Jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, aholi salomatligiga tahdid soluvchi illatlarning oldini olish, ayniqsa, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish borasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
“Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida DXX Chegara qo‘shinlari va Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Xususan, Buloqboshi tumani hududida harakatlanayotgan “Neksiya” rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, 1978 va 1985 yillarda tug‘ilgan 2 nafar mahalliy fuqaroning yonida 470 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Tergovga qadar tekshiruv davomida ushbu taqiqlangan modda qo‘shni davlatdan kontrabanda qilinganligi ma’lum bo‘ldi.
Boshqa holatda esa DXX Chegara qo‘shinlari va Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Unda Farg‘ona tumanida istiqomat qiluvchi, 1968 y.t. fuqaroning yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilib, ushbu manzildan quritilgan holatda saqlanayotgan 482 gr ko‘knori giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.