʻlinmalariga taqdim etishi kifoya.

Fuqaroning imtiyozli toifaga mansubligi Ijtimoiy himoya milliy agentligining «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimidagi «Transport imtiyozlari» moduli orqali tekshiriladi.

Maʼlumotlar tasdiqlanganidan soʻng bepul yoki chegirmali chipta murojaatning oʻzida rasmiylashtiriladi.

Imtiyozga ega fuqarolarning yagona reyestri shakllantiriladi

Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Pensiya jamgʻarmasi oʻz axborot tizimlaridagi imtiyozli toifaga mansub shaxslar haqidagi maʼlumotlarni Ijtimoiy himoya milliy agentligiga taqdim etib boradi.

Shu asosda transportdan imtiyozli foydalanish huquqiga ega shaxslarning yagona reyestri shakllantiriladi.

Qaysi turdagi chiptani tanlash mumkin?

Fuqaroning xohishiga koʻra:

  • havo transportida — «ekonom» tarifi boʻyicha;
  • temir yoʻl transportida — «ekonom», plaskart yoki kupe oʻrinlaridan biri uchun chipta beriladi.

Imtiyozli toifadagi fuqarolarga koʻrsatilgan transport xizmatlari xarajatlari Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplab boriladi.