Maʼlum boʻlishicha, mansabdor shaxs kredit taʼminoti uchun garovga qoʻyilgan mulklarni auksion va toʻgʻridan-toʻgʻri sotuvga chiqarish vakolatiga ega boʻlgan. U xizmat mavqeyidan foydalanib, shaxsiy manfaat koʻzlagan.

Xususan, Asaka tumanida joylashgan, umumiy qiymati 16,8 mlrd soʻmlik xususiy davolash markazining 4 qavatli binosi auksiondan sotilmay qolganidan soʻng, uning narxini 12 mlrd soʻmga tushirgan.

Shu orqali mazkur obyektni bank hisobiga olib, mahalliy tadbirkorga auksionsiz, 7-yil muddatga foizsiz kredit asosida rasmiylashtirib berish evaziga 90 ming AQSH dollari talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda mansabdor shaxs 40 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari davom etmoqda.