Ota-bobolarimiz bu tushunchaga nega bu qadar chuqur eʼtibor qaratib, unga amal qilib yashab kelgan. Nega halol luqma yeyish dunyo yaralgandan buyon ellar, elatlar tilidan va dilidan tushmaydi. Bu tushunchaning qanday sir-sinoati, kuchu qudrati bor?

Bir manbada halol luqma — inson halol mehnat bilan topib, pok yoʻl bilan isteʼmol qilgan rizqi boʻlib, ibodatlarning qabul boʻlishi, qalb pokligi va duolar ijobatining asosidir, deya taʼrif berilgan. “Oʻxshamoq istasang Luqmonga, Eʼtibor bermoq kerak luqmangga”, deydi Jaloliddin Rumiy.

Yana bir mashoyix, pirlarning piri, Bahouddin Naqshbanddek ulugʻ siymolarning ustozi, islom olamida oʻz sulukiga ega boʻlgan Sayyid Amir Kulol “Bilingki, qalbning, tilning va badanning pok boʻlishi halol luqmaga bogʻliq. Halol luqma yegan insonning meʼdasi pok suv toʻplangan hovuz kabidir. Undan atrofga toza suv tarqaladi, u bilan chiroyli gullar ochiladi, daraxtlar meva beradi...” deydi.

* * *

Mashhur yozuvchi Neʼmat Aminovning “Bir asr hikmati” asari bosh qahramoni, yozuvchining padari buzrukvori Tesha bobo Aminov bir rivoyatni aytib bergan edi. Qadim zamonlarda Buxoroda yetti iqlimga mashhur bir ulugʻ olim, alloma boʻlgan ekan. Uning ikki oʻgʻli boʻlib, toʻngʻichi juda aql-farosatli, dinu iymonli yigit, kichigi esa aql-farosati sust, iymoniga putur yetgan, koʻcha bezori, birovlarga ozor berishdan hayiqmaydigan ekan.

Bir kuni ulugʻ alloma shogirdlariga Handasadan dars berib, yakunida toliblaridan “Kimda qanday savol bor” deb soʻrasa, bir shogirdi “Menda savol bor” debdi. “Soʻylang” debdi alloma. “Ustoz, savolim beodobligidan men aqli noqisni manzur tutgaysiz”. “Soʻylayvering”. “Sizning ikki farzandu azizingiz bor. Toʻngʻichingiz juda baodob, bamaʼni, ilmu irfonga ixlosmand. Kichigingiz, negadir, akasiga oʻxshamaydi. Oʻtgan yakshanba oʻzim koʻrdim, guzarda bezorilik qilib, bir bechora bandani chunonam doʻpposladiki, asti qoʻyavering. Siz bir ulugʻ hazrat boʻlsangiz, sizdan bunday farzand?.. Aqlim qosirlik qiladi, ustoz!”.

Ulugʻ olim yerga qaragancha bir oz jim qolib, bir xoʻrsinib, keyin shogirdiga yuzlanibdi.

— Ochigʻini aytsam, kenja oʻgʻil tugʻilmasdan oldin bir uyatli ishni qilganman. Bir yakshanba kuni uyga bozorlik qilay deb bozorga tushuvdim. Pishiqchilik payti edi. Koʻzim rastadagi juda ajoyib bir uzum boshiga tushdi. U tirsillagan, toza, tillarang tovlanib turardi. Buni qarangki, uzum boshiga xayol-bexayol qarab turib, nafsimni tiya olmay, egasidan soʻroqsiz ikki donasini uzib olib ogʻzimga solibman. Chaynaganimda suvi tomogʻimga ketdi. Va xato qilganimni bilib, chaynashdan toʻxtab, uzumning egasiga qarab, qotib qoldim. U mening beixtiyor shunday qilganimni tushundi.

— Yoʻq-yoʻq, uyalmang hazrat, hechqisi yoʻq, — dedi u shosha-pisha qoʻlini koʻksiga qoʻ­yib. — Men ming bora roziman! Sizday ulugʻ inson men yetishtirgan mevani yeyishni oʻziga ravo koʻrganidan benihoya mamnunman!

Ammo bu rozilik aytilishiga kech boʻlgan edi. Uzumning shirasi allaqachonlar tomogʻimdan oʻtib, jigʻildonimga joylashgandi. Uning shunday xudobexabar boʻlishiga men aybdorman.

Aslida, uzumning bir qultum suvi bir farzand taqdiriga bunchalar taʼsir qilmaydi. Ammo egasining roziligisiz ikki dona uzum donasini ogʻzimga solishga undagan ichimdagi harom nafs oʻzining mavjudligini namoyon qilgan edi...

