Shuningdek, mamlakatimizda qora metallurgiya sanoatini yanada rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Bekobod nafaqat Toshkent viloyati, balki O‘zbekiston sanoatining yirik tayanch nuqtalaridan biri. Mamlakatimiz metallurgiya tarmog‘ining shakllanishi va taraqqiyotida alohida o‘rin tutadigan strategik shahar. Yillar davomida ishlab chiqarish quvvatlari, muhandislik salohiyati hamda malakali kadrlar maktabi bilan tanilgan Bekobod shahri bugun mutlaqo yangi rivojlanish bosqichiga qadam qo‘ymoqda. 110 ming yurtdoshimiz istiqomat qilayotgan hududda endilikda sanoat korxonalari modernizatsiyasi, yangi investitsiya loyihalari bilan bir qatorda zamonaviy infratuzilma, qulay transport tizimi, aholi hayot sifatini oshirishga qaratilgan yechimlar ham taraqqiyotning muhim mezoniga aylangan.
Ayniqsa, hududlar o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, aholining erkin harakatlanishi uchun zamonaviy transport infratuzilmasini yaratish masalasi doimiy diqqat markazida. Temir yo‘l transportini izchil rivojlantirish, ichki yo‘nalishlarda qatnovlar geografiyasini kengaytirish, yo‘lovchilar uchun xavfsiz, tezkor va qulay xizmatlarni yo‘lga qo‘yish, xususan, yirik sanoat markazlarini poytaxt bilan zamonaviy transport orqali bog‘lash ishlab chiqarish, ta’lim va xizmatlar sohasidagi integratsiyani yanada kuchaytirishga yo‘l ochmoqda.
Shu ma’noda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Bekobod shahriga Toshkentdan elektropoyezdda yetib kelgani alohida ahamiyat kasb etadi.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlar Prezidentimizning 2025-yil 27-dekabrdagi “2030 yilga qadar temir yo‘l transportida mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashish ko‘rsatkichlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida izchil amalga oshirilmoqda. Ushbu hujjatga muvofiq, hududlarda transport infratuzilmasi bosqichma-bosqich yangilanib, mahalliy qatnovlar kengaytirilmoqda, harakat tarkiblari yangilanyapti.
Bekobod temir yo‘l vokzalida davlatimiz rahbariga poytaxt va mazkur shaharni bog‘lovchi yangi yo‘nalishda bajarilgan ishlar haqida axborot berildi. Uzunligi 192 kilometr bo‘lgan Toshkent — Bekobod temir yo‘lida kuniga qariyb ming, yiliga esa 300 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish rejalashtirilgan. Ushbu yo‘nalishda olti vagondan iborat, 586 yo‘lovchini sig‘dira oladigan zamonaviy elektropoyezd soatiga 120 kilometrgacha tezlikda harakatlanadi. Bu, ayniqsa, har kuni ish va o‘qish maqsadida poytaxt hamda Bekobod o‘rtasida qatnovchi fuqarolar uchun qimmatli vaqtini tejash, qo‘shimcha qulayliklardan bahramand bo‘lish imkoniyati demakdir.
Yangi elektropoyezd vagonlari konditsioner va isitish tizimlari, yumshoq o‘rindiqlar, USB quvvatlash nuqtalari, Wi-Fi tarmog‘i, videokuzatuv vositalari hamda elektron axborot tablolari bilan jihozlangan. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus ko‘targichlar, velosipedlarni joylashtirish imkoniyati ham nazarda tutilgan. Bu kabi o‘ziga xos yechimlar orqali esa, o‘z navbatida, transport xizmatlari zamonaviy talablar darajasiga olib chiqilib, aholining barcha qatlamlari uchun qulay va inklyuziv muhit yaratilyapti.
Tezkor elektropoyezdning qatnovga qo‘yilishi avtomobil yo‘llaridagi transport yuklamasini kamaytirish, shuningdek, ekologik toza transport ulushini oshirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.
Prezidentimiz tashrif davomida mazkur jihatlarga to‘xtalib, temir yo‘l infratuzilmasini yanada rivojlantirish, yo‘lovchilar uchun yaratilayotgan sharoitlarni izchil yaxshilash, tarmoqlarni elektrlashtirish va temir yo‘llarga tutash hududlarni obodonlashtirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi. Vokzal infratuzilmasini takomillashtirish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish hamda yo‘lovchilar harakatini samarali tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shundan so‘ng davlatimiz rahbari O‘zbekiston metallurgiya kombinatida barpo etilgan yangi quyuv-prokatlash majmuasini ishga tushirish marosimida ishtirok etdi.
