Ayni damda mazkur viloyatning Bobur shaharchasida “Andijon polkasi” raqsining “Ginnesning rekordlar kitobi”ga kiritilishiga bag‘ishlangan konsert dasturiga tayyorgarlik jarayonlari bo‘lib o‘tmoqda.

Ushbu loyiha orqali Andijon timsolida jannatmonad yurtimizning o‘zbek raqs san’atini, betakror madaniyatimizni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish maqsad qilingan.

Ma’lmot o‘rnida aytib o‘tish joizki, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY 1993-yil 12-iyulda Qozog‘istonning Olmaota shahrida Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkiya va Turkmaniston madaniyat vazirlari tomonidan imzolangan kelishuv asosida ta’sis etilgan.

TURKSOY turkiy xalqlar o‘rtasida madaniy aloqalarni mustahkamlash, jumladan, til, adabiyot, musiqa, teatr, kino va an’anaviy san’at kabi qator yo‘nalishlarda umumiy merosni asrab-avaylash, targ‘ib qilish va kelajak avlodlarga yetkazish maqsadida faoliyat yuritib kelayotgan ko‘p tomonlama xalqaro tashkilot hisoblanadi.

Tantanali tadbir tafsilotlarini kun davomida berib boramiz.

Gulichehra Durdiyeva,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri