Joriy yil yanvar oyida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan operativ-texnik tadbirlar davomida kiberjinoyatchilar guruhi faoliyati fosh etildi.
Guruh Qoraqalpogʻistonda yashovchi uch nafar fuqarodan iborat boʻlgan. Ulardan biri — 2004-yilda tugʻilgan, muqaddam oʻgʻrilik jinoyati uchun sudlangan Nukus shahrida yashovchi M. ismli shaxs.
Uning telefoni tekshirilganda, Telegramʼdagi yopiq kanallardan birida turli shaxslar bilan bank kartalariga oid maʼlumotlar almashilgani aniqlangan.
Tergovda aniqlanishicha, jinoiy sxema juda oddiy koʻringan: fuqaroning telefoniga APK fayl yuklanadi. U orqali kerakli maʼlumotlarga ega boʻlgan jinoyatchilar fuqaroning bank kartasi va undagi mablagʻlari haqida maʼlumot oladi.
Keyin karta raqami, amal qilish muddati va tasdiqlash kodi kabi maʼlumotlardan foydalanilib, mablagʻ boshqa — «drop» kartalarga oʻtkazilgan.
Guruh aʼzolaridan biri oʻz koʻrsatmasida kartada 10 mln soʻm boʻlsa, uni jinoiy sheriklari bergan drop kartaga oʻtkazganini aytgan.
Uning soʻzlariga koʻra, bunday operatsiyalar uchun ularga foiz koʻrinishida pul berilgan. Ayrim holatlarda bir kunda 3 mln soʻmgacha daromad qilish mumkinligi vaʼda qilingan.
Jinoiy sxema faqat mavjud bank kartalaridan pul yechib olish bilan cheklanmagan.
Guruh aʼzolari moddiy manfaat evaziga boshqa fuqarolarni mobil toʻlov ilovalari orqali verifikatsiyadan oʻtkazgan va ularning nomiga virtual bank kartalarini ochgan.
Buning uchun ayrim fuqarolarga 100–300 ming soʻm atrofida pul berilgan. Keyin esa ushbu kartalar haqidagi maʼlumotlar jinoiy sheriklarga yetkazilgan.
Tezkor-texnik tadbirlar natijasida guruh faoliyati oqibatida 250 ga yaqin fuqaroning qariyb 3 mlrd soʻm mablagʻi talon-toroj qilingani aniqlangan.
Surishtiruvlar davomida gumonlanuvchilar bu yoʻlga 2023-yildan beri kirishganini maʼlum qilgan.
Ular Telegramʼdagi yopiq kanallar orqali chet eldagi shaxslar bilan aloqa oʻrnatib, plastik kartalar va ulardagi mablagʻlar haqidagi maʼlumotlarni almashib kelgan.
Tergov jarayonida yana bir holatga oydinlik kiritildi. Guruh aʼzolaridan biri jinoiy faoliyatni tashlamoqchi boʻlganida, unga tahdid qilingan.
Uning aytishicha, shaxsiy suratlari va maʼlumotlari tarqatilgan, uyiga odam yuborilgan va hatto oʻldirish bilan qoʻrqitilgan.
Bundan tashqari, katta miqyosda jinoyat sodir etgan yana bir 8 kishilik guruh ham qoʻlga olingan. Hozirda ularga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda. Guruh aʼzolarining asosiy qismini Qoraqalpogʻistonda yashovchi, qolgan qismini esa boshqa viloyatlarda yashovchi yoshlar tashkil etgan.
Qoraqalpogʻiston IIV mutasaddilari axborot texnologiyalari boʻyicha bilimga ega yoshlarni oʻz salohiyatini qonuniy maqsadlarda ishlatishga chaqirdi.
Zero, texnologiyani yaxshi bilgan yosh uchun qonuniy daromad topish imkoniyatlari ham koʻp. Aks holda, oson pul ortidan quvish jinoiy javobgarlik va temir panjara bilan yakunlanishi mumkin.