Mamlakatimiz yetakchisi tantanali marosimda kombinat jamoasi, mehnat faxriylari hamda xorijlik hamkorlarni ushbu muhim voqea bilan tabriklab, metallurgiya tarmog‘ini rivojlantirish iqtisodiyotimizning strategik yo‘nalishlaridan biri ekanini alohida ta’kidladi.
Keyingi yillarda kon-metallurgiya sohasini yangi texnologik bosqichga olib chiqish maqsadida keng ko‘lamli islohotlar o‘tkazilmoqda. O‘tgan o‘n yil davomida sohaga qariyb 2 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etilib, 31 ta yirik ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi. Xususiy sektor uchun yaratilgan keng imkoniyatlar natijasida tarmoqda faoliyat yuritayotgan korxonalar soni 150 tadan oshdi. Bunday o‘zgarishlar ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarida ham yaqqol namoyon bo‘ldi. Mahalliy metall mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi yiliga 3 million tonnaga, qiymati esa 23 trillion so‘mga yetdi. Holbuki, 2016-yilda tarmoqda 800 ming tonna, qiymati 1,5 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan edi.
Metallurgiya tarmog‘ining bugungi taraqqiyoti mahsulot nomenklaturasi sezilarli darajada kengaygani bilan ajralib turadi. Ilgari asosan qurilish sohasi ehtiyojlari uchun metall prokat ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bugungi kunda mashinasozlik, elektrotexnika, mudofaa sanoati va energetika kabi jadal rivojlanayotgan ¬yo‘nalishlar uchun 80 turdagi yangi mahsulot tayyorlanmoqda.
Prezidentimiz metallurglar mehnati yangi O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasini yaratish, yirik bunyodkorlik loyihalarini ro‘yobga chiqarish va iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror rivojida muhim o‘rin tutayotganini alohida qayd etdi.
Davlatimiz oldiga qo‘yilgan ulkan iqtisodiy maqsadlar metallurgiya sanoati zimmasiga ham yangi vazifalarni yuklamoqda. Mamlakatimiz iqtisodiyotini texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish, 2030-yilga borib, yalpi ichki mahsulot hajmini 240 milliard dollarga yetkazish, kelgusi besh yilda iqtisodiyotga 180 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish, 27 milliard dollarlik ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi loyihalarini amalga oshirish kabi ulkan bunyodkorlik rejalari metall mahsulotlariga talabni bugungidagiga nisbatan 1,5 barobar oshiradi. Shu bois, 5,5 mingdan ziyod fidoyi mehnat jamoasiga ega O‘zbekiston metallurgiya kombinatining o‘rni va mas’uliyati yanada ortmoqda.
Yangi quyuv-prokatlash majmuasi ana shu istiqbolli vazifalarni bajarishda muhim tayanch bo‘ladi. Energiyatejamkor texnologiya va zamonaviy raqamli yechimlar asosida bunyod etilgan majmua mehnat unumdorligini va mahsulot sifatini oshirish hamda ishlab chiqarish samaradorligini ta’minlashda yangi bosqichni boshlab beradi. Eng muhimi, loyiha yurtimiz tarixida issiq prokatlangan po‘lat listlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan birinchi majmuadir. Uning ishga tushirilishi natijasida yiliga 8 trillion so‘mlik 1 million tonna issiq prokatlangan po‘lat list ishlab chiqariladi, Toshkent va Samarqand metallurgiya zavodlarining prokat listlarga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq qoplanadi hamda 1200 ta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.
Tantanali marosimda Prezidentimiz majmua qurilishida ishtirok etgan quruvchi va muhandislar, texnolog va mashinistlar, ishchi-xodimlar, mehnat faxriylari hamda xorijlik hamkorlarga samimiy minnatdorlik bildirdi. Shu bilan birga, kombinatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari ham belgilab berildi. Xususan, korxonaning xomashyoga ehtiyojini mahalliy resurslar hisobidan ta’minlash eng muhim vazifa ekani aytildi.
Mamlakatimiz hududlarida 1,5 milliard tonna temir rudasi zaxirasi mavjudligi ta’kidlanib, yaqin uch-to‘rt yilda Tebinbuloq konini ishga tushirish orqali yiliga 1 million tonna po‘lat ishlab chiqarish, Surunota konidagi ma’danlarni boyitish hisobiga esa yiliga 600 ming tonna temir xomashyosi olish yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilindi. Ushbu xomashyoni chuqur qayta ishlash maqsadida kombinatda qiymati 180 million dollarlik zamonaviy metallurgiya zavodi qurilishi boshlanadi.
Kelgusi uch yilda 30 million dollar investitsiya hisobiga po‘lat sharlar ishlab chiqarish liniyalari bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinib, ularning quvvati 250 ming tonnadan 500 ming tonnagacha oshiriladi. Kombinat hududida O‘zbekiston ekologik-texnologiyalar sanoat parki tashkil etilishi ham ko‘zda tutilgan. Joriy yilning o‘zida mazkur sanoat parkida katta diametrli quvurlar, ko‘tarma kranlar va filtrlash uskunalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, umumiy qiymati 70 million dollar bo‘lgan 6 ta loyiha boshlanadi. Ularning amalga oshirilishi natijasida yana 660 ta yuqori daromadli ish o‘rni ochiladi.
Mamlakatimiz yetakchisi metallurgiya og‘ir, shu bilan birga, sharafli kasb ekanini ta’kidlab, kombinat jamoasining mashaqqatli va fidoyi mehnati yuksak ehtiromga sazovorligini qayd etdi. Salkam bir asrlik tarixga ega korxonada ustoz-shogird an’anasi asosida shakllangan tajriba maktabi ko‘plab mehnat jamoalari uchun ibrat ekani alohida urg‘ulandi.
Davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosib, yangi quyuv-prokatlash majmuasi faoliyatiga tantanali ravishda start berdi hamda soha faxriylari, kombinat xodimlari va xorijlik hamkorlar bilan samimiy muloqot qildi.
Prezidentimiz O‘zbekiston metallurgiya kombinati quyuv-prokatlash majmuasining yagona boshqaruv pulti orqali metalni prokatlash jarayonlarini ko‘zdan kechirdi. Zamonaviy raqamli yechimlar asosida tashkil etilgan boshqaruv markazi ishlab chiqarishning barcha asosiy bosqichlarini yagona tizim orqali muvofiqlashtirish, texnologik jarayonlar uzluksizligi va samaradorligini ta’minlash imkonini bermoqda.
Keyingi yillarda kombinatni modernizatsiyalash, ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish va iqtisodiy samaradorligini oshirish bo‘yicha izchil ishlar bajarildi. Natijada kombinatning sof foydasi 2017-yildagi 14 million dollardan 2025-yilga kelib, 23 million dollarga yetdi.
Prezidentimiz 2018-yil 29-avgust kuni Bekobod shahriga tashrifi chog‘ida aynan mazkur quyuv-prokatlash majmuasi qurilishi loyihasiga tamal toshini qo‘ygan edi. Umumiy qiymati 839 million dollarni tashkil qiladigan majmua 18 gektar maydonda barpo etildi. Kelgusida bu yerda mahsulot ishlab chiqarish hajmini 2 million tonnaga yetkazish, qo‘shimcha ravishda 1,04 million tonna o‘ramli po‘lat list prokati ishlab chiqarish hamda kombinatdagi jami ish o‘rinlari sonini 7 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan.
Majmuada Italiyaning “Danieli” kompaniyasi tajribasi asosida ilk bor uzluksiz po‘lat quyish uskunasi boshqa barcha texnologik jihozlar bilan integratsiya qilinib, yagona pult orqali boshqarilmoqda. Mazkur texnologik yechim ishlab chiqarish jarayonlarini markazlashtirilgan holda nazorat qilish, uskunalar faoliyatini muvofiqlashtirish va samaradorlikni oshirish imkonini yaratadi. Avvalgi texnologiyalarda 4-5 ta boshqaruv pultidan foydalanilgan va ularda 9 xodim mehnat qilgan bo‘lsa, bugungi kunda yagona boshqaruv tizimi orqali butun jarayonni atigi 3 mutaxassis nazorat qilmoqda.
Davlatimiz rahbari ushbu tizimni yanada takomillashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratib, yagona boshqaruv platformasiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali majmuaning barqarorligi va iqtisodiy samaradorligini yanada oshirish zarurligini ta’kidladi. Zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqarish jarayonlariga keng tatbiq etish korxonaning raqobatbardoshligini mustahkamlash bilan birga mahsulot sifati va mehnat unumdorligini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Majmuaning texnologik imkoniyatlari bilan tanishuv chog‘ida uskunalar xavfsizligi va tezkorligi bo‘yicha ushbu loyiha Markaziy Osiyoda o‘ziga xos hamda muqobili yo‘q ekani bildirildi. Xususan, ishlab chiqarish jarayonini to‘xtatmagan holda, inson omili ishtirokisiz asosiy vallarni avvalgi 30-40 daqiqa o‘rniga atigi 5-7 daqiqada avtomatik ravishda almashtirish imkoniyati yaratilgani zamonaviy texnologik yechimlarning muhim afzalliklaridan biridir.
Prezidentimiz list prokatidan tayyorlangan mahsulotlar namunalarini ko‘zdan kechirdi. Mutasaddilar tomonidan issiq prokatlangan list mahsuloti asosida shakllanayotgan qo‘shilgan qiymat zanjiri, respublikamizda ishlab chiqarishni o‘zlashtirish tavsiya etilayotgan yangi mahsulot turlari yuzasidan axborot berildi. Qurilish sohasida armatura mahsulotlari muomalasini tartibga solish, qurilish obyektlarida qora metall prokatidan foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirish hamda seysmik xavfni kamaytirishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar haqida ham batafsil ma’lumot taqdim etildi.
Mamlakatimiz yetakchisining Bekobodga tashrifining asosiy voqealaridan biri, shubhasiz, qora metallurgiya sanoatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘ldi. Negaki yig‘ilish mavzusi dolzarb, ko‘tarilgan masalalar e’tiborga molik. Qora metallurgiya temir, cho‘yan, po‘lat va ularning qotishmalarini qazib olish, qayta ishlash va ishlab chiqarishga ixtisoslashgan og‘ir sanoatning asosiy tarmog‘idir. Qurilish, mashinasozlik, avtomobilsozlik va infratuzilma kabi sohalar uchun boshlang‘ich xomashyo va tayyor mahsulotlar aynan shu tarmoq rivojiga bog‘liq. So‘nggi yillarda mamlakatimizda qurilish-bunyodkorlik ishlari ko‘lami tobora ortib borayotgani, mashinasozlik va avtomobilsozlik sanoati jadal taraqqiy etayotganini inobatga olsak, qora metallurgiya tarmog‘i ahamiyatini yanada chuqurroq anglay boshlaymiz.
Biz 2030 yilda yalpi ichki mahsulotni 240 milliard dollarga yetkazishni mo‘ljallaganmiz. Buning uchun esa 8-9 foizli o‘sish talab etiladi. Demak, qora metallurgiya, umuman, metallurgiya sanoatiga e’tibor ayni zarurat.
Shu bois, yig‘ilishda tarmoqda importga bog‘liqlik, tannarx va energiya sarfi yuqoriligi, raqamlashtirish va sun’iy intellektni joriy qilish borasidagi ishlarda kamchiliklar borligi ko‘rsatib o‘tildi. Bu jarayon, ayniqsa, dunyoda kuzatilayotgan ziddiyatlar yoki tashish muammolari mavjud davrda juda muhim.
Qolaversa, so‘nggi o‘n yilda mamlakatimizda po‘lat list, navli prokat, quvurlar va metall konstruksiyalarga ehtiyoj 3 karra ortib, 5,5 million tonnaga yetdi. Yangi qurilayotgan atom elektr stansiyasi, to‘rtinchi mis boyitish fabrikasi va yangi mis eritish zavodining o‘ziga 2,5 million tonnaga yaqin po‘lat list hamda armatura zarur.
Kelgusi besh yil davomida 180 milliard dollarlik yangi quvvatlar ishga tushiriladi. 27 milliard dollarlik infratuzilma loyihalari amalga oshirilib, 800 ming xonadonli ko‘p qavatli uy-joylar barpo etiladi. Natijada metall mahsulotlariga yillik ehtiyoj 2030 yilgacha 1,5 barobar ko‘payib, 8 million tonnadan oshadi. Bular, tabiiyki, mamlakatimizning yirik ishlab chiqaruvchisi — Bekobod metallurgiya kombinati jamoasi zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Zamon bilan hamqadam bo‘lishni, ilg‘or texnologiyalarni amalda qo‘llash ishlarini jadallashtirishni taqozo etadi.
Ayni paytda kombinatda metall prokatning 40 foizi ikkilamchi metall, 60 foizi import hisobidan ishlab chiqarilmoqda. Respublikamiz bo‘yicha har yili 700 ming tonna qora metallolom kombinatga topshirilayotgan bo‘lsa-da, yana 500 ming tonnasi xufiyona aylanmada qolmoqda.
