Shuningdek, O‘rta yer dengizi sohilida olib borilgan alohida qazishmalar chog‘ida yana 18 ta qadimiy qabr va ko‘plab noyob artefaktlar topildi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.

Qazishmalar Yangi Vodiy viloyati tarkibiga kiruvchi Daxla vohasida olib borildi. Arxeologlar turar joy mahallalari, jamoat hududlari va diniy inshootlarni o‘rganishdi. Ular orasida IV asr o‘rtalarida qurilgan, shaharning asosiy ko‘chalariga qaratib tepalik ustiga barpo etilgan bazilika ham bor.

Misr Turizm va qadimiyatlar vazirligi ma’lum qilishicha, shahar rejasi aniq va puxta tuzilgan. Asosiy ko‘chalar bir-birini to‘g‘ri burchak ostida kesib o‘tib, maydonlar va ochiq jamoat hududlarini shakllantirgan.

Arxeologlarning ta’kidlashicha, bazilika yaqinida ikki qorovul minorasi qoldiqlari hamda qalin mudofaa devorlari bilan o‘ralgan mustahkam inshoot saqlanib qolgan. Shuningdek, qabul xonalari va gumbazsimon tomlarga ega turar joylar ham topilgan.

Tadqiqotchilar e’tiborini ayniqsa IV asrning ikkinchi yarmiga oid diakon Tisusning uyi tortdi. Taxmin qilinishicha, asosiy bazilika qurilishidan oldin bu uy xonadon cherkovi sifatida foydalanilgan bo‘lishi mumkin.

Qazishmalar davomida non pishirish o‘choqlari, tosh tegirmonlar, oshxona xonalari, shuningdek, Rim va Vizantiya imperiyalari davriga mansub bronza va oltin tangalar ham topildi. Ular orasida imperator Konstansiy II (337–361 yillar) hukmronligi davriga tegishli tangalar ham mavjud.

Yana bir muhim topilma sifatida yozuvlar tushirilgan 200 ga yaqin ostrakon — keramika parchalari aniqlandi. Ularda savdo-sotiq, yozishmalar va shahar aholisining kundalik hayotiga oid ma’lumotlar qayd etilgan, deb xabar berdi korrespondent.net.

Alohida qazish ishlari Aleksandriya yaqinidagi Marina-el-Alamayn yodgorligi hududida ham o‘tkazildi. Bu yerda arxeologlar yana 18 ta qabr, sopol buyumlar, amforalar, yoritgichlar va noyob artefaktlarni topishdi. Ular orasida marhumlarning og‘ziga qo‘yilgan oltin plastinalar ham bor bo‘lib, bu qadimgi “oltin til” deb nomlangan dafn marosimiga xos urf-odat hisoblanadi.

Tadqiqotchilarning fikricha, Marina-el-Alamayn hududi IV asrgacha ravnaq topgan va O‘rta yer dengizidagi muhim savdo markazlaridan biri bo‘lgan qadimgi grek-rim port shahri — Leukaspis qoldiqlaridir.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, Daxla vohasidagi ushbu kashfiyot mazkur hududni UNECKOning Butunjahon merosi asosiy ro‘yxatiga kiritish uchun muhim dalillardan biri bo‘lishi mumkin.