O‘tayotgan har bir kun bizni aziz va ulug‘ bayramimiz – Mustaqillik kuniga yaqinlashtirmoqda. Yurtimizning har bir go‘shasida, mahallalaru tashkilotlarda, o‘quv dargohlari va oilalarda bayramga tayyorgarlik avjida. Ta’rifi ona O‘zbekistonimiz uzra baralla yangrayotgan “Mustaqillik to‘yi”ning navbatdagi manzili vodiyning so‘lim go‘shalaridan biri – Andijon viloyati bo‘ldi.

Andijon deganda ko‘z o‘ngingizga Xonobodning xushmanzara tabiati, Marhamatning meva g‘arq pishgan chorbog‘lari, Asakaning ko‘chasidan to hovlisiga qadar gul to‘shalgan obod xonadonlari, shuningdek, barcha millat vakillarini o‘z ota-onasidek e’zozlab yashayotgan Qo‘rg‘ontepa mahallalari keladi.

Bayramga kelinchakdek yasantirilgan xiyobonlar, orasta nihollaru basavlat daraxtlar saf tortgan yam-yashil bog‘lar, gulu rayhonga burkangan yo‘laklar, anjirzorlari sochdek o‘rilgan va atrofiga sakkizburchak so‘rilar o‘rnatilgan hovlilar “Obodlik ko‘ngildan boshlanadi” degan purhikmat naqlni esingizga soladi.

Ayniqsa, andijonliklarning bayramona kayfiyati, xush muomalasi, ijod ahlining mehnatiga samimiy e’tirofini ko‘rib, bu zamindan o‘zbekning manaman degan zakiy insonlari bejiz chiqmaganiga amin bo‘lasiz.

Zahiriddin Muhammad Bobur, Abdulhamid Cho‘lpon, Vosit Sa’dulla, Saida Zunnunova, Muhammad Ali, To‘lan Nizom, Qamchibek Kenja, Xurshida Vahobjon qizi singari so‘z zargarlari hamda Soyib Xo‘jayev, Fattohxon Mamadaliyev, Sherali Jo‘rayev, Nuriddin Hamroqulov, Munojat Yo‘lchiyeva, Ozodbek Nazarbekov kabi otashnafas san’atkorlari bilan o‘zbek san’ati va adabiyotiga ziynat berib kelayotgan bu diyor farzandlari hamisha, hamma vaqt zamondoshlariga namuna bo‘lib kelgan.

Andijonliklar — tomda qulupnayu yerto‘lada qo‘ziqorin parvarishlab, tomorqaning barakasini topadigan, ro‘zg‘or uchun zarur barcha mahsulotni o‘z yerida yetishtiradigan mehnatkash va jo‘mard xalq. Ular mehnatning katta-kichigini saralamaydi, quyoshdan oldin uyg‘onib, sarishtalikni o‘z hayotining mezoniga aylantirgan.

Qadimgi Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan, azim qadriyatlar va zamonaviy an’analar uyg‘unlashgan mazkur diyor bugun investitsiyaviy jozibadorligi, sayyohlik imkoniyatlari, raqamli loyihalari hamda iqtisodiy ko‘rsatkichlari bilan yuqori sur’atda taraqqiyot sari odimlamoqda.

O‘tmish ildizlaridan kuch olib, bugungi Yangi Andijonni barpo etayotgan eldoshlarni ko‘rib, ular bilan suhbatlashib, ko‘nglingiz yayraydi.

Obodlik ham yuksak ma’naviyat belgisidir. Pokiza ko‘cha, fayzli xonadon va gullab-yashnagan mahalla insonning madaniyati, mas’uliyati va Vatanga daxldorligini namoyon etadi. “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” esa har birimizni o‘z uyimiz, ko‘chamiz va mahallamiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shishga chorlaydi.