Metallurgiya sohasida 150 ga yaqin o‘rta va kichik xususiy korxona faoliyat yuritmoqda. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, yig‘ilishda davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan taklif va masalalar faqat ushbu tarmoqqa tegishli emas. Ular mamlakatimiz kelajagi, iqtisodiyotimiz barqarorligi, sanoatimiz salohiyati yo‘lidagi eng muhim va kerakli tashabbuslardir. Masalan, qora metall aylanmasi bilan bog‘liq barcha jarayonlar elektron platforma orqali real vaqt rejimida monitoring qilinadi. Sog‘lom raqobat muhiti va narx barqarorligini ta’minlash, ta’sirchan nazorat mexanizmlarini o‘rnatish maqsadida alohida Loyiha ofisi tashkil etiladi. 1 avgustdan “E-lom” elektron platformasi ishga tushirilib, qora metall aylanmasi nazorati yo‘lga qo‘yiladi.
Ayni paytda mamlakatimizda 1,5 milliard tonna temir ruda zaxirasi mavjud. Xitoylik hamkorlar bilan Surunota konidan yiliga 650 ming tonna temir xomashyosi olish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Tebinbuloq konini ishga tushirish orqali esa yiliga 1 million tonna po‘lat ishlab chiqarish imkoni yaratiladi. Tojikiston metallurgiya kombinatidan yiliga 700 ming tonna temir xomashyosi olib kelinadi. Yig‘ilishda bu ishlarni tezlashtirish zarurligi qayd etildi. Qolaversa, geologiya-qidiruv ishlaridan tortib, tayyor mahsulotgacha bo‘lgan jarayon zanjirini yaratish ham ayni muddao.
Metall mahsulotlari turini ko‘paytirish, yirik kombinatlar va xususiy korxonalar o‘rtasida kooperatsiyani kuchaytirish masalalari e’tibordan chetda qolmadi. Bekobod metallurgiya kombinatida tashkil etiladigan O‘zbekiston ekologik texnologiyalar sanoat parki va u yerda qora metallar bo‘yicha R&D markaz va xalqaro sertifikat beradigan zamonaviy laboratoriya ishga tushirilishi bunda qo‘l keladi.
Shuningdek, Samarqand, Jizzax, Namangan va Sirdaryodagi yirik metallurgiya korxonalari atrofida jami
100 million dollarlik kooperatsiya loyihalari dasturini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Metallurgiya korxonalarida sun’iy intellekt va raqamlashtirish orqali uskunalardan foydalanish samaradorligini 20 foiz oshirish, tannarxni 10 foiz, energiya sarfini 15 foiz, texnik xizmat xarajati va texnologik uzilishlarni 20 foiz qisqartirish bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi metallurgiya sanoatiga “aql markazi” sifatida belgilandi. Shuningdek, sohaga Navoiy va Olmaliq kombinatlarining ilmiy markazlari, texnologik metallar kombinatining O‘zbekiston — Koreya ilmiy-texnologik markazi, Toshkent davlat texnika universiteti, Navoiy konchilik va texnologiyalar universiteti, Olmaliq texnika instituti hamda Moskva po‘lat va qorishmalar institutining Olmaliq filiali biriktirildi. Ular bozorni o‘rganadi, loyihalarni yo‘naltiradi, kadrlar ehtiyojini tahlil qiladi. Bir so‘z bilan aytganda, sanoatga ilm uyg‘unlashadi.
Yangi o‘quv yilidan Bekobod metallurgiya kombinatida qora metallurgiya bo‘yicha kafedra ochilib, dual ta’lim yo‘lga qo‘yiladi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazida shu sohaga tegishli muammolarni bir joyga jamlaydigan raqamli platforma ishga tushiriladi. Ilmiy ishlanmalarni moliyalashtirish va amaliyotga joriy qilish bo‘yicha venchur fond tashkil etiladi.
Qisqasi, endi bu yo‘nalishda ham ishlar yangicha tus olib, davrga mos loyihalar ro‘yobga chiqariladi. Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, sohada “texnologik sakrash” bo‘ladi.
Yig‘ilishda soha mutasaddilari va hududlar rahbarlari hisobotlari ham tinglandi.