* * *

Inson ruhi tanadan va ichki muhitdagi mavjud maʼnaviy olam nuridan oziqlanadi. Tana sogʻlom boʻlsa, ruh ham sogʻlom, tiniq va tetikdir. Tanasi kasalmandning ruhi siniq va pajmurda boʻladi. Bular isbot talab qilmaydigan haqiqat.

Donishmandlar “Sogʻlom tanda — sogʻlom aql” deb bejiz aytishmaydi. Tananing sogʻlomligi sogʻlom, halol neʼmatlardan isteʼmol qilish, sogʻlom maʼnaviy olam injularidan oziqlanishdir.

Sogʻlom neʼmatlar degani nima? Ular turli kasalliklarga chalinmagan, inson tanasiga zarar keltiruvchi mineral oʻgʻitlardan belgilangan meʼyorlardan ortiq isteʼmol qilmagan, aksincha, ilm-fan xulosalari doirasida oziqlantirilgan meva-sabzavotlar, poliz va boshqa ozuqa mahsulotlaridir.

Halol neʼmatlar nima? Ular inson isteʼmol qilishi mumkin boʻlgan, tanaga va ruhga sogʻlom, kerakli ozuqa moddalarini beruvchi, genlarni insoniy oʻlchamlar va chegaralardan chiqarib yubormaydigan, ruhga kuch-quvvat bagʻishlovchi neʼmatlardir.

Harom mahsulotlarchi? Ular inson yeyishi man qilingan, tana aʼzolariga zarar keltiruvchi, koʻproq mahsulot olish, foyda ortidan quvish hirsi bilan mineral oʻgʻitlardan meʼyoridan ortiq isteʼmol qildirilgan, turli kasalliklarga chalingan yoki aynigan meva-sabzavot, poliz va boshqa mahsulotlar. Ular inson tanasining ichki aʼzolari —  yurak, jigar, oshqozon, buyrak, oʻpka, taloq, ichaklar va boshqalar faoliyatini izdan chiqaradi.

Yana harom luqma birovning, xalqning haqini yemoqdir. Birovning haqini yegan insonning ruhi, maʼnaviy dunyosi buziladi, u ezgu ishlarni qilishga layoqatsiz boʻlib qoladi, insoniy qiyofasini yoʻqotadi, jamiyat tanasidagi qurtga aylanadi.

Ota-bobolarimizdan qolgan merosni varaqlayversangiz, halol va harom luqma haqida juda koʻp hikmatlardan boxabar boʻlasiz. Ularni oʻqish, oʻrganish yaxshi, ammo oʻqish, oʻrganish bilan cheklanib qolsak, bundan qanday naf bor, qachonki ularni amalda qoʻllamasak!

— Bobolarimizdan qolgan halol, harom luqma borasidagi ijtimoiy-falsafiy qarashlar, tamoyillarni bugungi hayotimizga qanday joriy qilamiz?

Buning ikki yoʻli bor. Biri bugun biz aytmoqchi boʻlgan va davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlangan ilm-fan yutuqlarini amaliyotga tezkor joriy qilish orqali xalqimiz uchun sogʻlom, halol luqmani yaratish va millat genofondini yanada yaxshilash borasidagi tarixiy saʼy-harakatlar.

Bugungi kunda qishloq xoʻjaligi tarmogʻida insoniylik, axloq, ijodkorlik, tafakkur tamoyili asosida mehnatni tashkil qilish borasida keng koʻlamdagi targʻibot-tashviqot ishlari amalga oshirilmoqda. Bu tamoyilni korxonalar ishchilari, oliy oʻquv yurti talabalari, olim va mutaxassislarga, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish va uni ichki hamda tashqi bozorlarga chiqarish bilan shugʻullanayotgan har bir fuqaroga yetkazish chora-tadbirlari koʻrilyapti. Chunki halol luqma yeganlargina kelajakni yaratadilar.

Bu tamoyilning mazmuni va maqsadi nimadan iborat? Avvalo inson farzandlari uchun oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirayotgan har bir shaxsda foyda, daromad olish emas, balki insoniylik, inson manfaatlari birlamchi maqsad boʻlishi kerak. Buning uchun u toza mahsulot yetishtirishi shart. Yaʼni nosogʻlom, meʼyoridan ortiq mineral oʻgʻitlar, inson salomatligi uchun zararli boʻlgan bioqoʻshimchalar bilan oziqlantirilgan mahsulot ota-bobolarimiz iborasi bilan aytganda — harom! Zamonaviy tilda aytganda, inson salomatligiga toʻgʻridan toʻgʻri zarar yetkazuvchi unsur!