Mahalla — xalqimizning mehr-oqibati, hamjihatligi va milliy qadriyatlari mujassam bo‘lgan maskan. Oilaning tinchligi, yoshlar tarbiyasi, aholining kayfiyati va jamiyatning ma’naviy qiyofasi, eng avvalo, mahallada namoyon bo‘ladi. Bugun “mahalla yettiligi”ning har bir a’zosiga aholi muammolarini hal etish uchun zarur vakolat va imkoniyatlar berilmoqda. Endi asosiy mezon — mas’uliyat, tashabbuskorlik va amaliy natijadir. Mahalla har bir oila va har bir inson manfaati uchun yagona maqsad atrofida birlashgan jamoa bo‘lishi lozim.

— Ishsiz fuqaroni kasb-hunarga yo‘naltirish, tashabbuskorlarni tadbirkorlikka jalb etish, ehtiyojmand oilalarga barqaror daromad manbaini yaratish — inson qadrini ulug‘lashning eng amaliy ifodasi, — deydi viloyat faollaridan Nigoraxon Qashqaboyeva.

Jadid bobomiz Abdulhamid Cho‘lponning “Uxlaganlarni uyg‘otmoq — uyg‘onganlarning vazifasi” degan xitobi tanti Andijon ahlining har kunlik shiori ekanini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, havasimiz keldi.

Ulug‘imsan, Vatanim!

Asaka tumanida bo‘lib o‘tgan “Mahalla — ma’naviy makon” loyihasi asosidagi seminar-trening ishtirokchilari nuroniylar, “mahalla yettiligi” faollari hamda hoji ota-onalar bo‘ldi. Tadbirda mahallalarda ma’naviy muhitni yanada mustahkamlash, oila va mahallaning uzviy bog‘liqlik tamoyillarini rivojlantirish, aholi o‘rtasida hamjihatlik va birdamlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, erta nikoh va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning oldini olish, yosh oilalarga uchinchi shaxsning aralashuviga barham berish, barkamol avlod kamolotida kitob va bilimning o‘rni borasidagi qimmatli fikrlar bildirilib, ibratli oilalar e’tirof etildi. Tadbir davomida mahallaning jamiyat ­hayotidagi o‘rni, yoshlar tarbiyasida nuroniylar va faol jamoatchilik vakillarining mas’uliyati haqida ham fikr almashildi. O‘zining amaliy tavsiyalari va qimmatli fikrlari bilan xonadoni, ko‘chasi hamda mahallasi faxriga aylanayotgan faollar maxsus sertifikatlar bilan taqdirlandi.

“Yaxshilik karvoni” loyihasi asosida Izboskan tumanida o‘tkazilgan “Shukronalik” ma’rifiy uchrashuvlarida Vatanga sadoqat, mehr-oqibat, inson qadri va jamiyatdagi hamjihatlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik, mustaqillik ne’matining qadr-qimmati hamda bugungi farovon hayot uchun shukronalik tuyg‘ulari haqida fikr almashdi. Iste’dod egalarining she’ru qo‘shiqlari barchaga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.

Jalaquduq tumanidagi tarixiy maskan — Qutayba ibn Muslim ziyoratgohida “Ziyorat odobi” loyihasi amalga oshirildi. Tadbir davomida xalqimizning yagona maqsad va ezgu g‘oyalar atrofida birlashishi, milliy qadriyatlar, o‘zaro hurmat va hamjihatlikning jamiyat hayotidagi ahamiyati haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, turli millat vakillarining qadriyatlari, urf-odatlari va madaniyatini aks ettiruvchi kuy-qo‘shiq hamda raqslar namoyish etildi.

Viloyatning eng chekka hududlaridan bo‘lgan Qo‘rg‘ontepa tumanidagi bayram tadbirlari ham yuqori saviyada o‘tkazildi. Andijoncha kuy-qo‘shiqlar, ichakuzdi hangomalar va dilbar she’rlar bayram shukuhini yanada jonlantirdi. O‘zbekiston xalq artisti Muhammadsoli Yusupov ijrosidagi serqirra monologlar milliy madaniy markazlar vakillarining raqslariga ulanib ketdi. Tumanda istiqomat qiluvchi qozoq, qirg‘iz, tojik va rus millatiga mansub yurtdoshlarimizning qo‘l mehnati ko‘rgazmalari, shuningdek, milliy taomlarning noyob namunalari istiqlol bayrami tantanalariga alohida fayz bag‘ishladi. Yurtimizdagi hamjihatlik va bag‘rikenglik muhiti “Andijon polkasi”ga o‘ynagan 16 millat vakillarining raqslarida o‘z aksini topgan bo‘lsa, istiqlol shukronasi mana shu millat vakillarining jajji nabiralari o‘zbek tilida aytgan she’rlarda yanada jarangdor yangradi.

Ayniqsa, “Mustaqillik bizga nima berdi?” mavzusidagi seminar-treningda faol ishtirok etgan yurtdoshlarimizning dil so‘zlari e’tiborga loyiq. Yoshlarning “Mustaqillik xorijiy tanlovlar g‘olibi bo‘lishimga yo‘l ochdi”, o‘qituvchilarning “Farzandim test savollariga to‘liq javob topib, o‘z bilimi bilan oliygohga o‘qishga kirdi”, otaxonlarning “O‘zim yetishtirgan poliz mahsulotlarini eksport qilish imkoniyatiga ega bo‘ldim”, usta tadbirkorning “Men qurgan imorat va maktablarda bolalarim ta’lim olmoqda”, deb ko‘zi yashnab bergan javoblarini eshitib, inson qadriga e’tibor naqadar kuchli qanot berishiga yana bir bor amin bo‘ldik.

Marhamat tumanining Qoraqo‘rg‘on mahallasi aholisi bilan “Shukronalik” loyihasi doirasida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda tadbirkorlar Marg‘ubaxon Ergasheva hamda Sirojiddin Homidovning dil so‘zlarini tingladik. “Bolalarim bilan bichish-tikish, tomorqa mehnatini birga bajaramiz, ayollar kiyimlari, ro‘molu ko‘ylaklar tikamiz. Mana shunday bayramlarda esa hamqishloqlarimizni yo‘qlab, birgalikda nishonlab yuribmiz”, deydi Marg‘ubaxon. Usta tadbirkor Sirojiddin esa uzumning besh xil navini ko‘paytirib, payvand qilgani va yuqori hosil olganini, hayitu ayyomlarda ehtiyojmand oilalar va maktab o‘quvchilariga bayram hadyalari ulashib kelayotganidan faxrlanishini so‘zlab berdi. Mahalla faollaridan Nargizaxon Oxunova oilalarning ahil va inoq yashashida mahalladagi “Oqila ayollar” kengashiga a’zo buvijonlarning samarali mehnati, pandu nasihatlari va ijobiy ishlari haqida gurung berdi.

Mahallaning Hunarmandlar ko‘chasida yashovchi Salohiddin aka va Shohistaxon opaning hovlisiga kirgan odamning hayrati oshadi. Bor-yo‘g‘i 12 sotix yerda yetishtirilgan uzumlar hosilini ko‘rib, chiroyli so‘ritoklarda orasta xomtok qilingan, sochdek o‘rib parvarishlangan qator-qator uzum novdalariga, bargidan-da ko‘proq hosil tukkan marvariddek uzumzorga qarab, insonning bunyodkorligiga qoyil qolasiz. Salohiddin aka “Andijon-pobeda”, “Kelinbarmoq”, “Kattaqo‘rg‘on”, “F-1”, “Doroyi”, “Qizil uzum”, “Qora uzum”, “Mersedes”, “Husayni” singari uzum navlarining xususiyatlarini ta’riflar ekan, bundan 54 yil ilgari bobosi Homidxon ota ekib ketgan navlar yaxshi parvarish tufayli bugun ham juda salmoqli hosil berayotganini ta’kidladi. Homidxon bobo va Yusufjon otaning izidan borayotgan uchinchi avlod uzumchi sohibkorlar oilasining Kamoliddin, Nuriddin, Jaloliddin, Sirojiddin singari o‘g‘illarining ham hovlilari uzumzor ishkomlar bilan to‘la. Ota-bobolaridan meros dehqonchilik ilmi orqali o‘g‘illar yetishtirgan hosil bugungi kunda xorijga eksport qilinayotgani haqida faxr bilan so‘zlab berishdi.

Mahalla raisi bizni tadbirkor Eminjon Ibragimov xonadoniga boshladi. Hovlining boshidan-oxirigacha gulu rayhonga ko‘milgan sarhadida saf-saf ishkomlarda tovlangan qora uzumlar, quyosh nurida yarqiragan husayni uzumlari, dasta-dasta gullardek qatorlashgan anjir daraxtlari, shoxlari yerga tegay-tegay deb turgan jonoqi olmalarga qarab, inson qo‘li gul ekaniga, rizqu baraka halol mehnatning asosi ekaniga yana bir karra ishonch hosil qilasiz.

Marhamatda mustaqillik kuychisi, O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf haqida gapirmaslikning iloji yo‘q. Shoirning umr bo‘yi orttirgani — yagona topgan-tutgani va boyligi — Vataniga muhabbati benihoya edi. Uning kindik qoni to‘kilgan yurtda hammamiz — O‘zbekiston xalq artisti Zamira Suyunovadan tortib, yosh va iqtidorli san’atkor Iroda Iskandarovagacha butun zal bilan jo‘r bo‘lib, shoirning o‘tli satrlarini birga takrorladik:

Men dunyoni nima qildim,

O‘zing jonu jahonim,

O‘zim xoqon, o‘zim sulton,

Sen taxti Sulaymonim.

Yolg‘izim, yagonam deymi,

Topingan koshonam deymi?

O‘zing mening ulug‘lardan

Ulug‘imsan, Vatanim!

Andijon mo‘jizasi

Festival doirasida poytaxt va vodiy shoiru san’atkorlari ishtirokidagi eng katta gala-konsert Yangi Andijon shahrida — Bobur shaharchasida bo‘lib o‘tdi.

Yuraklarni larzaga solgan orkestr sadolari ostida uch ming kishilik amfiteatrga kirib kelgan harbiylar Vatan haqida kuylaganda yoshu qari — barcha ularga jo‘r bo‘ldi.

Qaqrab yotgan adirliklar bag‘rida Prezidentimiz tashabbusi bilan qad rostlagan ko‘rkam va fayziyob Bobur shaharchasiga kirib borarkanmiz, yo‘lning ikki tomonidagi nurafshon chiroqlar ostida o‘rnatilgan yuzlab pannolarga ko‘zimiz tushdi. Ularda Andijon farzandi, buyuk davlat arbobi va sarkarda Zahiriddin Muhammad Boburning g‘azallaridan misralar bitilgan bo‘lib, ularni qiziqish bilan o‘qib bordik. Bog‘ning ichkarisida esa har yuz metr masofada, sarvdek tik daraxtlar orasiga o‘rnatilgan maxsus moslamalardan Bobur g‘azallari bilan aytilgan qo‘shiqlar ohista yangrab turadi. Har bir bekatdagi maxsus o‘tovsimon ayvonchalarda Abdulhamid Cho‘lpon va Muhammad Yusufning o‘tli satrlari yozilgan taxtachalar o‘rnatilgan.

Yaqin kelajakda umumiy maydoni 4000 gektarni tashkil etadigan ushbu shaharning 1439 gektar maydonida 2000 ta ko‘p qavatli turar joy va savdo maskani qad rostlaydi. Shuningdek, 223 gektar qismida xizmat ko‘rsatish obyektlari, 1820 gektarda yashil hududlar tashkil etilishi, yo‘llar va boshqa infratuzilma obyektlari esa umumiy 499 gektar maydonni egallashi rejalashtirilgan. Qurilishlar poyoniga yetgach, shaharchada 410 mingdan ziyod kishi yashashi mumkinligi haqida eshitib, juda qisqa muddatda 130 ta turar joy binosiga 12 ming xonadon ahli ko‘chib kirgani, bu yerda bolalar maydonchasidan tortib, maktabu poliklinikagacha taxt holda aholiga xizmat ko‘rsatayotgani asl mo‘jizaning o‘zi ekanini teran anglab yetasiz.