Bekobod shahriga tashrifning navbatdagi manzili Do‘stlik mahallasi bo‘ldi. Mamlakatimiz yetakchisi ushbu mahalla va Xosyoz kanali bo‘yida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Bekobodliklar yaxshi biladi, ilgari Xosyoz kanalining bo‘yi qarovsiz, tartibsiz bir ahvolda edi. Keyingi yillardagi o‘zgarishlar, joylarda infratuzilmani yaxshilashga qaratilgan islohotlar sabab Xosyoz kanali bo‘yi eng go‘zal go‘shalardan biriga aylandi.
Ushbu manzilni kompleks rivojlantirish uchun master-reja doirasida piyodalar uchun 3 kilometr uzunlikda maxsus yo‘lak va 5,4 kilometr mustahkam to‘siqlar barpo etildi. Bundan tashqari, 2 ta ko‘prik qurildi. Shu kabi ishlar natijasida kanal bo‘yi barcha qulayliklarga ega zamonaviy ekologik hududga aylandi. Bu esa bekobodliklar quvonchiga sabab bo‘lmoqda. Negaki endi ular mahallasidan uncha uzoq bo‘lmagan joyda bemalol sayr qilib, hordiq chiqarishi mumkin. Buning uchun loyiha doirasida sohil bo‘yida 27 ta yangi savdo va zamonaviy xizmat ko‘rsatish obyekti ochilgan. Muhimi, ushbu obyektlar sabab 167 ta yangi doimiy ish o‘rni yaratildi.
Davlatimiz rahbari bu yerda sport bilan shug‘ullanayotgan yoshlar bilan suhbatlashdi.
Hududi 28 gektar bo‘lgan Do‘stlik mahallasida hozir 33 ta ko‘p qavatli uy, xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti, futbol maydoni, 16 ta sport va bolalar maydonchasi va kutubxona bor. Bularni birma-bir ta’kidlayotganimizdan muddao shuki, mahallada yoshlarning har jihatdan sog‘lom va barkamol bo‘lib ulg‘ayishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
Tadbirkorlarga e’tibor sabab jamiyatimizda yaratuvchanlik ruhi bilan yashayotganlar safi kengayib bormoqda. Jumladan, joriy yilda tadbirkorlarning 1,1 milliard so‘m investitsiya mablag‘i hisobidan 10 ta xizmat ko‘rsatish obyekti, bitta umumiy ovqatlanish shoxobchasi ochildi. Natijada 25 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Qolaversa, tashabbuskorlar mablag‘lari hisobidan “Vatanparvar bog‘i” ham barpo qilindi. Unda harbiy texnika namunalari joylashtirilib, xizmat ko‘rsatish obyektlari qurildi.
Mahalla hududida Bekobod shahri muzeyi ham tashkil etilgan. Uni bunyod etishda “Tashabbusli budjet” mablag‘lari hisobidan foydalanildi. Ya’ni ushbu muzey xalq ovozi, ularning birdamlikdagi harakati evaziga vujudga keldi.
Xuddi shunday tashabbuslar, ezgu niyatlar tug‘iladigan yana bir manzil nuroniylar uchun yaratildi. Mahallada nuroniylar va mehnat faxriylarining dam olishi, uchrashuvlar o‘tkazib, davra suhbatlari qurishi, demakki, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar uchun yog‘och konstruksiyali yozgi shiypon qad rostladi.
Prezidentimiz mahallada aholi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, mahalla faollari va mehnat faxriylari bilan samimiy muloqot qildi.
— Barcha ishlarimiz, barpo etilayotgan obyektlarimiz va loyihalarimiz, avvalo, aholiga xizmat qilishi, insonlar hayotini yaxshilashi kerak. Odamlar o‘z mahallasida, shahrida kechayotgan o‘zgarishlarni his qilishi, samarasini kundalik hayotida ko‘rishi kerak.
Har safar hududlarga kelganimizda insonlar yangi O‘zbekiston islohotlari nafasini, uning yangilanish va taraqqiyot shabodasini his etishi zarur. Bekobod shahri ham mehnatkash va fidoyi aholisi, iqtidorli yoshlari, hayot tajribasiga ega nuroniylari bilan yanada obod va taraqqiy etgan maskanga aylanishi kerak.
Biz yoshlarimizning orzu intilishlari, nuroniylarimizning ezgu niyat va maqsadlari ro‘yobga chiqishi uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etamiz, — dedi Prezidentimiz.
Shu bilan Prezidentimizning Bekobod shahriga tashrifi yakunlandi.
Dilshod ULUG‘MURODOV,
Avazbek XUDOYQULOV,
“Yangi O‘zbekiston” muxbirlari