Xalqimiz dasturxoni uchun oziq-ovqat mahsuloti yetishtirayotgan insonlarda axloq yuqori darajada boʻlishi kerak. Axloq boʻlmagan joyda har qanday yomon unsurlar qoʻpchib ketadi. Axloqi boʻlmagan shaxs insoniylik haqidagi tushunchalarni tan olmaydi, unda har qanday yoʻl bilan manfaat koʻrish hirsi ustun turadi. Shuning uchun u ekinga mineral oʻgʻitlar, turli kimyoviy dorilarni berish orqali imkon qadar koʻproq mahsulot yetishtirishga intiladi. Oʻzi yetishtirayotgan mahsulot yuzlab odamlarning salomatligiga zarar yetkazishi mumkinligini oʻylab ham koʻrmaydi.

Kechagidan koʻproq va sifatli, foydali mahsulot yetishtirish uchun ijodkorlik kerak boʻladi. Hozirgi paytda “kreativlik” degan qandaydir ajnabiy soʻz modaga aylandi. Aslida, u ijodkorlik, yaʼni har bir narsaga ijodiy yondashish maʼnosini bildiradi. Ijodkorlik boʻlmasa, har doimgidek, bir maromda yerga ketmonni urgan bilan zamonaviy dehqonchilik, chorvachilik, asalarichilik va boshqa yumushlarni tashkil qilib boʻlmaydi.

Keyingisi — tasavvur. U boʻlmagan joyda koʻr-koʻrona mashaqqatli mehnatu daromadi xarajatni qoplamaydigan, sifatsiz mahsulotlar yetishtirilib, bozorlarga chiqarilaveradi. Ilmning kuchini ishlatib, moʻl-koʻl hosil olish mumkinligi haqidagi ilmlar tasavvursiz shaxslarning tasavvuriga sigʻmaydi. Chunki u shunday boʻlishi mumkinligini tasavvur qila olmaydi.

Masalan, bundan 10-15 yil oldin paxtachilikda 40-45 sentnerlik marraga erishish katta yutuq edi. Bugun ilm-fan yutuqlari, zamonaviy yangi agrotexnologiyalar qoʻllanilishi natijasida bu koʻrsatkich oʻrtamiyona va hatto past koʻrsatkichga aylanib qolmoqda. Zamonaviy agrotexnologiyalarni qoʻllagan holda bir gektar yerdan 80-100 sentner hosil olish mumkin ekan. Xuddi shunday, oldinlari gʻalladan 60-65 sentner hosil olish koʻz ilgʻamas natija edi. Bugun maʼlum boʻlyaptiki, gʻallachilikka ijodiy yondashilsa, gektaridan 100-110 sentner va undan ortiq don olish imkoniyatlari bor ekan.

Avvalgi agrotexnik talablar boʻyicha paxtachilikda bir gektar yerda 80-90 ming koʻchat boʻlishi kerak edi. Gʻoʻza qalin boʻlsa, u shoxlamaydi va boʻyi oʻsib ketib, kam koʻsak tugadi, deyilardi. Bugun esa uning aksi — bir gektar yerda 240 ming tupgacha gʻoʻza qoldirish agrotexnologiyasi joriy qilinmoqda. Chigit 76x10 sxemasida plyonka ostida qoʻshqator ekilyapti. Natija esa hayratlanarli — hosildorlik gektariga 80-100 sentnerga koʻtarilib ketyapti. Oʻgʻitlar va suvga, texnika va yoqilgʻi moylash materiallariga qilinayotgan sarf-xarajatlar sezilarli qisqartirilmoqda. Yangi, qarishga signal berish texnologiyasi orqali paxtaning pishib yetilish muddatlarini qisqartirishga erishilmoqda. Gʻoʻza gʻovlab, pishmay qoladigan koʻsaklar koʻpayishining, yaʼni qilingan xarajat besamar ketishining oldi olinib, berilgan oʻgʻit va suv, ishlovdan shakllantirilgan ozuqa gʻoʻza tanasida qoldirilmay, hosilga yoʻnaltirilmoqda. Avvallari berilgan ozuqa gʻoʻzaning tanasida va sovuq tushib, pishmay qoladigan koʻsakchalarga sarflanardi. Demak, oʻtinga va asosan chirindiga aylanadigan “mahsulot”ga katta miqdorda mineral oʻgʻitlar sarflanardi. Bugun esa zamonaviy agrotexnologiyalarni qoʻllash orqali gʻoʻzaga berilgan ozuqaning aksariyat qismidan samara olinmoqda.

Shuningdek, gʻoʻza, gʻalla va boshqa meva-sabzavotlar yetishtirishda yangi tipdagi mineral oʻgʻitlar va bir qator kimyoviy ­preparatlar qoʻllanilib, olinadigan hosilning sifati va salmogʻi karraga ortmoqda.

Gʻallachilikda bir gektar yerga 200-250 kilogrammdan ortiq urugʻlik sepmaslik kerakligi toʻgʻrisida agrotexnik talab qoʻyilar edi. Gʻalla siyrakroq ekilsa, nihol shonalaydi, bir urugʻdan bir nechta qoʻshimcha tup chiqadi deyilardi. Oʻz-oʻzidan maʼlumki, shonalarda tugulgan boshoq asosiy tanadagidan koʻra kech pishadi va bir oz maydaroq boʻladi. Shonadagi boshoqning pishishi kutilgan taqdirda asosiy tanadagi boshoq gʻarq pishib, shamolda yoki qushlar hujumida toʻkilib ketadi. Agar asosiy tanadagi boshoqni nobud qilmaslik uchun bugʻdoy ertaroq oʻrib olinsa, shonalardagi boshoqlar oxirigacha pishmay, xom oʻrib olinadi. Keyin bitta ildiz bir nechta boshoqni yetarlicha ozuqa bilan taʼminlashi mumkin emas. Shuning uchun oldinlari bugʻdoy donalari ozuqaga toʻyinmagan, mayda-mayda boʻlar edi.

Tasavvurning torligi esa, faqat insonga zarar keltiruvchi yoʻllar bilangina moʻl hosil yetishtirish mumkin deb oʻylashga olib keladi. Aslida, tasavvur bir oz kengaytirilsa, zamonaviy agrotexnologiyalarni izchil qoʻllash yoʻli bilan insonga zarar yetkazmaydigan, foydali moddalarga boy mahsulot, yaʼni halol neʼmatlarni yetishtirish mumkinligiga amin boʻladi kishi.

* * *

Bugungi kunda qoʻllanilgan agrotexnologiyalar tufayli erishilgan katta natijalar avvalgi agrotexnik talablar hozirgi zamon talablariga mutlaqo javob bermasligini yaqqol isbotladi. Yaqin oʻtmishda 20-25 million aholini arang oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlab kelgan agrotexnikalar, yer va suv resurslariga boʻlgan munosabat bilan bugungi 40 millionga yaqinlashgan aholining oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini qondirish mumkin emas. Shu bois, bugungi dunyoda agrar sohada erishilgan yutuqlarni chuqur oʻzlashtirish bilan birga ota-bobolarimizdan qolgan tarixiy tajribalarni, oziq-ovqat yetishtirish madaniyatini qayta oʻrganib, ularni ishlab chiqarish jarayonlariga izchillik bilan joriy qilish kerak boʻladi.

Manbalarga nazar tashlaydigan boʻlsak, asli madaniyat soʻzi qishloq xoʻjaligi bilan inson hayotiga kirib kelgan. Yaʼni qadimda madaniyat insonning yurish-turishi, ozodaligi, jamiyatda oʻzini tutishi, ichki va tashqi dunyosi bilan emas, aynan insonning qoʻliga toshdan yasalgan ish qurollari bilan yerga ishlov berish jarayonida shakllangan. U lotincha “cultura” soʻzidan kelib chiqqan boʻlib, yerni qayta ishlash va yaxshilashni ­anglatadi.

Demak, inson oziq-ovqat yaratish uchun yerga ishlov berish, uni ekishga tayyorlash, urugʻlik qadash va uni hosil berguniga qadar parvarishlashda madaniyatli boʻlishi lozim.

Oʻtmishda bugungi Oʻzbekiston hududida yashagan ota-bobolarimizning dehqonchilik, bogʻdorchilik, sabzavot-polizchilik, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik va bosh­qa yoʻnalishlarda madaniyatga yoʻgʻrilgan boy tajribalari boʻlgan. Amir Temur tuzgan yirik imperiyada toʻkin-sochinlik, maʼmurchilik oʻz-oʻzidan boʻlmagan. Uning poydevorini, albatta, yuksak darajada madaniylashgan qishloq xoʻjaligi tashkil qilgan. Fikrimizning dalili sifatida Amir Temurning Samarqand atrofidagi dunyoga mashhur bogʻlarini, dalalarda tajribali dehqonlar tomonidan yetishtirilgan va jahon hamjamiyatini hayratga solgan sarxil mevalar, qovun-tarvuzlar dongʻini eslashning oʻzi kifoya.

Joriy yilda davlatimiz rahbarining topshirigʻiga asosan bunday toza va mazali, sifatli moʻl-koʻl mahsulotlar yetishtirishning sir-sinoatini bilish uchun qishloq xoʻjaligi vazirligi mutaxassislari tomonidan izlanishlar olib borildi. Natijada Oʻz FA Sharqshunoslik instituti bilan hamkorlikda ana shunday noyob adabiyotlardan biri — “Fanni kishtu ziroat” kitobi olimlarning izohlari ila “Amir Temur va temuriylar davrida qishloq xoʻjaligi” nomi bilan nashr qilindi. Ushbu kitobda bayon etilgan moʻl va sifatli dehqonchilik mahsulotlari yetishtirish borasidagi agrotexnik tadbirlar majmuasi ota-bobolarimizning bu borada juda boy tajribalari mavjud boʻlganligini koʻrsatdi. Albatta, bu tajribalar ming yillar davomida misqollab shakllangan.

Tarixdan maʼlumki, ota-bobolarimiz dehqonchiligida tozalik, ozodalik asosiy oʻrinni egallagan. Oziq-ovqat mahsulotlari yetishtiriladigan joylar toza, ozoda boʻlgan. Dalalarda toza tuproq, toza suv, toza havo... Nafaqat dalalarda, balki ovqat tayyorlanadigan har bir joy toza, hozirgi iboralar bilan aytganda, sanitariya talablariga javob beradigan holatda boʻlishi talab etilgan.

Shu bois, bugungi kunda qishloq xoʻjaligi vazirligi dalada, fermada yurtdoshlarimiz uchun mahsulot yetishtirilayotgan har bir dehqon, fermer oddiy bir daromad keltiruvchi mehnat bilan emas, balki jamiyatimiz mustahkamligi, xalqimiz genofondini yangilash, kelajak avlodlarning toza, halol neʼmatlar bilan oziqlanishini tashkil qilishga qaratilgan jiddiy faoliyat turi bilan shugʻullanayotganligini his qilishi yoʻlida chora-tadbirlarni koʻryapti.

Birgina misol. Keyingi yillarda respub­likamizning barcha hududlarida katta-­kichik yoʻllardan mashinalarda qatnayotgan ayrim madaniyatsiz yoʻlovchilar dala chetlariga son-sanoqsiz plastik idishlarni tashlab ketmoqda. Bir qaraganda, plastik idishlar suv, turli ichimliklar uchun ishlatiladi, ular zararsizdek tuyuladi. Ammo ular quyosh ostida qolib ketgach, mikroplas­tik va nanoplastik zarrachalarga aylanib, tuproqqa singadi, yon-atrofga havo orqali tarqala boshlaydi. Inson shu havodan nafas oladi, tuproqqa singgan mikroplas­tiklar dalada yetishtirilayotgan sabzavot, poliz va boshqa turdagi mahsulotlar, qoramollar, qoʻy-qoʻzilar tanasiga kiradi. Olimlarning aniqlashicha, mikroplastik va nanoplastik zarrachalar shamol taʼsirida 100 kilometrgacha uchib boradi. Oʻz-oʻzidan ravshanki, ular oqibatda meva-sabzavot, goʻsht, sut, baliq singari mahsulotlar orqali inson tanasiga oʻtadi.

Shuni eʼtiborga olgan holda, vazirlik tomonidan respublika hududidagi barcha dalalarni plastiklardan tozalashga qaratilgan “Toza dala” umumsoha harakati amalga oshirilmoqda. Bu harakatga fermerlar, soha boshqaruvida faoliyat koʻrsatayotgan volontyor xodimlar toʻliq jalb qilingan.

Ota-bobolarimiz xalqni toza taom, sogʻlom ozuqa bilan ovqatlanishga daʼvat qilgan. Shuning uchun bizlar ham ulugʻ bobolarning avlodlari sifatida ekologik toza mahsulotlar yetishtirishni oʻz oldimizga bosh maqsad qilib qoʻyishimiz kerak. Shunda ota-bobolarimizdan qolgan halol luqma yeyish kerakligi borasidagi ulugʻ taʼlimotga amal qilgan boʻlamiz.

Mizrob BOʻRONOV,

qishloq xoʻjaligi

vazirining maslahatchisi