Shaharchadagi bunyodkorlik ishlari boshlanib ketgach, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan unga Bobur nomining berilishi ziyolilar va keng jamoatchilikning ko‘nglidagi niyatga hamohang bo‘ldi. Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk ajdodlarimiz xotirasiga ko‘rsatilayotgan bunday ehtirom o‘zligimizni anglash, yosh avlodning ulug‘ bobolarga munosib va ilm-ma’rifatli bo‘lib ulg‘ayishiga xizmat qilishining amaldagi ifodasidir.

Viloyatda qancha tashkilot bo‘lsa, barchasi erta tongdan ishni Bobur shaharchasidagi o‘ziga biriktirilgan hududni obodonlashtirishdan boshlashini ko‘rdik.

Anvoyi, nurafshon yoritqichlar og‘ushida charaqlab turgan shaharchaning adog‘ida yoniq munchoqdek terilgan shoda chiroqlardan bu yil yangi uyga ko‘chib o‘tib, xonadon to‘ylarini o‘tkazgan aholining uylari ekanini bildik. Turli attraksionlarning aylana bo‘lib porlagan yog‘dulari jajji bolalarimiz uchun kichik sayilgohlar ekanini, shuningdek, ikki tarafi gullar bilan o‘ralgan naqshinkor o‘rindiqlarga to‘la shinam yo‘laklarni tomosha qilib, “Andijon mo‘jizasi O‘zbekistondagi adolatli islohotlarning aynan o‘zidir!” degimiz keldi.

Andijondan qaytar ekanmiz, o‘zbek san’ati iftixori, O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayevning “Andijon tomonlarda” hamda betakror ovoz sohibi Ozodbek Nazarbekovning “Anjanchasiga” qo‘shiqlarini zavq bilan kuylayotgan Sherali Jo‘rayev nomidagi musiqa va san’at oliy maktabining bo‘lajak o‘quvchilari ko‘z oldimdan o‘tdi.

O‘z saltanatida adlu iymon tamoyillarini o‘rnatgan, davlat va harbiy boshqaruv san’ati asoschisi, ota yurtni yuksak rivojlangan sivilizatsiya markaziga aylantirgan Sohibqiron Amir Temurning hayotiy faoliyatini qator-qator romanlari orqali biz kitobxonlarga yetkazib berayotgan ustozimiz, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Alining hayotbaxsh satrlarini esladim.

Yana Andijonning ikki iqtidorli qizi haqida ham aytgim keldi. O‘zbekiston Qahramoni, xalq artisti Munojat Yo‘lchiyeva san’atni va uning oliy darajadagi ko‘rinishi bo‘lgan maqomni butun dunyoga targ‘ib etmoqda. Yoniq misralari va dilbar hikoyalari bilan elimiz olqishiga sazovor bo‘lgan hassos shoira, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Munavvara Usmonovaning ijod namunalari esa xalqimizning san’ati va adabiyotiga ko‘rku ziynat bag‘ishlamoqda.

Zahiriddin Muhammad Boburning “Shukr qilsang, ne’mat farovon bo‘lur” degan hikmatlari shukronani saodat bilgan, to‘yga to‘yona bilan kelayotgan, mehnatu shijoatidan baraka topgan Andijon odamlarining farovon hayotiga mengzab aytilgani ham rost!

Topganingiz to‘yga buyursin, aziz andijonliklar! Mustaqillik bayramingiz muborak bo‘lsin!

Sayyora TO‘YCHIYEVA,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi